23:55 / 04.08.2021
4 229

Prezident yangi qaror qabul qildi


Foto: Prezident matbuot xizmati
Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilindi.

Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy gul navlarini parvarishlash, aholi o‘rtasida gulchilik san’ati sir-asrorlarini ommalashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida:
  • Respublikada gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini rivojlantirish, shu jumladan, gul yetishtirishda aholi bilan kooperatsiya munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, soha mutaxassislari malakasini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlariga ilmiy ishlanmalarni joriy etishda tadbirkorlarga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilindi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Gul yetishtiruvchilar uyushmasiga:
  • tadbirkorlik sub’ektlarini gulchilik va ko‘chatchilik bilan shug‘ullanishga qiziqtirish, ularni bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun o‘qitish, shu jumladan, xorijiy davlatlarda o‘qitish, shuningdek, bu jarayonga xorijiy mamlakatlardan malakali mutaxassislarni jalb qilish;
  • gulchilik sohasiga oid seminar, anjuman, yarmarka va ko‘rgazmalar tashkil qilish, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirokini ta’minlash;
  • xorijiy davlatlardan eksportbop gul navlarini parvarishlash uchun olib kelish va ularni mahalliylashtirish, shuningdek, parvarishlangan gullarni eksport qilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha yaqindan amaliy yordam ko‘rsatadi.
Gulchilikka ixtisoslashgan tumanlarda gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z faoliyatlarini kengaytirishlari uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha yer maydonlari ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga dehqon xo‘jaligini yuritish maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berish tartibida ajratiladi.

«Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida ajratilgan mablag‘larning kamida 10 foizi gulchilik loyihalarini tashkil qilish uchun ajratiladi;

«Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga ochiq maydonda hamda issiqxonalarda gul yetishtirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni o‘rgatish maqsadida Andijon, Jizzax va Namangan viloyatlarida har birining maydoni 2 sotix bo‘lgan 25 ta «Gulchilik o‘quv poligon»larini tashkil etish uchun 0,5 gektar yer maydoni tashabbuskor tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda) yoki ochiq elektron tanlov (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda) orqali ijaraga beriladi.

2021 yil 1 sentabrdan boshlab o‘rnatilgan tartibga muvofiq 2021-2024 yillarda yillik eksport tushumida gul eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni va 100 ming AQSH dollardan ko‘pni tashkil qiladigan tadbirkorlik sub’ektlarining xomashyo (gul ko‘chatlari, urug‘lari, piyozlari va payvandtaglari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.

2023 yil 1 yanvarga qadar tuganaklar, piyozboshlar, tuganaksimon ildizlar, tuganak piyozlar, ildizpoya, jumladan, vegetativ tinim holatidagi, vegetatsiya yoki gullash davridagi sertarmoqlari, boshqa tirik o‘simliklar (jumladan, ildizlari), qalamchalar va parxishi (TIF TN kodi 0601 va 0602) importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida Gulchilik magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident yangi qaror qabul qildi