Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvdan soʻng jurnalistlar bilan suhbatda muhim bayonot berdi. Uning soʻzlariga koʻra, Kiyev va Vashington Tomahawk qanotli raketalarni Ukrainaga yetkazib berish masalasini muhokama qilmagan — chunki AQSh “keskinlashuvni istamaydi”.
“Biz bu haqda gaplashmaslikka kelishib oldik. Amerika eskalatsiyani xohlamaydi”, — dedi Zelenskiy. Shu bilan birga, u Ukraina bu raketalarni olish niyati borligini taʼkidladi. “Men optimist yoki pessimist emasman — realistman”, — deb javob berdi u jurnalistlarning savoliga.
Ukraina rahbari Tramp bilan Rossiyadagi energetika obyektlariga zarba berish masalasini ham muhokama qilmaganini bildirdi. Unga koʻra, asosiy mavzular xavfsizlik kafolatlari va Ukraina uchun barqaror tinchlikni taʼminlash boʻlgan.
“Hatto agar oʻt ochishni toʻxtatishga erishsak ham, biz Putinning yangi tajovuziga tayyor turishimiz kerak. Shuning uchun AQShdan aniq xavfsizlik kafolatlari zarur boʻladi”, — dedi Zelenskiy.
Prezident hududiy masalalarni urushdagi “eng ogʻir nuqta” deb atadi. “Ruslar butun hududni egallab olishni xohlaydi. Ammo tinchlik muzokaralariga qadar ayrim kelishuvlarga erishish zarur. Birinchi qadam — oʻt ochishni toʻxtatish”, — dedi u.
Uchrashuvdan soʻng Zelenskiy Yevropa yetakchilari bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyaien, Germaniya kansleri Fridrix Merts, Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb hamda Buyuk Britaniya, Italiya, Norvegiya va Polsha bosh vazirlari, shuningdek NATO bosh kotibi Mark Ryutte ishtirok etdi.
Kuzatuvchilar fikricha, Zelenskiyning bu bayonoti Ukraina va AQSh oʻrtasidagi strategik munosabatlarda muvozanatni saqlashga qaratilgan diplomatik signal sifatida baholanmoqda — Vashington Kiyevni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda, ammo urushni yangi bosqichga olib chiqishni xohlamaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!