date

Jizzaxda IIB xodimidan pul talab qilgan ikki shaxs qoʻlga olindi

Jizzaxda IIB xodimidan pul talab qilgan ikki shaxs qoʻlga olindi

Jizzax viloyati, Zafarobod tumanida ichki ishlar organi xodimidan tovlamachilik yoʻli bilan pul talab qilgan ikki shaxs qoʻlga olindi. Maʼlumotlarga koʻra, voqea oddiy turmush holati orqali boshlangan, ammo tez orada jinoyiy harakatga aylangan.

Viloyat IIB maʼlum qilishicha, ichki ishlar xodimi oila aʼzolarini uyiga olib kelish maqsadida Telegram messenjeridagi mahalla guruhiga taksi kerakligi haqida xabar yozgan. Shu xabarni koʻrgan ikki mahalladosh — 2007 yilda tugʻilgan yigit va 1999 yilda tugʻilgan, probatsiya nazoratida boʻlgan shaxs — birgalikda tovlamachilik rejasini tuzgan.

Maʼlum boʻlishicha, ular xodim bilan gaplashib, uni ishdan boʻshatish bilan tahdid qilgan hamda mavjud ovozli yozuvlarni IIB rahbariyatiga yetkazmaslik evaziga dastlab 15 million soʻm, keyin esa 12 million soʻm talab qilgan.

Ammo xodim vaziyat haqida darhol rahbariyatiga maʼlum qilgan. Natijada Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi hamda Jizzax viloyati IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir tashkil etilgan.

Tadbir chogʻida tovlamachilar talab qilingan pulni olayotgan paytda qoʻlga olingan. Ular Zafarobod tumanida yashovchi mahalliy fuqarolar ekani maʼlum boʻlgan.

Tekshiruv jarayonida ular avval 6 va 8 oktabr kunlari 102 xizmatiga qoʻngʻiroq qilib, goʻyo ichki ishlar xodimi ularni haqorat qilganini aytgan, biroq soʻrovlarga javob bermaganligi aniqlangan.

Hozirda 18 va 26 yoshli fuqarolarga nisbatan Zafarobod tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov ishlari davom etmoqda.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, bu kabi holatlar fuqarolarning internetdagi masʼuliyatsiz xatti-harakatlaridan kelib chiqmoqda. Qonunni bilish va hurmat qilish har bir inson burchi boʻlib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jizzaxda IIB xodimidan pul talab qilgan ikki shaxs qoʻlga olindi