O‘zbekistonda tozalik va ozodalik oyligi doirasida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarining dastlabki ikki kunida chiqindi tashlash bilan bog‘liq 770 dan ortiq huquqbuzarlik holati qayd etildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlagan fuqarolar va tashkilotlarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, 15 oktyabr kuni mamlakat bo‘ylab 328 ta holat aniqlanib, huquqbuzarlarga 224,36 million so‘m jarima qo‘llanilgan.
16 oktyabr kuni esa 443 ta holat qayd etilgan bo‘lib, jami 310,34 million so‘m jarima belgilandi.
Shu bilan birga, 1095 ta korxona va fuqarolar bilan atrof-muhitni ifloslantirmaslik yuzasidan profilaktika suhbatlari o‘tkazilgan.
Ta’kidlanishicha, bunday tadbirlar orqali aholining ekologik madaniyatini oshirish va jamoat joylarida tozalikni ta’minlash maqsad qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!