11:25 / 31.05.2022
1 000

Kasodga uchrash arafasida turgan UFC’ni eng mashhur kompaniyaga aylantirgan Deyna Uayt haqida

Kasodga uchrash arafasida turgan UFC’ni eng mashhur kompaniyaga aylantirgan Deyna Uayt haqida
Bugungi kunga kelib UFC’ni ortiqcha ikkilanishlarsiz eng ommabop promoushen deb atash mumkin. U ham tomoshaboblik borasida, ham daromadda boshqalardan ancha ilgarilab ketgan. Istalgan MMA vakili borki, UFC bilan shartnoma imzolash uchun borini berishga tayyor. UFC oktagonlariga ko‘tarilish sportchiga daromaddan tashqari, yaxshigina mashhurlik ham olib keladi.

Habib Nurmagomedov, Konor Makgregor, Dastin Pore, Toni Fergyuson kabi nomlarni yakkakurash sport turlariga qiziqmaydigan insonlar ham umrida hech bo‘lmasa bir marta eshitgan. Promoushenning bugungi kundagi muvaffaqiyatlari esa bevosita tashkilot prezidenti Deyna Uayt nomi bilan bog‘liq. Quyida Uaytning bu joyga qanday kelib qolgani va muvaffaqiyat yo‘lida nimalarni boshdan o‘tkazgani haqida so‘z yuritiladi.

Foto: Getty Images
Kichik Deyna Uayt Manchesterda tug‘ilgan, u irland millatiga mansub. Uning ota-onasi Deyna va Jun Uayt bir joyda qo‘nim topishga juda qiynalgan, shu bois ular tez-tez bir joydan ikkinchisiga ko‘chib yurgan. Deyna maktab yoshiga yetganida katta Uayt oiladan ketadi, shu tariqa Jun ikki farzand — Uayt va Kellini yolg‘iz tarbiyalashga majbur bo‘ladi. Oila Texas, Las-Vegasdan tashqari, Levant va Hermon kabi kichik shaharlarda ham yashaydi. Uayt aynan ularning oxirgisida o‘rta maktabni tugatadi va 1987 yilda nufuzli Boston kollejiga o‘qishga kiradi.

Talaba Deyna hech vaqoga yaramasdi: darslarni sababsiz o‘tkazib yuborish, tartibga bo‘ysunmaslik va fanlarga beparvo munosabatda bo‘lishda unga teng kelib bo‘lmasdi. Uni faqat boks va sport akrobatikasi qiziqtirardi. Ikkinchi bosqichga kelib, Uayt o‘qishdan haydaladi va uning hayotida faqat sport bilan shug‘ullanish va boyib ketishga bo‘lgan kuchli istak qoladi.

«Odamlar mendan muvaffaqiyat haqida so‘rashganda, ularga doimo urinishlar haqida gapiraman. O‘zingizni turli sohalarda sinab ko‘rishingiz kerak. Har bir inson qaysidir sohada iqtidorga ega», — deydi Uayt.

Barda qo‘riqchilik qilib, tirikchilik uchun pul topishni boshlagan Deyna bolalar uchun seksiya ochadi, unda boks va akrobatika elementlarini birlashtirgan holda o‘zining mashqlar dasturini ishlab chiqadi. Bu narsa mashhurlikka erishadi va Dana White Enterprise sport zallari tarmog‘ining ochilishiga hissa qo‘shadi.

Ammo mahalliy reketirlar bunday muvaffaqiyatni e’tiborsiz qoldirmaydi va Deynadan katta miqdorda ulush talab qiladi. Mos ravishda Deyna buni rad etadi, natija 1990 yilda hujum bilan yakunlanadi. Uayt 15 daqiqa davomida kaltaklanadi va xiyobonga tashlab ketiladi. Tadbirkor ko‘plab jarohatlar bilan kasalxonaga yotqiziladi, eng ko‘p quloq sohasi zarar ko‘radi: shifokorlar unga Mener kasalligi (ichki quloq kasalligi) tashxisini qo‘yadi. Deyna operatsiyani boshdan kechiradi, biroq bu yordam bermaydi, aksincha ahvolni yanada og‘irlashtiradi. Ikkinchi marta jarrohlik stoliga yotish uchun Uayt Germaniyaga boradi va buning uchun 10 ming dollar to‘laydi.

Keyinchalik Deyna soliq bilan bog‘liq muammolarga duch keladi. Yakunda aynan shu sabab biznesini yopishga va Las-Vegasga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi.

«Juda yomon bo‘lgandi. Lekin sevimli gapim bor: faqatgina tobutdan chiqib bo‘lmaydi. Harakat qilishda davom etdim. O‘z biznesimni jang san’ati bilan bog‘lamoqchi edim. O‘shanda promouter bo‘lishga qaror qilgandim», — deya eslaydi Uayt.

Deyna bokschilarga menejerlik qiladi, ammo kelajak MMA’ga tegishli ekanligiga ishonchi komil edi
Las-Vegasda Deyna sport menejeri bo‘lish uchun tahsil oladi va tez orada bir qancha bokschilar bilan shartnoma imzolaydi. Bunga parallel ravishda Uayt jang san’atining yosh turlariga e’tibor qaratadi, chunki u afsonaviy promouterlar Bob Arum, Don King yoki Dan Duva bilan raqobatlashishning imkoni yo‘qligini yaxshi tushunardi. Bu darajaga chiqish uchun (ko‘p) vaqt, aloqalar va pul talab qilinardi. O‘shanda u aralash jang san’atiga mehr qo‘yadi va hatto jiu-jitsu bilan shug‘ullanishni boshlaydi.

Yangi tanishlar unga yerto‘lalarda o‘z jang ligasini tashkil qilish imkonini beradi. U yerdagi janglar qoidasiz, ammo yaxshi tashkil etilishi bilan ajralib turardi. Ishni yaxshi yurita olish qobiliyati jangchilarni jalb qiladi, shu tariqa Deyna menejerga aylanib ketadi.

«Biznesda halollik va adolat haqidagi keraksiz nayranglardan voz kechish kerak. Bunday fikrlar bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Ba’zida yomon ishlar ham qildim. Pulning hidi bo‘lmaydi. Axloq — MMA va boks biznesida eng oxirgi darajadagi so‘z», — deb hisoblaydi Uayt.

Foto: Getty Images
Uning eng mashhur «loyihalari» Tito Ortis va Chak Liddell bo‘lib, ular bir necha yillardan buyon UFC’da jang qilib kelayotgandi. Promoushenning bo‘lajak prezidenti tashkilot bankrotlik arafasida ekanligi va xaridor qidirayotganini bilib qoladi. Loyihaning nominal qiymati 2 million dollarni tashkil etardi.

Uayt o‘rta maktabdagi sinfdoshi Lorenso Fertittega murojaat qiladi va mazkur biznesning foydasini tushuntirib beradi.

«UFC — yangi texnologiya kabidir. Tushunyapsanmi, bu hech kim bilmaydigan narsaga o‘xshaydi, lekin kelajakni usiz tasavvur qilib bo‘lmaydi», — degan o‘shanda Uayt.

2001 yilda Lorenso va akasi Frank maxsus tashkil etilgan Zuffa LLC kompaniyasi orqali UFC’ga egalik qilish huquqini sotib olib, Deynani prezident etib tayinlaydi.

Uayt darhol promoushenni reklama qilish bilan shug‘ullana boshladi. U o‘z g‘oyalarini muvaffaqiyatli sotar va butun dunyodan jangchilarni o‘ziga jalb qilardi, media bilan ham faol hamkorlik olib boradi. Natijada milliarder Donald Tramp loyihaga qiziqib qoladi va bir qancha muammolarni hal qilishga yordam beradi, masalan, janglarning kattaroq arenalarda o‘tkazish borasidagi qiyinchiliklarda.

«U MMA’dagi potensialni ko‘rdi va bu sohaga birinchi bo‘lib sarmoya kiritdi. U janglarni o‘ziga tegishli bo‘lgan joylarda o‘tkazishni taklif qildi. Keyinchalik ularni Atlantik-Sitidagi Trump Taj Mahal’da o‘tkazdik», — deb eslaydi Uayt.

Tez orada UFC Spike TV bilan shartnoma imzoladi, TV orqali birinchi ko‘rsatilgan musobaqa UFC 33 bo‘ldi.

2005 yilda Deyna UFC bilan birlashtirilgan The Ultimate Fighting’ga (TUF) asos soladi, bu o‘z navbatida ko‘plab jangchilar va muxlislar e’tiborini jalb qiladi. Bir epizod 20 million dollarga tushadi. 2006 yilda tashkilot Kaliforniyadagi WЕC promoushenini o‘zlashtirib oladi, bir yildan keyin esa Pride Fighting Championships’ni. Yaponiya tashkilotining ko‘plab yulduzlari Uayt bilan hamkorlikni boshlaydi, ammo ularning aksariyati UFC’ning asosiy raqobatchisi Strikeforce’ni afzal biladi. Keyinchalik baribir Deynaning siyosati kuchliroq bo‘lib chiqadi, UFC 2011 yilda promoushenni shunchaki sotib oladi va o‘ziga qo‘shib oladi.

Bugungi kunga kelib, Deyna Uayt dunyodagi eng kuchli liga rahbari hisoblanadi, misol tariqasida UFC’ning 2019 yildagi daromadi 900 million dollarni tashkil etgan.

«Siz MMA’da kurash, dzyudo va boksdagi barcha narsalarni ko‘rasiz. Shunday ekan, aralash janglar Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishi kerak. Bu sport turi butun dunyoda bo‘lishi zarur va buni, albatta, ko‘rishni xohlayman. Balki buni qiladigan odam bo‘lmasman, lekin hech bo‘lmaganda buni ko‘radigan odam bo‘lishni istayman», — deydi Uayt sport turining kelajagi haqida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kasodga uchrash arafasida turgan UFC’ni eng mashhur kompaniyaga aylantirgan Deyna Uayt haqida