date

Toshkent korxonasiga noqonuniy qarz yozildi

Toshkent korxonasiga noqonuniy qarz yozildi
Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi matbuot xizmati xabariga ko'ra, mazkur holat bo'yicha qayta hisob-kitob qilish topshirig'i berildi. Toshkent shahrida aloqa sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub'yekti "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ va uning "Energosavdo" filiali faoliyatidan norozi bo'lib, qo'mitaga murojaat qilgan.

Olib borilgan tekshiruvlar davomida aniqlanishicha, hisobga olish uskunalari RES korxonasi tomonidan ulangan bo'lsa-da, ularning ikkilamchi zanjirlari noto'g'ri joylashtirilgan. Natijada, texnik xato tufayli iste'molchidan so'nggi uch yil davomida 1 milliard 97 million so'mdan ortiq qo'shimcha to'lov undirilgan.

Ushbu texnik xato elektr energiyasidan foydalanishning yangi qoidalarida nazarda tutilgan, ammo eski qoidalarga kiritilmagan edi. Bundan tashqari, mazkur hisoblagichga to'g'ri ulangan subabonentning hisoblagich ko'rsatkichlari chegirmalarsiz hisoblab chiqilgan.

Ma'lum qilinishicha, "Raqobat to'g'risida"gi qonunning 18-moddasiga binoan, raqobatni cheklash yoki iste'molchilar va boshqa xo'jalik sub'yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini buzishga olib keladigan, shu jumladan belgilangan narxlardan oshiqcha to'lov undirish, ustun mavqega ega xo'jalik yurituvchi sub'yektning suiiste'mol harakati deb hisoblanadi va taqiqlanadi. Yuqoridagilarga asoslanib, hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ va uning "Energosavdo" filiali faoliyatida "Raqobat to'g'risida"gi qonun talablarini buzganlik holati bo'yicha ish qo'zg'atilgan.

Ko'rib chiqish natijasida iste'molchidan noqonuniy undirilgan 1 milliard 97 million so'mni qayta hisoblash va tegishli hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish bo'yicha qaror qabul qilingan. Bu huquqbuzarliklarning oldini olish va elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya etilishini baholash maqsadida amalga oshiriladi.

Qo'mita ta'kidlashicha, mazkur qaror va maxsus komissiyaning ko'rsatmasidan norozi tomon uni Qo'mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkent korxonasiga noqonuniy qarz yozildi