00:10 / 14.12.2022
1 355

JCH-2022: Finalga kimlar yo‘l oladi?

JCH-2022: Finalga kimlar yo‘l oladi?
Foto: Sport-Ekspress
Bugun, 13 dekabr kuni Qatardagi jahon chempionatida Argentina va Xorvatiya milliy jamoalari o‘rtasida dastlabki yarimfinal uchrashuvi o‘tkaziladi. Bir kun o‘tib Fransiya va Marokash ikkinchi finalchini aniqlaydi. Finalga chiqish uchun qaysi jamoalarda imkoniyat ko‘proq?

Ko‘pchilik yarimfinallarda boshqacha juftliklarni kutgandi. Masalan, Janubiy Amerikaning ikki yetakchi jamoasi — Argentina va Braziliya o‘rtasidagi to‘qnashuvni. Besh karra jahon chempionlari ikki karra jahon chempionlariga qarshi. Superkompyuter ham bu ikki jamoani turnirning ikki asosiy favoriti deb topgandi.

Ammo Braziliya yo‘lni Xorvatiyaga bo‘shatib berdi, Portugaliya esa — Marokashga. Va bunda chorakfinalning asosiy omadsizlari faqat o‘zlarini ayblashi mumkin. Pentakampeonlar hisobda oldinda borishayotgandi va o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashga ishonchi yuqori edi. Ammo futbolchilar oliftalik qila boshlashdi va qarshi hujumni o‘tkazib yuborishdi. «Shashkachilar» natijaga ko‘proq e’tibor qaratib, o‘z maqsadiga erishdi.

Argentina — Xorvatiya

14 dekabrga o‘tar kechasi (Toshkent vaqti bilan soat 00:00) Lionel Messi boshchiligidagi argentinaliklar Luka Modrich boshchiligidagi xorvatlarga qarshi maydonga chiqishadi.

Chorakfinallarda 120 daqiqadan o‘yin o‘tkazgan va ko‘p kuch sarflagan ikki jamoa to‘qnashadi. Ikki jamoa ham penaltilar seriyasida ishtirok etib, yanada ko‘p kuch yo‘qotgan. Xorvatlar uchun Yaponiyaga qarshi nimchorakfinal o‘yini ham shunday ssenariyda kechgandi.

Umuman, Xorvatiya to‘rt yil oldingi jahon chempionati pley-off o‘yinlarida ham shunday grafikda harakatlangan, yarimfinalda overtaymlarda Angliyani mag‘lub etgandi. Ammo o‘sha tarkib yetakchilari to‘rt yoshga keksaydi.

Argentina termasi esa Qatarda jiddiy sinovlardan o‘tdi. Birinchi turda Saudiya Arabistonidan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin parokandalikka uchramadi va guruhda avval Meksika, keyin Polsha himoyasini kuchli bosim ostida qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi. Pley-offda esa dastlab hujumkor futbol namoyish etgan Avstraliya to‘sig‘idan o‘tdi, keyin Niderlandiyaga qarshi o‘yinda raqib 0:2 hisobida iroda ko‘rsatib, vaziyatdan chiqib ketganida ham o‘yinni kuchaytirdi va yakunda g‘alabaga erishdi.

Leo atrofida jipslashgan jamoa yaxshi sport formasida, futbolchilar o‘z o‘yinini topib olgan va ruhiy ustunlik ham ular tomonda. Shu tufayli «Albiseleste»ni bu juftlikda favorit deyish mumkin.

Niderlandiyaliklar ustidan g‘alabani nishonlayotgan argentinaliklar. Foto: Reuters
Superkompyuter tanlovi

Five Thirty Eight kompaniyasi superkompyuteri ushbu qarama-qarshiliklarning g‘oliblarini taxmin qildi. Mashina jamoalarning hujum va himoyadagi kuchini aks ettiruvchi Soccer Power Index deb ataladigan ko‘rsatkichga asoslanadi.

Argentina chorakfinalda dramatik bahsda Niderlandiyani mag‘lub etdi. Nauel Molina va Lionel Messining (penaltidan) gollaridan keyin janubiy amerikaliklar 2:0 hisobida oldinga chiqib olishgandi, ammo zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Vaut Vegorstning dublidan (ikkinchi gol 90+11-daqiqada urildi) keyin o‘yin overtaymlarga o‘tdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda hisob o‘zgarmadi va penaltilar seriyasida argentinaliklar aniqroq harakat qilishdi — 4:3.

Xorvatlarning o‘tgan bosqichdagi o‘yini ham dramatik jihatdan kam bo‘lmadi — braziliyaliklar sensatsiya bilan mag‘lub etildi. O‘yinda hisobni Neymar ochgandi — bu qo‘shimcha bo‘limlarning birinchisida ro‘y bergandi, ammo 117-daqiqada Bruno Petkovich javob qaytardi. 11 metrlik zarbalar seriyasida Dominik Livakovich ikki bor o‘z jamoasini qutqardi — Xorvatiya 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Superkompyuterning ko‘rsatishicha, Argentinada finalga chiqish uchun imkoniyat ko‘proq — 64 foizga qarshi 36 foiz.

Superkompyuter chorakfinalning faqat bir g‘olibini aniq topa olgan, ya’ni Argentina Niderlandiyadan ustun kelishini. Mashina Xorvatiya — Braziliya, Angliya — Fransiya va Marokash — Portugaliya o‘yinlari natijalarini prognoz qilishda xato qilgan. Shu bilan birga, bu tizim 1/8 finaldagi sakkiz o‘yindan yettitasining natijasini to‘g‘ri topgan: Niderlandiya — AQSH, Argentina — Avstraliya, Yaponiya — Xorvatiya, Braziliya — Janubiy Koreya, Angliya — Senegal, Fransiya — Polsha va Portugaliya — Shveysariya. Superkompyuter faqat Marokash — Ispaniya bahsi natijasini prognoz qilishda adashgan.

Argentina va Xorvatiya bungacha ikki bor jahon chempionatlarida o‘zaro o‘yin o‘tkazgan. 1998 yilda guruhda argentinaliklarning qo‘li baland kelgandi (1:0), 2018 yilda xorvatlar g‘alaba qozondi (3:0) — bu ham guruh o‘yini bo‘lgandi. Argentina termasi JCH 1/2 finallarida to‘rt bor o‘ynagan — va barchasida g‘alaba qozongan. 1930 yilda AQSH yirik hisobda mag‘lub etilgan (6:1), 1986 yilda — Belgiya (2:0), 1990 yilda — Italiya (1:1, 4:3 pen.), 2014 yilda esa — Niderlandiya (0:0, 4:2 pen.) to‘sig‘idan o‘tilgan. Xorvatiya uchun esa bu mundiallardagi uchinchi yarimfinal. 1998 yilda bolqonlar jahon chempionatlaridagi ilk ishtirokida yarimfinalgacha yetib kelib, bo‘lajak chempionlarga, Fransiyaga mag‘lub bo‘lgan (1:2), 2018 yilda Angliya mag‘lub etilgan (2:1, q. v.), ammo finalda yana fransuzlarga yutqazilgan (2:4).

Fransiya — Marokash

Fransiya va Portugaliya jamoalarining ehtimoliy juftligi ham futbolning yangi qiroli Kilian Mbappening o‘z kumiri Krishtianu Ronalduga qarshi chiqishi e’tibori bilan qiziqarli edi. Ammo Marokash tartibli va uyushqoq futboli bilan navbatdagi kuchli raqibni turnirdan chiqarib yubordi.

Lekin yarimfinalda katta ehtimol bilan Marokash ertagi yakuniga yetadi. Mo‘jizalar qachondir tugaydi, endi ularning qarshisida sayyoraning eng kuchli jamoasi.

Fransiya — yosh va tajribasiz Ispaniya yoki turnir davomida kadrlarga ustuvorlikni almashtirgan Portugaliya emas. «Uchranglilar»da muvozanatli tarkib shakllangan va futbolchilarning o‘ziga ishonchi yuqori. Afrikaliklar tarkibi ham yomon emas, bu yerda «PSJ», «Chelsi», «Bavariya», «Sevilya» va «Fiorentina» klublari vakillari bor. Lekin fransuzlar tarkibidagi Mbappe esa hozirgi formasida yolg‘iz o‘zi uchrashuv taqdirini hal qilishi mumkin, Marokashning oldingi raqiblarida esa u kabi qotil hujumchi yo‘q edi.

Foto: ELSA/GETTY IMAGES
Qolaversa, Mbappe taktik zarurat tufayli Angliyaga qarshi o‘yinda u qadar yorqin o‘yin ko‘rsata olmadi, u qatorasiga ikkinchi o‘yinda ham soya ostida qolishga rozi bo‘lishiga ishonish qiyin. Ayni vaqtda 5 gol bilan turnir to‘purari bo‘lib turgan hujumchi Marokashga qarshi o‘yinda gol urishni istaydi va birgina gol bilan cheklanib qolmasligi mumkin.

Bundan tashqari, fransuzlar safida turnirning yana bir to‘purari Jiru ham bor, Grizmann esa o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini o‘tkazmoqda. Marokashliklarning yagona imkoni — o‘yin overtaymlargacha olib borilganda bo‘lishi mumkin. Ammo bu reja yana ish berishi qiyin. Amaldagi chempionlar barcha masalani asosiy vaqtda hal qilishadi — marokashliklar allaqachon bir bosh baland sakrab bo‘lishgan va oldinga qo‘yilgan vazifalarni ortig‘i bilan bajarishgan. Endi rahbariyat ham, muxlislar ham ularga e’tiroz qila olishmaydi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » JCH-2022: Finalga kimlar yo‘l oladi?