date

Abduqodir Husanovning maydonga qaytishi yana kechikdi...

Abduqodir Husanovning maydonga qaytishi yana kechikdi...

Angliyaning “Manchester City” klubida faoliyat yuritayotgan o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanovning jarohatidan keyingi holati borasida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi, deb yozdi cityxtra.co.uk.

Mahalliy muxlislar yosh himoyachining maydonga tezroq qaytishini kutmoqda. Dastlabki xabarlarda uning jarohati yengil darajada ekani aytilgan bo‘lsa-da, tiklanish jarayoni kutilganidan ko‘ra uzoqroq davom etmoqda. Xosep Gvardiola avvalroq Husanov atigi uchta o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkinligini bildirgan edi.

Biroq voqelik boshqacha bo‘ldi — 21 yoshli himoyachi nafaqat ushbu muddatni, balki ikki haftagacha davom etgan xalqaro tanaffusni ham o‘tkazib yubordi. Bu orada klubning tibbiy xizmati uning sog‘lig‘ini doimiy nazorat ostida ushlab turibdi.

18 oktyabr kuni “Manchester City” “Everton”ga qarshi maydonga tushishi kutilmoqda. Ammo jamoaning ikki muhim futbolchisi — Rodri va Abduqodir Husanovning bu bahsda qatnashishi hozircha katta savol ostida. Gvardiola shogirdlari xalqaro tanaffusdan so‘ng mashg‘ulotlarni boshlagan bo‘lsa-da, ikkala futbolchi ham umumiy tayyorgarlikda qatnashmagan.

MailSport muxbiri Jek Gogan yozishicha, Rodri va Husanov “Siti”ning umumiy mashg‘ulotlariga qo‘shilmagan va ularning “Everton”ga qarshi uchrashuvda o‘ynashi ehtimoli past. Shu bilan birga, Sky Sports eksperti Ben Rens Husanov hozircha faqat individual mashqlar bilan cheklanib, jismoniy yuklamalarga asta-sekin qayta moslashayotganini ma’lum qildi.

Bu holat Gvardiolani jiddiy tashvishga solgan. Ayniqsa, Rodrining yo‘qligi “Manchester City”ning markaziy zonadagi barqarorligini izdan chiqarmoqda. Husanov esa himoya chizig‘ida jamoa uchun muhim o‘rinni egallab kelayotgan edi. Uning o‘tgan mavsum oxiridagi ishonchli o‘yinlari va tez moslashuvchanligi murabbiylar shtabi tomonidan yuqori baholangan.

Klubdagi vaziyat haqida fikr bildirgan esteemedkompany.com sayti tahlilchisi Adam Marrett yozishicha, Xosep Gvardiola har ikki futbolchining tiklanish jarayonini shaxsan kuzatmoqda. “Siti”ning dastlabki mashg‘ulotlarida Rayan Ait-Nuri va Umar Marmush jamoaga qaytgan bo‘lsa, Rodri hamda Husanov hali ham to‘liq forma olish uchun vaqtga muhtoj.

“Bu ikki futbolchining yo‘qligi jamoaning taktik sxemasini qayta ko‘rib chiqishni talab etadi. Agar tibbiy guruh ularning “Everton”ga qarshi o‘yinda ishtirok etishiga ruxsat bermasa, Gvardiola majburiy ravishda yangi taktikani sinovdan o‘tkazadi”, — deb yozdi jurnalist Freddi Pay.

Gvardiola esa 21 yoshli Husanovni klubning uzoq muddatli loyihasidagi asosiy bo‘g‘in sifatida ko‘radi. Mutaxassislar uning sog‘lom holatga qaytgach, himoyaning o‘ng qanoti va markazida raqobatni kuchaytirishini kutmoqda.

Abduqodir Husanov bu mavsumda faqat jarohatlar sababli uzoq vaqt o‘yin amaliyotidan chetda qoldi, ammo uni klub ham, muxlislar ham katta umid bilan kutmoqda — u “Manchester City”ning kelajagiga qo‘shiladigan yosh va salohiyatli nomlardan biri sifatida e’tirof etilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanovning maydonga qaytishi yana kechikdi...