Qatarda o‘tkazilgan Osiyo Kubogida Tojikiston milliy terma jamoasi bilan yangi tarix yoza olgan xorvatiyalik “Eynshteyn” – bosh murabbiy Petr Segrt barchaning e’tiborini o‘ziga qarata oldi.
U kuchli motivatorligi bilan muxlislarda iliq taassurot qoldirdi, desak yanglishmasak kerak. Lekin taniqli mutaxassis Osiyo Kubogidan keyin Tojikistondan ketdi. Bu esa barcha uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi.
- Janob Segrt, Osiyo Kubogidan keyin bir muddat vaqt o‘tdi. Siz esa kutilmaganda Tojikiston termasidan ketdingiz. Nihoyat, bir qancha urinishlardan so‘ng siz bilan yana bog‘landim. Nima bo‘ldi, o‘zi?
- Eng muhimi Osiyo Kubogidan keyin aqlbovar qilmas darajada yuzlab qo‘ng‘iroqlar va xabarlar oldim. Bundan tashqari, o‘zimda oilaviy tomondan shaxsiy muammolarim bor edi. Ularni hal qilish uchun mening bor e’tiborim hamda energiyam talab etilardi. Shu sabab bo‘ldi, deya olaman. Ba’zida hayot tez o‘zgaradi va sizni biroz qattiqroq qarorlar qabul qilishga majbur etadi. Hayotda mana shu qarorlar bilan birgalikda yashashga majburmiz. Bunday holatlarda hayotimizdagi biz bilan birga bo‘layotgan insonlarni unutmasligimiz kerak bo‘ladi.
- Ketishingiz o‘zingiz uchun ham kutilmagan qaror bo‘ldimi?
- Birinchi navbatda Tojikiston futbol federatsiyasiga rahmat aytishim kerak. Ular mening qarorimni hurmat qilishdi. O‘zim tushib qolgan shaxsiy vaziyatimni to‘g‘ri qabul qilishdi. Chunki bu mening shaxsiy qarorim edi va shunga ko‘ra o‘z yo‘limni tanladim. Federatsiya menga yangi shartnoma taklif qilmoqchiligini, ular jamoadagi rivojlanishdan ko‘ngillari to‘lganligini aytishgandi. To‘g‘risi, o‘sha vaziyatda shaxsiy sabablarga ko‘ra bunday qila olmasdim.
5 fevral kuni biz ular bilan uchrashgandik. Men bilan hamkorlikni davom ettirishmoqchiligini ma’lum qilishdi. Sizga aytib o‘tganimdek, oilaviy muammoimga bor e’tiborimni qaratishim kerakligini tushuntirganman. Ular meni to‘g‘ri qabul qilishdi. Ushbu vaziyatda Tojikiston futbol federatsiyasiga mening murabbiylar shtabimni, assistentlar jamoamni Tojikiston terma jamoasida qoldirishgani uchun rahmat aytishim kerak. Chunki bu shaxsan mening qarorim edi.
Mening ortimdan jamoam shtabdan ketishini xohlamagandim. Rostdan ham ularga imkoniyat berilib, hozirda rivojlanishni davom ettirishyapti. Tojikiston futboli juda yaxshi o‘zgarishlarga erishdi va to‘g‘ri yo‘lda deb hisoblayman. Assistentlarim ham men bilan gaplashganlarida muvaffaqiyatli, rivojlanish yo‘lini birgalikda davom ettirishimiz kerakligini aytib o‘tishgandi. Lekin o‘sha vaziyatda men ushbu qarorni qabul qilishga majbur edim. Umid qilamanki, Tojikiston terma jamoasi o‘sha tarkib va murabbiylar shtabi bilan muvaffaqiyatlarga erishishda davom etishadi.
Men Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida o‘z ishimni bajardim. Hozir jamoani ikki yil oldingidan ancha yuqori darajada deb aytishim mumkin. Qaysidir ma’noda ularga endi men kerak emasman. Endi men oldinga qarab intilishim kerak. Keyingi haftada Tojikistonga boraman. Rasmiy tarzda Tojikiston ahliga o‘z xayrlashuvimni izhor etaman. Ushbu rasmiy xayrlashuvi Tojikiston futbol federatsiyasi hamda futbolchilar oldida mening qarzim deb hisoblayman. Chunki ularni sog‘inganman. Shu bois barchasi bilan rasman xayrlashib ketishim to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- Eshitishimcha, terma jamoada ishlagan vaqtingizda yordamchilaringizga o‘zingiz maosh to‘lab kelgan ekansiz. Shu rostmi?
- Men Shekiladzeni 17 yildan beri bilaman. Gelani to‘rtinchi milliy terma jamoaga o‘z assistentim sifatida olib keldim. U birinchi marotaba milliy jamoani boshqaryapti. 17 yildan beri bir oiladek, aka-ukalardek bo‘lib ketganmiz. Tojikistonga kelganimda tezlik bilan Osiyo Kubogida muvaffaqiyatga erishish uchun menga murabbiylar jamoam kerakligini tushunib yetdim. Fitnes murabbiy Vlado Krunich, ikkinchi skaut, tahlilchi murabbiy Jelko Balenni taklif qildim. Bizda juda yaxshi do‘stlik munosabatlari bor. Ayniqsa, Tojikistondagi faoliyatimizda ajoyib ish ko‘rsatdik. Mening futboldagi motivatsiyam doim muvaffaqiyatlar bo‘lib kelgan. Hech qachon pul bo‘lmagan. Ular bilan birga Tojikiston futbolini rivojlantirish yo‘lida ishlaganimdan faxrlanaman.
- Tojikiston Osiyo Kubogida yangi tarix yozdi. Osiyo Kubogidagi ishtirokdan rozimisiz?
- Ha, hech qanaqangi shubha yo‘qki, Tojikiston o‘z tarixidagi birinchi Osiyo Kubogida katta muvaffaqiyatga erishdi.
- Bilamizki, sizda kuchli motivatsiya bor va uni futbolchilarga bera oldingiz. Muvaffaqiyatning asosiy sababi motivatsiyangizmi yoki taktikami?
- Taktika kuchli futbol falsafasi. Albatta eng muhimi, kuchli va hurmatga sazovor yetakchilik mahoratini murabbiylar shtabiga va futbolchilarga tilab qolaman. Tojikistondan minnatdorman. TFF menga erkin ishlash imkoniyatini yaratib berdi. 2022 yilning 27 yanvar kuni shartnomaga imzo chekkan bo‘lsam, doim mening qarorlarimni, o‘zgarishlarni hurmat qilishdi. Shuning evaziga, o‘ylashimcha, TFF Osiyoda bugungi kunda anchagina nufuzga ega. Nafaqat murabbiylar shtabi, balki futbolchilarning ham yutug‘i. Katta xarakter ko‘rsata olishdi. Mana shu katta g‘alabamizda o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘sha oldilar. Zamonaviy futbol bitta qahramonning shousi emas. Jamoaviy birdamlikni talab qiladigan sport turi hisoblanadi.
- Xizmatingizga takliflar bo‘lsa kerak. Rejangiz qanday?
- Milliy terma jamoa murabbiyi bo‘lish uchun senda quyidagi xislatlar bo‘lishi kerak: yuqori darajadagi mashg‘ulot o‘tkazish bilimi, taktik bilim, aniq futbol falsafasi, futbolchilar o‘rtasida bog‘lam hosil qila olish tajribasi bo‘lishi kerak. Eng muhimi, murabbiy oldidagi katta vazifa odamlar, jamoa ichida o‘ziga yarasha “garmoniya”ni topib olish. Jamoani, millatni bir yoqadan bosh chiqarib bir yo‘nalishda birlashishi uchun qaysidir ma’noda shu narsani topishi kerak. Maldiv, Afg‘oniston va ulardan oldingi joylarda ishlaganimdek Tojikistonda ham shu narsalar sodir bo‘ldi.
Bu qiyin vazifa. Sizga nafaqat futbolni tushunadigan, balki mamlakat madaniyati, odamlarni va mamlakat futbolini yaxshi tushuna oladigan murabbiy kerak bo‘ladi. Kelajagim nima bo‘lishini hozircha aniq belgilab olganim yo‘q. Hozir ham shaxsiy oilaviy muammolarim bilan bandman. Osiyo Kubogidan keyin hech qaysi terma jamoa yoki klub bilan gaplashmadim. Osiyo Kubogi davomida men va yordamchilarim qiziqarli takliflarni oldik. Biroq hech kim bilan bir soniyaga gaplashishga, muzokara o‘tkazishga vaqt ajratmadim.
Chunki Tojikiston termasining muvaffaqiyatini xavf ostiga qo‘ygim kelmadi. Yordamchilarimga va futbolchilarimga ham fokusni yo‘qotmaslikni, bor e’tiborni Tojikiston bilan muvaffaqiyatga erishishga qaratishini ta’kidladim. Murabbiylar va o‘yinchilar mening ushbu qarorimni hurmat bilan qabul qilishdi, bunga amal qilishdi. Albatta, hozir boshqacha vaziyat. Bu mening o‘zligim va mening xarakterim. Kimgadir o‘zimni kerak deb his qilsam, albatta kerakli qarorni qabul qilaman.
- O‘zbekiston ham Osiyo Kubogida chorak finaldan qaytdi. Bizning ishtirokimizni qanday baholaysiz?
- O‘zbekiston sovrinlarga juda yaqin edi. Bunga erisha olmaganiga qaramasdan ularda sifat, xarakter – barchasi bor. Kelgusi Osiyo chempionatlarida, umuman hozirda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati saralashida ham asosiy maqsadiga erisha olsa, o‘z salohiyatini ko‘rsata oladi. O‘zbekistonda juda yaxshi futbolchilar bor va yaxshi murabbiylar shtabi jamlangan. Yoshlari ham juda iqtidorli. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham bu yo‘nalishda o‘zini yaxshi ko‘rsatyapti va ajoyib ishlarni olib bormoqda. Terma jamoangizni JCH-2026 da ko‘rishni juda xohlardim, o‘z navbatida Tojikistonni ham.
- Tojikiston termasida qo‘l ostingizda to‘p surgan hujumchi Shaxrom Samiyev “Andijon”ga o‘tdi. Bu haqida fikringiz qanday?
- Samiyev kuchli futbolchi. U Tojikistondagi eng iqtidorlardan biri. Shaxrom yaxshi klubga o‘tdi. O‘ziga to‘g‘ri imkoniyatlar beriladigan bo‘lsa, Osiyo miqyosida yanada kuchli futbolchi bo‘lishi mumkin. Yaxshi inson. Futbolchi sifatidagi xarakteri ham maqtashga arzigulik. Professional futbolchi sifatida katta natijalarga erisha oladi.
- Osiyo Kubogi sizni yanada mashhur qildi. Bunday yoshda mashhurlikka erishish oson emas...
- Men tomonimdan muammo yo‘q. 15 yil oldin ham muvaffaqiyatga erishgandim. Misol uchun Portugaliyaga qarshi o‘yinda. O‘shanda Ronaldu, Pepe, Deku, Nani kabi yulduzlari bor edi. Aytish mumkinki, hammasi qancha tez o‘zgarish mumkinligini juda yaxshi his qilaman. Buni tabiiy va normal jarayon sifatida qarshi olaman. Menda allaqachon professional murabbiy sifatidagi 27 yillik tajriba bor. Ushbu tajriba davomida 8 ta mutlaqo boshqa-boshqa davlatlarda o‘ziga yarasha malaka orttirdim. Bu meni ushbu sohada qaysidir ma’noda jon saqlab qolishimga, oyoqqa turib olishimda katta yordam berishiga ishonchim komil.
- Sizda futboldan tashqari boshqa biznesingiz ham bormi?
- Yo‘q, menda faqat futbol. Chunki bilamanki, bundan oldin futbol federatsiyada texnik direktor sifatida ham faoliyat olib borganman. Bu ham o‘ziga yarasha yuqori darajadagi futbol o‘rni. Lekin men to‘g‘risi o‘zimni murabbiylik ishlarimni, undagi faoliyatimni ko‘proq yaxshi ko‘raman. Ishonamanki, tez orada yana o‘zimga manzur bo‘ladigan ishda imkoniyatga ega bo‘laman. Shu o‘rinda alohida aytib o‘tmoqchimanki, Tojikiston milliy jamoasidan butun umrga minnatdorman.
Biz birgalikda ajoyib natijalarga erishdik. Lekin ba’zida murabbiy sifatida mana shunday og‘ir qarorlarni qabul qilishga majbursan. Tojikistonga jahon chempionati saralashida va Osiyo Kuboklarida muvaffaqiyatlar tilayman. Ular bunga loyiq. Doim qo‘llab-quvvatlab turaman va kuzatib boraman. Qo‘limdan kelganicha olisdan bo‘lsa ham yordam berishga harakat qilaman. Ammo hozir men ular bilan xayrlashishim va o‘z yo‘limda davom etishim kerak.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”