Qizil kartochka va nazorat Lion Monakoni yengdi, Shults dubl qayd etdi

3 yanvar kuni soat 01:15 da (Toshkent vaqti bilan) Fransiya Liga 1 ning 17-turida «Lion» safarda «Monako»ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Mehmonlar standart vaziyatdan gol urdi, keyin esa raqib o‘n kishi bo‘lib qolganidan so‘ng ustunlikni to‘liq o‘z tomoniga og‘dirdi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Uchrashuv boshida «Monako» darvozaboni Lukash Gradecki to‘qnashuvdan keyin o‘yinni davom ettira olmadi va maydonga zudlik bilan Filipp Ken tushirildi. Mezbonlar ko‘proq burchak zarbalari ishladi, biroq dastlab hujumlarda kutilgan darajadagi o‘tkirlik ko‘rinmadi.
Hisob 38-daqiqada ochildi: burchak zarbasidan keyin uzatilgan pasni Pavel Shults yakunlab, «Lion»ni oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim oxirlarida «Monako» javob qaytardi — darvoza oldidagi tartibsizlikda Mamadu Kulibali to‘pni bo‘sh darvozaga yo‘llab, hisobni tenglashtirdi.
Tanaffusdan so‘ng «Monako» yana standartlar orqali bosimni kuchaytirdi. Burchakdan keyin Tilo Kyererning goli kiritilgandek tuyuldi, ammo hakam qoida buzilishi sababli uni bekor qildi.
Oradan ko‘p o‘tmay «Lion» qanotdagi xatodan foydalanib, yana oldinga chiqib oldi: Shults jarima maydonchasi tashqarisidan aniq zarba yo‘llab, dublini rasmiylashtirdi. Keyingi daqiqalarda o‘yin keskinlashdi, kurashlar ko‘paydi.
70-daqiqada Kulibali xavfli harakati uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olib, «Monako»ni o‘n kishida qoldirdi. Tez orada Abner Vinisius mehmonlar hujumini yakunlab, hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi. Shuningdek, Pol Pogba «Monako»ning o‘yin qaydnomasidan joy olmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!