Inter Bolonyadan Superkubok alamini oldi va yetakchilikka chiqdi

A Seriyaning 18-turida Milan "Inter"i Italiya Superkubogi yarim finalidagi omadsizlikdan so‘ng "Bolonya"dan revansh oldi. "San-Siro"da kechgan bahsda mezbonlar 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, turnir jadvalida "Milan"ni ortda qoldirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalarida "Inter" ketma-ket vaziyatlar yaratdi: Tyuram jarima maydonchasidagi kurashda zarba bera olmadi, qaytgan to‘pni Lautaro yakunladi, biroq darvozabon seyv qildi. Oradan ko‘p o‘tmay Tyuram chapdan uzoq burchakka yo‘llagan zarbada ham golga yaqin keldi, keyingi epizodda Chalhanog‘lu jarima maydoni yoyidan tepgan to‘p riko‘shet sabab xavfli trajektoriyada uchdi, lekin posbon uni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
"Bolonya" ham javobsiz qolmadi: o‘ng qanotdan uzatmaga Odgor bosh bilan zarba berdi, to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi. 39-daqiqada esa "Inter" hisobni ochdi: Lautaro jarima maydoni chizig‘i yaqinida yiqilgan holda pas berdi, Zelinskiy 20 metrdan chap pastki burchakka aniq tepdi — 1:0. Bir necha daqiqadan so‘ng Lautaro yaqin burchakka kuchli zarba yo‘lladi, darvozabon yana qutqardi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Dimarko chapdan jarima maydonchasiga yorib kirib, yaqin ustun ostini nishonga oldi, golkiper oyog‘i bilan to‘pni qaytardi. 48-daqiqada "Inter" burchak to‘pidan keyin farqni oshirdi: Lautaro korner uzatmasini bosh bilan darvozaga yo‘lladi — 2:0. Keyin Tyuram o‘ngdan yorib kirib uzatma berdi, Lautaro bir zarbada to‘pni to‘sinnga tekizdi, yana bir vaziyatda esa uning o‘rta masofadan urgan zarbasi darvozabon tomonidan qaytarildi.
74-daqiqada yana korner "Inter" foydasiga ishladi: Dimarkoning yaqin ustunga yo‘llagan pasidan so‘ng Tyuram pozitsion kurashda yutib chiqib, yelka bilan to‘pni darvozaga kiritdi — 3:0. "Bolonya" 83-daqiqada javob qaytardi: Likoyannis markazga uzatdi, Kastro yiqilgan holda zarba berib hisobni qisqartirdi — 3:1.
Natijada "Inter" 3 ochko evaziga "Milan"ni ortda qoldirib, 1-o‘ringa ko‘tarildi. "Bolonya" esa 7-pog‘onada qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!