PSJ Parij derbisida Paris ustidan g'alaba qozondi

Fransiya Ligue 1ning 17-turida Parij derbisi bo'lib o'tdi. “Park de Prens”da kechgan bahsda “PSJ” “Paris”ni 2:1 hisobida mag'lub etdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuvning birinchi bo'limida mezbonlar bir qator vaziyatlar yaratdi: Vitinya uzoqdan zarba yo'lladi, Senni Mayulu ham keskin burchakdan darvozani sinadi, Desire Due esa chap qanotdan ichkariga yorib kirib, uzoq burchakka yo'llagan zarbasi bilan raqibni sergak torttirdi. 45-daqiqada “Paris” markazda to'p yo'qotdi va “PSJ” bunga darhol javob qaytardi: Fabiyan Ruis Duega pas uzatdi, Due jarima maydonida vaziyatdan unumli foydalanib, hisobni ochdi — 1:0.
Ikkinchi bo'lim boshida mehmonlar penalti orqali muvozanatni tikladi: Villem Jebbel 11 metrlik zarbani aniq ijro etdi — 1:1. Biroq “PSJ” tezda yana oldinga chiqdi: Usmon Dembele jarima maydonining o'ng tomonidan zarba berdi, Mamadu Mbouning rikosheti darvozabonni chalg'itdi va to'p yaqin burchakka kirib bordi — 2:1.
Qolgan daqiqalarda ham parijliklar bosimni pasaytirmadi: Nunu Mendesh xavfli zarbalar bilan ajralib turdi, “Paris” esa uzoqdan berilgan uzatma-zarbalar orqali javob qaytarishga urinib ko'rdi, ammo hisob o'zgarmadi.
G'alabadan so'ng “PSJ” turnir jadvalida “Lans”dan bir ochko ortda qolgan holda ikkinchi o'rinda bormoqda. “Paris” esa quyi pog'onalarda, o'tish uchrashuvlari hududi yaqinida joylashgan. Matvey Safonov jarohatdan tiklanishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!