Shomurodov va Husanov terma jaoaning yanvardagi BAA yig‘inida qatnashmaydi

O‘zbekiston milliy jamoasi yanvar oyidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Dubayda o‘tkazadi, biroq unda sardor Eldor Shomurodov hamda “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov ishtirok etmaydi. Bu haqda Milliy futbol assotsiatsiyasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bosh murabbiy Fabio Kannavaro boshchiligidagi shtab qaroriga ko‘ra, legionerlarga klublaridagi uchrashuvlarga e’tiborni kuchaytirish uchun yig‘inni o‘tkazib yuborishga ruxsat berilgan. Bu davr Yevropa chempionatlarining hal qiluvchi bosqichi arafasiga to‘g‘ri keladi.
Yetakchilar bo‘lmagan sharoitda o‘zini ko‘rsatish imkoniyati 26 nafar futbolchiga berildi. Tarkibning asosiy qismini ichki chempionatda to‘p surayotgan o‘yinchilar tashkil etadi, shuningdek Superligadan yangi chaqiruv olganlar ham bor — jumladan, OKMK vakili Aziz Xolmuradov va “Navbahor” futbolchisi Kuvondiq Roziyev.
BAAdagi tayyorgarlik 20–30 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi va JCh-2026 oldidan muhim bosqichlardan biri sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!