O‘zbekiston U-23 terma jamoasining chorak finalga chiqish imkoni qanday?

Bugun O‘zbekistonning 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar terma jamoasi Osiyo kubogi guruh bosqichida Koreya Respublikasiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv «S» guruhidagi vaziyatni keskin ravshanlashtirib, chorak finalga yo‘llanma masalasiga aniq javob beradi.
Ravshan Haydarov boshqaruvidagi jamoamiz ayni paytda Koreya bilan bir xil — 4 ochkodan jamg‘argan. Bugungi bahsdagi g‘alaba vakillarimizga guruh peshqadami sifatida keyingi bosqichga chiqish imkonini taqdim etadi.
Parallel uchrashuvda Eron va Livan yoshlar terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Bu bahs natijasi ham «S» guruhidagi yakuniy hisob-kitoblarga bevosita ta’sir qilishi mumkin.
Musobaqa tartibiga ko‘ra, O‘zbekiston Koreya Respublikasini mag‘lub etsa, «S» guruhida 1-o‘rin bilan chorak finalga chiqadi.
Parallel bahsda Livanning g‘alabasi ham jamoamizning keyingi bosqichga yo‘l olishiga xizmat qiladi.
Agar Eron Livanni mag‘lub etsa, Koreya bilan uchrashuvda durang ham jamoamiz uchun yetarli bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Biroq bu holatda hisob va gollar nisbati muhim ahamiyat kasb etadi.
Reglamentga asosan, O‘zbekiston — Koreya Respublikasi o‘yinida golli durang (1:1, 2:2, 3:3) qayd etilsa, natijalardan qat’i nazar, ikki jamoa ham chorak finalga yo‘l oladi. Bu holatda o‘zaro bahslarda urilgan gollar ko‘rsatkichi ustunlik beradi.
Agar 0:0 hisobidagi durang qayd etilsa, vaziyat yanada nozik tus oladi.
Eron Livanni kamida ikki to‘p farqi bilan mag‘lub etsa, keyingi bosqichga Eron chiqadi.
Eron Livanni bir to‘p farqi bilan mag‘lub etsa (1:0 yoki 2:1), O‘zbekiston chorak finalga yo‘l oladi. Agar Eron 3:2 hisobida g‘alaba qozonsa, to‘plar nisbati tenglashadi va sariq-qizil kartochkalar soni hisobga olinadi.
Koreyaga qarshi uchrashuv oldidan jamoamiz kecha rasmiy mashg‘ulotni o‘tkazdi. Futbolchimiz Nurlan Ibrayimov OAVga bergan intervyusida jamoa to‘liq tayyor ekani va maydonga faqat g‘alaba uchun tushishini ta’kidladi.
“Eron bilan o‘yin qiyin kechishini bilardik, endi navbatdagi bahs hal qiluvchi ahamiyatga ega,” dedi u. “Biz faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz,” deya ishonch bildirdi futbolchi.
Ma’lumot uchun, 3-turdan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da bir paytning o‘zida start oladi.
Shu bois guruhdagi barcha hisob-kitoblar bir vaqtda yangilanib boradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!