Lincoln Mourinyoni tanqid qildi u va'dasida turmadi

«Fenerbahche»ning sobiq futbolchisi Lincoln Jose Mourinyo bilan bog'liq noroziligini ochiq bildirdi. Portugaliyalik mutaxassis Istanbul klubini 2024–2025 yillarda boshqargan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Lincolnning aytishicha, Mourinyo unga bergan va'dasini bajarmagan va futbolchiga hurmatsizlik qilgan. «U juda ko'p yutuqlarga erishgan, buni hech kim inkor etmaydi. Lekin men uchun hayotda xarakter sovrinlardan muhimroq», — dedi futbolchi Fanatik nashriga bergan intervyusida.
Uning so'zlariga ko'ra, «Hull Siti»ga ijaraga ketishidan avval Mourinyo bilan gaplashgan va murabbiy uni yozgi yig'inga Portugaliyada ko'rishni istashini bildirgan. Mavsum tugagach, Lincoln yig'inga chaqiruv kutgan, biroq murabbiy bilan bog'lanishga uringanda, Jose u bilan gaplashishdan bosh tortib, sport direktoriga murojaat qilishni aytgan.
Lincolnning ta'kidlashicha, jamoa Portugaliyada bo'lgan paytda u ham Portugaliyada uyida edi, shunga qaramay, Mourinyo uni Istanbulga qaytarib yuborgan va alohida mashg'ulot o'tkazishni buyurgan. «Menga nisbatan adolatsiz va hurmatsiz munosabat bo'ldi», — deya qo'shimcha qildi u.
Shuningdek, futbolchi ko'plab o'yinlarda hatto o'z pozitsiyasida o'ynamagan bo'lsa ham klubga yordam berish uchun bor kuchini berganini, og'ir jarohatdan keyin esa qo'llab-quvvatlash kutgani, ammo uni olmaganini aytdi. «Boshqalar kabi mashhur emasman, lekin har doim maydonda oxirigacha kurashganman», — dedi Lincoln.
Hozirda Jose Mourinyo «Benfika»ni boshqarmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!