"Manchester Yunayted" Meynu bilan 5 yillik shartnoma imzolaydi

"Manchester Yunayted"ning sobiq yarim himoyachisi Pol Pogba klub tarbiyalanuvchisi Kobbi Meynuning kelajagi borasida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. 21 yoshli futbolchi Maykl Karrik qo'l ostida asosiy tarkibga qaytganidan so'ng, klub u bilan haftasiga 120-150 ming funt sterling maosh ko'zda tutilgan besh yillik yangi shartnoma imzolashga yaqin turibdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Meynuning jamoadagi holati 2026-yilda keskin o'zgardi. Sobiq murabbiy Ruben Amorim davrida u zaxirada qolib ketgan va hatto ijara asosida ketishni rejalashtirgan edi. Biroq Karrikning tayinlanishi vaziyatni o'zgartirdi. Yosh yarim himoyachi "Chelsi"ga qarshi g'alabali o'yinda (1:0) o'zini ko'rsatib, murabbiyning yuqori bahosiga sazovor bo'ldi.

Pogba Rio Ferdinandning podkastida Meynuning iqtidori haqida gapirib, unga klubda qolishni maslahat berdi. Uning so'zlariga ko'ra, agar murabbiy futbolchiga ishonsa va u o'zini baxtli his qilsa, boshqa klublar qiziqishiga qaramay, "Old Trafford"da qolgani ma'qul. Pogba Meynu "Manchester Yunayted" muxlislari tomonidan juda sevilishini va u yerda afsonaviy faoliyat qurish imkoniyati borligini ta'kidladi.
Klub rahbariyati Meynu bilan kelishuvni joriy mavsum yakuniga qadar rasmiylashtirishni maqsad qilgan. Bu qadam jamoani o'z tarbiyalanuvchilari atrofida qayta qurish strategiyasining muhim qismi hisoblanadi. Pogba yosh yulduzning o'yinidan zavqlanishini va u qanday qaror qabul qilishidan qat'i nazar, unga eng yaxshi tilaklarni tilashini qo'shimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!