Barselona Kristensen uchun yangi shartnoma tayyorlamoqda

“Barselona” sport direktori Deko klub daniyalik himoyachi Andreas Kristensenga yangi shartnoma taklif qilmoqchi ekanini tasdiqladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Dekoning aytishicha, kataloniyaliklar futbolchini noqulay vaziyatda qoldirishni istamaydi: jarohat sabab u mavsum oxirigacha maydonga qaytishi qiyin bo‘lishi mumkin. Shu bois klub Kristensenga adolatli va maqbul variantni taqdim etmoqchi, shundan keyin esa futbolchi kelajagi borasida qarorni o‘zi qabul qiladi.
“U albatta Barselonada qolishi shart emas. Ammo biz hech bo‘lmasa u ko‘rib chiqishi mumkin bo‘lgan taklifni beramiz, keyin u o‘zi uchun eng to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi”, — dedi Deko matbuot anjumanida.
Kristensen 2022 yilda “Chelsi”dan erkin agent sifatida “Barselona”ga kelib qo‘shilgandi. Uning amaldagi shartnomasi 2026 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan. Joriy mavsumda u 17 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol urdi. Hozirda futbolchi bog‘lam uzilishi jarohatidan tiklanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!