Kongoliklar O‘zbekistonning kuchini endi jiddiy anglamoqda (video)

Jahon chempionati yaqinlashgani sari O‘zbekiston milliy terma jamoasi atrofidagi qiziqish yanada ortib bormoqda. Ayniqsa, mundialda vakillarimiz bilan bir guruhdan joy olgan raqiblar ham endi O‘zbekistonni avvalgidek oddiy raqib sifatida emas, jiddiy xavf tug‘dira oladigan jamoa sifatida baholay boshlagani ko‘zga tashlanmoqda.
Bir necha kun avval Kongo terma jamoasi vakillari O‘zbekiston haqida ancha balandparvoz gapirgan, hatto “3:0 hisobida g‘alaba qozonamiz, biz jismoniy jihatdan kuchlimiz” degan fikrlarni bildirgan edi. Ammo vaqt o‘tgani, tahlillar ko‘paygani va O‘zbekiston terma jamoasining so‘nggi o‘yinlari yanada jiddiyroq o‘rganilgani sari ularning qarashlarida sezilarli o‘zgarish paydo bo‘ldi.
Endilikda Kongo tomonidagi futbolchilar va mutaxassislar O‘zbekiston haqida ancha ehtiyotkorlik bilan, hatto xavotir aralash gapirishmoqda. Ilgari ishonch bilan aytilgan keskin gaplar o‘rnini tahlil, hushyorlik va raqib kuchini tan olish kayfiyati egallagan.
Yaqinda Kongoda O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi JCH-2026 guruh bosqichining uchinchi turidagi uchrashuv haqida maxsus davra suhbati tashkil etildi. Unda futbolchilar, mutaxassislar va ko‘rsatuv boshlovchilari ishtirok etib, O‘zbekiston milliy jamoasining imkoniyatlari, kuchli jihatlari va Kongo uchun ushbu o‘yin qanchalik muhim ekani haqida fikr almashishdi.
Ko‘rsatuv boshlovchisi O‘zbekiston bilan bahs ular uchun uchinchi tur o‘yini bo‘lishini ta’kidlab, bu uchrashuvda Kongo har qanday holatda ham g‘alaba uchun maydonga tushishi kerakligini aytdi. U O‘zbekiston o‘z qit’asida Erondan keyin ikkinchi o‘rinni egallagani, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari orasida tarixda birinchi marta Jahon chempionatiga yo‘l olgan terma jamoa ekanini alohida tilga oldi.
Boshlovchi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro haqida ham to‘xtaldi. U Kannavaroni dunyo futboli yaxshi taniydigan, mundial muhitini juda yaxshi his qiladigan, hatto futbolchi sifatida Jahon chempionatida g‘olib chiqqan shaxs sifatida ta’rifladi. Bu esa Kongo tomoni uchun qo‘shimcha o‘ylantiradigan jihat ekani sezildi.
Suhbat davomida Abduqodir Husanov nomi ham alohida tilga olindi. Kongo vakillari Husanov haqida ko‘p gapirilayotganini, u O‘zbekiston himoyasida muhim figura ekanini ta’kidlashdi. Shuningdek, ular Eldor Shomurodovni ham eslab o‘tishdi. “Roma”dan “Istanbul Bashakshehir”ga ijaraga berilgan hujumchi Turkiyada 22 ta gol urgani alohida qayd etildi va bu juda yaxshi natija sifatida baholandi.
O‘zbekiston terma jamoasining yaqinda Gabonga qarshi o‘tkazgan o‘yini ham muhokama markazida bo‘ldi. Boshlovchi va ayrim ishtirokchilar vakillarimiz Afrika jamoalariga qarshi qanday o‘ynash kerakligini o‘zlashtirayotganini ta’kidlashdi. Ular O‘zbekiston Gabonni ishonchli tarzda mag‘lub etganini xavfli signal sifatida baholashdi.
Biroq davra suhbatida boshqa mutaxassis bu natijaga biroz boshqacha qarash kerakligini aytdi. Uning fikricha, Gabon o‘sha o‘yinga o‘zining eng kuchli tarkibi bilan kelmagan. Afrika millatlar kubogidan keyin jamoada ichki muammolar paydo bo‘lgani, tarkibda barqarorlik yetishmagani ham tilga olindi. Shu bilan birga, Qatardagi Jahon chempionatida Gabonning Kamerunni mag‘lub etgani ham eslatib o‘tildi.
Shunga qaramay, suhbatda ishtirok etgan Kongo futbolchilaridan biri O‘zbekistonning g‘alabasini kamsitishga urinmaslik kerakligini bildirdi. U “nima qipti, baribir ular Gabonning asosiy jamoasini mag‘lub etishdi”, degan ma’noda fikr bildirdi. Bu gap Kongo lagerida O‘zbekiston natijalariga nisbatan ehtiyotkor munosabat shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Boshlovchi esa vaziyatni yanada keskinroq baholadi. U “keling, o‘zimizni o‘zimiz aldamaylik”, deya O‘zbekistonning 3 ta gol urgani va g‘alaba qozongani baribir e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan natija ekanini ta’kidladi. Ammo shu bilan birga, Kongo terma jamoasi Jahon chempionatiga shunchaki qatnashish uchun bormasligi, har bir o‘yinda g‘alaba uchun jang qilishi shartligini ham qayd etdi.
Uning fikricha, Kongo Portugaliya, Kolumbiya yoki O‘zbekiston bo‘lishidan qat’i nazar, raqib nomiga qarab chekinmasligi kerak. Jamoaning guruh bosqichida atigi uchta o‘yini bor va ularni uch mag‘lubiyat bilan yakunlab, uyga qaytish Kongo uchun qabul qilib bo‘lmas holat sifatida baholandi.
Davra suhbatida yana bir futbolchi O‘zbekiston tarkibida Husanov, Shomurodov va boshqa kuchli futbolchilar borligi haqida ko‘p gapirilayotganini aytdi. Ammo u Kongo tarkibida ham top ligalarda to‘p surayotgan futbolchilar borligini ta’kidlab, o‘z jamoasi ham raqibdan qo‘rqmasligi kerakligini bildirdi.
Boshlovchi ham aynan shu ruhda gapirdi. U “nega biz ulardan qo‘rqishimiz kerak, nima uchun o‘z g‘alabamizga ishonmasligimiz lozim?” degan fikrni ilgari surdi. Bu so‘zlar Kongo tomonida ikki xil kayfiyat borligini ko‘rsatadi: bir tomondan, O‘zbekiston kuchini tan olish, ikkinchi tomondan esa o‘z imkoniyatiga ishonchni yo‘qotmaslik.
Ayniqsa, yana bir futbolchining gaplari e’tiborga loyiq bo‘ldi. U dastlab O‘zbekiston terma jamoasini jiddiy qabul qilmaganini tan oldi. Ammo mundial yaqinlashgani sari O‘zbekiston haqiqatan ham xavfli raqib ekanini borgan sari yaxshiroq tushunib borayotganini aytdi.
Bu e’tirof bejiz emas. O‘zbekiston milliy terma jamoasi so‘nggi yillarda o‘yin sifati, tartib-intizom, legionerlar darajasi va ruhiy ishonch borasida ancha o‘sdi. Jamoa tarkibida Yevropada tanilayotgan futbolchilar, katta tajribaga ega yetakchilar va yosh, shijoatli o‘yinchilar bor. Bunday jamoani past baholash — maydonga chiqmasdan turib xatoga yo‘l qo‘yish bilan barobar.
Boshlovchi suhbat yakunida Kongo uchun orqaga yo‘l yo‘qligini ta’kidladi. U terma jamoaning har bir futbolchisi Jahon chempionatida shunchaki ishtirok etish emas, balki g‘alaba uchun kurashish mas’uliyatini chuqur his qilishi kerakligini aytdi.
Uning fikricha, maqsad faqat borib o‘ynab kelish emas. Kongo har bir bahsga g‘alaba niyati bilan chiqishi, o‘z imkoniyatiga ishonishi va maydonda oxirigacha jang qilishi shart. Ammo bu gaplar orasida O‘zbekiston terma jamoasiga nisbatan ehtiyotkorlik va hurmat ham yaqqol sezilib turibdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Kongo lagerida avvalgi shovqinli va ishonchga to‘la bayonotlar ancha yumshagan. Ular endi O‘zbekistonni oddiy raqib emas, puxta o‘rganilishi kerak bo‘lgan, xavfli va kuchli jamoa sifatida ko‘rishmoqda. Bu esa vakillarimizga bo‘lgan munosabat o‘zgarganini anglatadi.
Mundialda har bir o‘yin alohida tarix. O‘zbekiston uchun Kongo bilan bahs ham katta sinov bo‘ladi. Ammo raqib tomondagi bunday muhokamalar bir narsani ko‘rsatmoqda: endi O‘zbekistondan qo‘rqmaslik haqida gapirish oson, ammo uni maydonda yengish butunlay boshqa masala.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!