Jezush Ronalduni navbatdagi o'yinda dam oldiradi

«Al-Nasr» bosh murabbiyi Jorje Jezush Krishtianu Ronalduning yaqin o'yinda maydonga tushmasligi sababini izohlab berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ar-Riyod jamoasi chorshanba kuni OFK Chempionlar ligasi doirasida «Arkadag»ga qarshi bahs olib boradi. Portugaliyalik yulduz hujumchining tez orada maydonga qaytishi kutilayotgan bo'lsa-da, bu uchrashuvda u yana tarkibda bo'lmaydi.
«Zich taqvim sabab Ronaldu va asosiy tarkibdagi yana bir nechta futbolchiga dam berishga qaror qildik. Oldinda «Al-Fateh»ga qarshi juda muhim o'yin bor», — deya Jezushning so'zlarini keltiradi Al Nassr Zone.
Murabbiy ta'kidlashicha, Ronalduning dam olishi yangilik emas: u Saudiya Arabistonidan tashqarida o'tadigan ayrim o'yinlarda avval ham ishtirok etmagan.
Saudiya chempionati doirasidagi «Al-Fateh» — «Al-Nasr» uchrashuvi shanba kuni, 14 fevralda bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!