Rossiyada 147 ot kuchiga ega Tenet T4L krossoveri sotuvga chiqadi

Rossiyaning Kaluga shahridagi sobiq «Volkswagen» zavodida «Tenet» brendining yangi T4L krossoverini ishlab chiqarish yo'lga qo'yilmoqda. Ushbu model brendning eng ommabop avtomobillaridan biri bo'lgan T4 modelining kengaytirilgan va yanada amaliy versiyasi hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi avtomobilning asosiy o'ziga xosligi uning o'lchamlarida namoyon bo'ladi. Kuzov uzunligi 186 mm ga, balandligi esa qariyb 50 mm ga oshgan.

G'ildiraklar bazasining 40 mm ga kengayishi hisobiga orqa yo'lovchilar uchun joy ko'paygan va yukxona hajmi 475 litrga yetkazilgan.
Texnik jihatdan krossover 147 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbomotor va 6 pog'onali robotlashgan uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Avtomobil faqat oldi uzatmali bo'lib, yoqilg'i sarfi shahar tashqarisidagi siklda 100 km masofa uchun 6,5 litrni tashkil etadi.

Salonda zamonaviy texnologiyalarga alohida e'tibor qaratilgan. Haydovchi uchun 10,25 dyuymli raqamli panel, xuddi shunday o'lchamdagi multimedia tizimi hamda iqlim nazoratini boshqarish uchun alohida 8 dyuymli sensorli ekran o'rnatilgan.
Tizim «Apple CarPlay» va «Android Auto» dasturlarini qo'llab-quvvatlaydi.
Ishlab chiqaruvchi avtomobilni mahalliy sharoitlarga moslashtirish choralarini ko'rgan. Kuzov va yashirin bo'shliqlar qo'shimcha ravishda mum bilan ishlov beriladi, pastki qismi esa korroziyaga qarshi va shovqin o'tkazmaydigan materiallar bilan himoyalanadi.
Hozircha yangi modelning narxi e'lon qilinmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!