Jezush Ronalduni navbatdagi o'yinda dam oldiradi

“Al-Nasr” bosh murabbiyi Jorje Jezush Krishtianu Ronalduning yaqinlashib kelayotgan uchrashuvni o'tkazib yuborishiga izoh berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Chorshanba kuni Ar-Riyod klubi OFK Chempionlar ligasi doirasida “Arkadag”ga qarshi maydonga tushadi. Portugaliyalik yulduz hujumchi boykotdan keyin tez orada safga qaytishi kutilayotgandi, biroq bu galgi bahsda ham u tarkibda bo'lmaydi.
“Zich taqvim sabab Ronalduga va asosiy tarkibdagi boshqa futbolchilarga dam berishga qaror qildik. Oldinda “Al-Fateh”ga qarshi juda muhim o'yin bor”, — deya Jezushning so'zlarini Al Nassr Zone keltiradi.
Murabbiy, shuningdek, Ronalduning dam olishi yangilik emasligini ta'kidladi: bu Saudiya Arabistonidan tashqarida o'tadigan uchrashuvlarda u ilk bor chetda qolayotgani emas.
Saudiya chempionatidagi “Al-Fateh” — “Al-Nasr” uchrashuvi 14-fevral, shanba kuni bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!