Kapello Ronaldu nega hech qachon Messiga tenglashmasligini aytdi

79 yoshli Fabio Kapello futbol olamidagi sukunatni buzdi. Italiyalik murabbiy navbatdagi keskin fikrini bildirdi va bu gap ijtimoiy tarmoqlarda chaqmoqdek tarqaldi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Kapello The Touchline nashriga bergan intervyusida ko‘pchilik ich-ichidan o‘ylaydigan, ammo baland aytishga cho‘chiydigan gapni ochiq aytdi: Krishtianu Ronaldu – buyuk to‘purar, biroq unda Messi, Maradona yoki braziliyalik Ronaldu darajasidagi tug‘ma daholik yo‘q.
«Krishtianu Ronaldu – ajoyib to‘purar va nihoyatda kuchli futbolchi, lekin men unda hech qachon Messi, Maradona yoki Ronalduga xos geniallikni ko‘rmaganman», — dedi Kapello.
Murabbiy o‘z tajribasiga tayangan holda futbolchilarni ikki toifaga ajratdi: biri mehnat, iroda va intizom bilan “imkonsiz”ni amalga oshiradi, ikkinchisi esa to‘pni olishi bilanoq maydonda sehr boshlanadi.
Ronaldu 41 yoshda, Saudiya Arabistonida o‘ynayapti, hanuz ko‘plab gollar urmoqda, tashqi ko‘rinishi hamon yosh futbolchilarnikidek. Uning vitrinasida beshta “Oltin to‘p” bor, ortida esa dunyoning top klublarida to‘plangan katta tajriba turibdi.
Ko‘pchilik bunday yoshda allaqachon divanda o‘tirib, futbolni sharhlashga yoki “eski yaxshi kunlar” haqida gapirishga o‘tib ketardi. Ammo Ronaldu hanuz o‘zini ayamay ishlaydi: ovqatidagi har bir grammni nazorat qiladi, tiklanish usullariga jiddiy yondashadi va mashg‘ulot dasturi bilan ko‘pchilikni hayratda qoldiradi.
Kapelloning fikricha, Krishtianuning kuchi ham aynan shunda: u o‘zini sport ilm-fani va intizom orqali “mashina”ga aylantirdi. U istalgan masofadan gol ura oladi — oyoq bilan ham, bosh bilan ham. Biroq bularning barchasi tug‘ma mo‘jiza emas, yillar davomida to‘xtovsiz mehnatning mevasi.
Italiyalik mutaxassis misol keltirdi: Maradona to‘pni maydonning o‘z yarmidan olib chiqib, raqiblar orasidan bemalol o‘tib ketgandek ko‘rinardi. Braziliyalik Ronaldu eng zo‘r davrida shunday tezlik va harakat bilan o‘ynardiki, himoyachilar uning qayerga ketganini anglab ulgurmasdi. Messi esa maydonni go‘yo shaxmat taxtasidek oldindan “o‘qiydi” — buni yuqori tezlikda va to‘pni oyog‘iga “yopishtirib” turib qiladi.
Kapelloning ta’kidlashicha, Ronaldu bunday intuitiv sehrdan ko‘ra, hammasini o‘rgangan, takomillashtirgan va mukammallikka yetkazgan futbolchi. U buyuklikka “tug‘ilib” emas, o‘zini yaratib yetgan. Murabbiy bunga o‘n yillab eng kuchlilar bilan ishlagan ko‘zi o‘rganganini qo‘shimcha qildi.
Kapello Ronalduga past baho bermaydi: u portugaliyalikni ulkan futbolchi deb biladi. Shunchaki, uni reallikni birgina borligi bilan o‘zgartirib yuboradigan “geniylar” qatoriga qo‘shmaydi.
Ronaldu muxlislarini ko‘proq ranjitadigan jihat ham shu: bu gapda ma’lum mantiq borligini ular ich-ichidan sezadi. Statistikalar, rekordlar, beshta “Oltin to‘p” — bularning bari kuchli dalil, ammo futbolda raqam bilan o‘lchab bo‘lmaydigan nozik narsa ham mavjud.
Kapelloga ko‘ra, Ronaldu o‘zidan kutilgan gollarni uradi: havodagi kurashda hammaning ustidan sakraydi, zarbani aniq joylaydi, vazifasini ideal bajaradi. Farq shundaki, u hammasiga favqulodda mehnat va temir intizom bilan erishgan, “geniylar” esa tug‘ma berilgan narsa bilan ajralib turadi.
Albatta, endi Ronaldu tarafdorlari barcha argumentlarni sanaydi: Chempionlar Ligasi, gollar bo‘yicha rekordlar, Yevropaning top klublaridagi faoliyat. Kapello esa boshqa masalani ko‘tarmoqda — buyuk futbolchi bilan geniy o‘rtasidagi nozik chegarani.
Italiyalik murabbiy katta tajribaga ega va uning gapini yoqtirmaslik mumkin, ammo u aytgan fikr ustida hech bo‘lmasa bir zum o‘ylab ko‘rishga arziydi. Qolganini esa futbol bahslari va internetning odatdagi shovqini hal qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!