date

Kapello Ronalduda Messiga xos daholik yoʻqligini aytdi

Kapello Ronalduda Messiga xos daholik yoʻqligini aytdi

79 yoshli Fabio Kapello futbol olamida sukunat choʻzilib ketganini istamadi, shekilli. Italiyada bir qator klublarni boshqargan, Rossiya terma jamoasini ham ishlatgan tajribali murabbiy The Touchline nashriga bergan fikri bilan ijtimoiy tarmoqlarda yana bir bahsni alangalatdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.

Kapelloning gapiga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu — inkor qilib bo‘lmaydigan darajadagi toʻpurarlardan biri. Biroq u portugaliyalik yulduzda Messi, Maradona yoki braziliyalik Ronaldo kabi tugʻma daholikni hech qachon ko‘rmaganini ochiq aytdi.

«Ronaldu — ajoyib bombardir va aqlbovar qilmas futbolchi, lekin unda men hech qachon Messi, Maradona yoki Ronaldo darajasidagi geniusni ko‘rmaganman», — dedi Kapello.

Italiyalik mutaxassis shunday qilib, iroda va temir intizom hisobiga “imkonsiz”ni uddalaydiganlar bilan, toʻp oyoqqa tegishi bilan maydonda sehr boshlanadigan futbolchilar o‘rtasiga aniq chiziq tortdi. Uning fikricha, Ronaldu birinchi toifaga yaqinroq.

Ronaldu 41 yoshda boʻlsa-da, Saudiya Arabistonida hamon koʻp gol uryapti, jismoniy holati yosh futbolchinikiga yaqin, tokchasida beshta “Oltin toʻp” bor, faoliyatida dunyoning eng kuchli klublari safida toʻp surgan. Bunday rezyume har qanday o‘yinchi uchun afsonaviy ko‘rinadi.

Ko‘pchilik bu yoshda allaqachon futbolni chetga surib, telekommentatorlik yoki tinch hayotni tanlagan bo‘lardi. Ronaldu esa odatdagidek mehnatni birinchi o‘ringa qo‘yadi: ovqatlanish, tiklanish va mashg‘ulotlarda maksimal tartib, tanani sport ilmiga mos “mexanizm”ga aylantirish — uning kundalik rejimi.

Kapello ham buni inkor qilmaydi: Ronaldu — “mashina”. U masofadan qat’i nazar gol uradi, havodagi kurashda ustun, zarbalar arsenali boy. Lekin murabbiy nazarida bularning bari yillab yigʻilgan mehnat va o‘zini ayamaslik mahsuli, daholik esa boshqa tushuncha.

Kapello misol sifatida futbol tarixidagi eng noyob iste’dodlarni eslatadi: Maradona oʻz maydonida toʻpni olib, raqiblar orasidan hovlidagi bolalardek o‘tib ketardi; braziliyalik Ronaldo eng yuqori choʻqqisida himoyachilarga qaror qabul qilishga ham ulgurmasdan yoʻnalishni oʻzgartirib, gol urardi; Messi esa maydonni goʻyo bir necha yurish oldindan ko‘ra oladigan shaxmatchidek oʻqiydi, buni esa yuqori tezlikda va toʻpni oyoqqa “yopishtirgan” holda bajaradi.

Ronaldu haqida esa Kapelloning xulosasi boshqacha: u hammasini o‘rgangan, mashq qilgan, takomillashtirgan, burchak va trayektoriyalarni yod olgan. Ya’ni u buyuk futbolchini o‘zi yaratgan, tug‘ma mo‘jiza sifatida maydonga tushadiganlardan emas.

Murabbiy fikricha, aynan shu farq Ronalduning yutuqlarini kichraytirmaydi, ammo uni “daholar” qatlamiga kiritishga ham asos bermaydi. Portugaliyalik o‘z ishini ideal darajada bajaradi: undan kutilgan gollarni uradi, kerakli paytda sakraydi, zarbani mukammal ijro etadi.

Kapello aytayotgan masala raqam bilan o‘lchanmaydi. Statistikalar, rekordlar, beshta Chempionlar ligasi yoki yuzlab gollar — bularning bari haqiqat. Biroq italyan mutaxassisi “buyuk” bilan “genius” o‘rtasidagi nozik, lekin muhim tafovutga urg‘u beryapti.

Shu sabab endi bahslar kuchayishi tabiiy: Ronalduning muxlislari dalillarni sanaydi, raqiblari esa Kapello fikrini yoqlaydi. Ammo Kapelloning aytishicha, bu haqorat emas — shunchaki futbolni o‘nlab yillar ichidan ko‘rib kelgan mutaxassisning xulosasi.

Arman Tigranyants

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Kapello Ronalduda Messiga xos daholik yoʻqligini aytdi