Osimhen Yuvyentusda o'ynash orzu ekanini aytdi

"Galatasaroy" hujumchisi Viktor Osimhen "Yuvyentus" mavzusi bo'yicha fikr bildirdi. So'nggi yillarda nigeriyalik forvard bir necha bor Turin klubiga o'tishi mumkinligi haqida gap-so'zlar markazida bo'lgan, biroq transfer amalga oshmagan. O'tgan yozda "Galatasaroy" uni "Napoli"dan 75 million yevroga sotib olgandi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Osimhenning ta'kidlashicha, "Yuvyentus" boy tarixga ega va unda ko'plab afsonalar to'p surgan ulkan klub. Uning aytishicha, bunday jamoada o'ynash sharaf bo'lar edi, ammo hozir u "Galatasaroy"da o'zini baxtli his qilmoqda. Shunga qaramay, forvard kelajakda nima bo'lishini oldindan aytib bo'lmasligini qo'shib, dunyodagi futbolchilarning katta qismi "Yuvyentus"da o'ynashni xohlashini qayd etdi. Futbolchining so'zlarini jurnalist Fabrisio Romano keltirdi.
Chorshanba kuni jamoalar Chempionlar ligasida javob uchrashuvini o'tkazadi. Ilk o'yinda Istanbul klubi o'z maydonida turinliklarni 5:2 hisobida yirik mag'lubiyatga uchratgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!