Tyerri Anri “Barsa”da tizimli himoya muammosini tanqid qildi

“Barselona”ning sobiq hujumchisi Tyerri Anri kataloniyaliklarning UYEFA Chempionlar Ligasidan chiqib ketishi yuzasidan keskin fikr bildirdi. Jamoa 1/4 finalda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 2:3 hisobida “Atletiko”ga yutqazdi.
Anrining taʼkidlashicha, “Barselona”ga yuqori saviyadagi markaziy himoyachilar juda zarur. U hakamlik haqida uzoq gapirish mumkinligini, ammo asosiy eʼtibor o‘z o‘yinini tahlil qilishga qaratilishi kerakligini aytdi:
— Bu “Barsa”ga juda ham yuqori saviyadagi himoyachilar kerak. Hakamlik haqida butun tun gapirishimiz mumkin, ammo o‘zimizni tanqid qilishimiz ham shart. Agar hech narsa o‘zgarmasa, kelgusi 10 yilda ham xuddi shu holatni ko‘ramiz va bu jiddiy muammo bo‘ladi, — dedi u. Anri fikricha, jamoada tizimli kamchiliklar mavjud va ular tezda hal qilinishi shart.
U yuqori himoya chizig‘i bilan o‘ynash “Barselona” uchun doimiy xavf yaratayotganini ham alohida taʼkidladi. Hatto jamoa ustunlik qilayotgan paytlarda ham raqiblarga ko‘p imkoniyat berilayotgani pley-off bosqichlarida qiyinchilik tug‘diradi:
— Bunday katta darajadagi o‘yinlarda yuqori himoya chizig‘i bilan o‘ynash vaziyatni juda ham murakkablashtiradi. Bu “Barselona” hatto o‘zi ustunlik qilayotgan paytda ham raqibga imkoniyatlar beradi, shuning uchun pley-off bosqichlaridan o‘tish juda qiyin bo‘ladi, — dedi Anri.
Anri bu haqda bir necha yildan beri ogohlantirib kelayotganini aytdi. Uning fikricha, barqarorlik yo‘qligi yuqori darajadagi natijalarga erishishni qiyinlashtirmoqda:
— Men bu haqda ikki yildan beri aytib kelyapman. Afsuski, bu jamoaga kelasi mavsumning o‘zidayoq elita darajasidagi markaziy himoyachilar juda zarur. Agar sizda maydondagi bo‘sh hududlarni yopish uchun chidam yoki tezlik bo‘lmasa, o‘zingizni juda qiyin ahvolga solib qo‘yasiz. Bu shunchaki omadsiz oqshom emas, balki tezda hal qilinishi kerak bo‘lgan tizimli muammo, — deya xulosa qildi u CBS efirida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!