Osiyo boylari reytingida kutilmagan o‘zgarish yuz berdi

Osiyo biznes olamida yirik o‘zgarish yuz berdi — Hindistonning yirik sanoat konglomerati Adani Group asoschisi va raisi Gautam Adani mintaqaning eng boy insoni maqomini qayta tikladi. Bu haqda 17 aprel kuni yangilangan Bloomberg Billionaires Index ma’lumotlarida qayd etildi.
Yangi reytingga ko‘ra, Adanining umumiy boyligi 92,6 milliard dollarga yetgan bo‘lib, bu unga nafaqat Osiyo miqyosida yetakchilikni, balki dunyo milliarderlari ro‘yxatida 19-o‘rinni ham ta’minladi. Uning asosiy raqibi sifatida ko‘rilayotgan Mukesh Ambani esa 90,8 milliard dollar kapital bilan 20-o‘rinda qayd etilgan.
Mutaxassislar boylikdagi bu o‘zgarishlarni Adani Group kompaniyalari aksiyalarining sezilarli o‘sishi bilan izohlashmoqda. Xususan, energetika, port logistika hamda aeroport boshqaruvi yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar qiymatining oshishi Adanining moliyaviy holatini sezilarli darajada mustahkamladi. Yil boshidan buyon uning boyligi 8,1 milliard dollarga ko‘paygan.
Aksincha, Mukesh Ambanining kapitali esa shu davr ichida 16,9 milliard dollarga kamaygan. Bu esa Osiyo milliarderlari reytingidagi yetakchilik almashuviga bevosita ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Osiyoning eng boy uchligini esa Xitoyning texnologik giganti Chjan Imin yakunlaydi. Uning boyligi 68,7 milliard dollar deb baholangan.
Jahon miqyosidagi milliarderlarga nazar tashlansa, eng yuqori pog‘onada Ilon Mask turibdi — uning boyligi 656 milliard dollarga yetgan. Ikkinchi o‘rinda Larri Peyj (286 milliard dollar), uchinchi pog‘onada esa Jeff Bezos (269 milliard dollar) joylashgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!