Jezush Ronalduga dam berdi, u navbatdagi o'yinni o'tkazib yuboradi

"Al-Nasr" bosh murabbiyi Jorje Jezush Krishtianu Ronaldu nega yaqinlashib kelayotgan uchrashuvda maydonga tushmasligini izohlab berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ar-Riyod klubi chorshanba kuni OFK Chempionlar ligasi doirasida "Arkadag"ga qarshi bahs olib boradi. Portugaliyalik yulduz hujumchi boykotdan so'ng tez orada qaytishi kutilayotgandi, biroq bu safar ham u qaydnomaga kiritilmaydi.
Jezushning aytishicha, tig'iz taqvim sabab Ronaldu va asosiy tarkibdagi yana bir qator futbolchilarga dam berishga qaror qilingan. Murabbiy fikricha, jamoa oldinda "Al-Fateh"ga qarshi muhim o'yinga tayyorgarlikni birinchi o'ringa qo'ymoqda.
Shuningdek, Jezush Ronalduning Saudiya Arabistonidan tashqarida o'tadigan uchrashuvlarni o'tkazib yuborishi yangilik emasligini, bu holat avval ham bir necha bor takrorlanganini ta'kidladi.
Saudiya chempionatidagi "Al-Fateh" — "Al-Nasr" uchrashuvi shanba, 14-fevral kuni bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!