Nagelsmann Noyerning qaytishi bo'yicha aniq fikr bildirdi

Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann darvozabon Manuel Noyerning milliy jamoaga ehtimoliy qaytishi haqidagi savollarga munosabat bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
OAVda hamon «Bavariya» sardori bo'lgan, tez orada 40 yoshni qarshilaydigan tajribali golkiperni terma jamoaga yana chaqirish mumkinligi haqida gap-so'zlar to'xtagani yo'q. Ayrimlar Noyer jahon chempionati arafasida bundestimning darvozabonlar bilan bog'liq muammosini yopishga yordam berishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
«Bu masalada pozitsiyamni ochiq aytganman, Manu ham o'z fikrini aniq bildirib bo'lgan. U terma jamoadagi faoliyatini yakunlagan. Hozir ham u “Bavariya”da o'z ishini juda yaxshi bajaryapti, ammo bizda Baumann degan boshqa a'lo darvozabon bor. Agar Oli shu darajada o'ynashda davom etsa, jahon chempionatini juda yaxshi o'tkazadi», — dedi Nagelsmann Kicker bilan suhbatda.
Manuel Noyer 2024 yilda Germaniya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!