Xabi Alonso Chelsi boshqaruvini qabul qilib oldi: jasoratmi yoki xato?

Real Madriddagi muvaffaqiyatsiz mavsumdan so‘ng, Xabi Alonso kutilmaganda Chelsi jamoasini boshqaradigan bo‘ldi. Ko‘pchilik mutaxassislar ispaniyalik murabbiyning bu qarorini tavakkalchilik deb atamoqda, chunki London klubi so‘nggi yillarda doimiy tartibsizliklar va murabbiylar almashinuvi girdobida qolib ketgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Chelsi rahbariyati Alonso bilan 2030-yilga qadar mo‘ljallangan to‘rt yillik shartnoma imzoladi. Qizig‘i shundaki, klub uni oddiy "bosh murabbiy" emas, balki "menejer" sifatida tanishtirdi. Bu maqom Alonsoga tarkibni shakllantirish va transfer siyosatida kengroq vakolatlar berilishini anglatadi, bu esa klubda uzoq muddatli loyiha boshlanayotganidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalgi murabbiylar Enzo Maresca va Liam Rosenior klubda uzoq qola olishmadi. Ayniqsa, Roseniorning atigi uch yarim oy ichida iste’foga chiqarilishi jamoa ichidagi muhit qanchalik og‘ir ekanini ko‘rsatdi. Futbolchilar bilan til topisha olmaslik va kiyinish xonasidagi nizolar uning faoliyatiga nuqta qo‘ydi.
Alonso uchun ham xuddi shunday xavf mavjud. Real Madriddagi qisqa muddatli faoliyati davomida u Vinicius Junior va Jud Bellingem kabi yulduzlar bilan kelishmovchiliklarga borgani sir emas. Ispaniyalik mutaxassis endi Chelsi yulduzlarini jilovlab, jamoani yangi cho‘qqilarga olib chiqa oladimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!