13:10 / 21.06.2017
3 304

O‘FF terma jamoamizga bosh murabbiy tayinlash yoki uni iste’foga chiqarish bobida oqsayapti

O‘FF terma jamoamizga bosh murabbiy tayinlash yoki uni iste’foga chiqarish bobida oqsayapti
Hozir oliy hakam omadsiz murabbiylarga murojaat qilib «Qani, kim jabrdiyda? Kim nohaq aziyat chekmoqda? Uning uchun, albatta, adolatni tiklaymiz!» desa, Samvel Babayan jon holatda «Haqiqat bor ekan-ku! Mana, men nohaq tanqid bo‘roni ostida qoldim!» deyishi aniq.

Bundoq o‘ylab qaralsa, u ham o‘zicha haq. Har holda, sha’niga tinimsiz dakki-dashnomlar yog‘dirayotgan muxlislardan ranjish uchun asoslari etarli. Fakt shuki, Mirjalol Qosimov og‘ir ahvolda qoldirgan milliy jamoamiz aynan uning rahbarligida o‘zini o‘ngladi va JCh-2018 so‘nggi saralash bosqichini ko‘tarinki kayfiyatda boshladi.

Buni shu kunlarda yana bir bor e’tirof etish darkor. Darhaqiqat, bosh jamoamiz Samvel Babayan rahbarligida qisqa muddatli ko‘tarinki tarixni bosib o‘tdi. O‘shanda bosh murabbiyning omadi chopdi. Milliy jamoamiz zerikarli va tushunarsiz o‘yin namoyish etib bo‘lsa hamki, mo‘’jiza evaziga Suriya va Qatar futbolchilarini kichik hisoblarda engdi.

G‘alabalar hurmatidan muxlislar babayancha uslubga ko‘nishdi. Afsuski, Janubiy Koreya va Eron terma jamoalariga qarshi kechgan kuzgi uchrashuvlardayoq haqiqiy ahvol yaqqol ko‘zga tashlandi va muxlislar xavotirga tusha boshlashdi.

Qisqasi, ko‘ngillarga shubha oraladi va bosh murabbiy imkonlariga nisbatan ishonchsizlik bildirildi. Bugungi mojarolar - kuzda jiddiy e’tibor qaratilmagan ishonchsizlik kayfiyatining oqavasi. Endi bu oqavani tozalash amri-mahol. Vaziyat izdan chiqdi. Muxlislar butunlay teskari to‘nlarini kiyishdi va buning uchun ularni ayblash aqlsizlikdir.

Oqimga qarshi suzish naqadar mushkul. Samvel Babayan shuni tushunishi kerak. U bilan bog‘liq yorqin tasavvurlar allaqachon noxushlik pardalariga o‘raldi. Xitoy va Janubiy Koreya terma jamoalariga qarshi kechadigan so‘nggi 2 ta muhim bahsga shunday kayfiyatda hozirlik ko‘rish mantiqqa ziddir. Chunki murabbiyda ham, futbolchilarda ham ruhiy muvozanat buzilgan va ikki tomon bir-biriga yordam berolmaydi. Shunday vaziyatda zarur chora-tadbirlarni qo‘llamaslik, 5 sentyabrni kutish - xato. Eng yomoni, bu xato kutilmagan yangi xatolarga yo‘l ochishi mumkin.

Xo‘sh, futbolimiz nima sababdan ketma-ket shunday muammolarni boshdan kechiryapti, mavjud holatning sof, ya’ni faqat o‘yinning o‘ziga aloqador jihatlari ham bormi? Quyida shu mavzudagi mulohazalarimizni bayon etamiz:

1. Nazarimizda, milliy jamoamizni boshqargan so‘nggi 3 nafar mutaxassis - Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov va Samvel Babayanga mukammal murabbiylik ta’limining etishmasligi pand berdi. Shu boismi, ularda dastlabki muvaffaqiyatlardan so‘ng o‘sish kuzatilmadi. Aksincha, har biri o‘z bilganicha pala-partish tajribalarga qo‘l urdi va bu borada haqligini baralla ta’kidlashdan charchamadi. Osiyo kubogi-2011da Avstraliya va Janubiy Koreya terma jamoalariga qarshi kechgan tahlikali o‘yinlar - Vadim Abramov o‘zbilarmonligining qora ko‘zgusi. O‘shanda 3-o‘rin uchun bahsda ham hisob 0:3 ga etgachgina murabbiy va futbolchilar biroz o‘zlariga kelishgandi.

Ammo bu hushni yig‘ish uzoqqa cho‘zilmadi. Arab futbolini engish hadisini olgan Vadim Abramov seleksiyasi bois, olimpiyachilarimiz London-2012ga borisholmadi. Hayot isbotladiki, Vadim Karlenovich majburan milliy va olimpiya terma jamoalari tarkibiga tiqishtirgan bir qator futbolchilar keyinchalik nimalarga qodir ekanliklarini amalda ko‘rsatisholmadi. Ke­yin esa murabbiy sariq kartochkalar mashmashasiga yo‘l qo‘ydi va shu voqea ta’sirida iste’foga chiqarildi.

Mirjalol Qosimov JCh-2014 saralashi so‘nggi bosqichini nisbatan yaxshi o‘tkazdi, biroq Iordaniya termasiga qarshi kechgan 2 ta «pley-off» bahsi uning obro‘siga putur etkazdi va shu ruhsizlik KXDR futbolchilariga alamli yutqazish bilan yakunlandi. Samvel Babayan bilan bog‘liq yangi tarixni esa yuqorida esladik. Ko‘rinib turibdiki, har 3 nafar murabbiy ma’lum zarbalardan so‘ng yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilolmadi, vaziyat jilovini qo‘ldan chiqarib yubordi.

2. O‘FF terma jamoamizga bosh murabbiy tayinlash yoki uni iste’foga chiqarish bobida oqsayapti. Vadim Abramovni bosh murabbiylikka tayinlashi va uni iste’foga chiqarilishi O‘FFni eng so‘nggi kutilmagan ma’qul qarorlari edi. Olimpiyachilarimiz London-2012 yo‘llanmasidan mahrum bo‘lishgach, Vadim Karlenovich ruhiyatida notinchlik sezilgan va «Jar» stadionida Eron termasidan uchralgan mag‘lubiyatning bir uchi o‘sha holat bilan izohlanadi. Shu ma’noda aytsak, u vaqtida iste’foga chiqarildi. O‘FFning ke­yingi qarorlari esa o‘zini oqlamasligi avvaldan ma’lum edi va bu hayotda ham o‘z isbotini topdi.

Mirjalol Qosimov va Samvel Babayan yangi havo vazifasini o‘tashgani uchun ham terma jamoamiz ularning qo‘l ostida qisqa muddatli ko‘tarilishga erishdi. Ammo yuksak saviya bo‘lmasa, yangi havoning o‘zi bilan uzoqqa borish mushkul. O‘FF masalaning mana shu jihatini hal qilolmay xunob. Shuning uchunmi, Samvel Babayanga javob berishni istamadi. Samvel Vyacheslavovich esa o‘z-o‘zicha iste’fo bermaydi. Holbuki, Xitoy termasi bilan uchrashuvda futbolchilarimiz salbiy natija qayd etishsa, vaziyat mutlaqo chigallashib ketadi. O‘FFni o‘sha ehtimoli bor chigallikdan bugungi yangi qaror qutqaradi. Eh, kuzda shu ish amalga oshganidami, terma jamoamiz yangi havo kuchi bilan suriyalik futbolchilarni Malayziyada ham enggan bo‘lardi. Qolaversa, Samvel Babayan hozirgiday noqulay ahvolga tushmasdi.

3. Har bir o‘yinga hayot-mamot masalasi sifatida qaralavergani sabab, terma jamoamiz tarkibidagi avlodlar almashinuvi keskin ravishda ortga surildi. Ana, Stanislav Cherchesov SSKA va «Zenit»ning mashhur futbolchilari xizmatidan voz kechib, Rossiya terma jamoasi tarkibini keskin yangiladi. Natijada uning jamoasi ijrosida evrofutbolga xos tezkor va tajovuzkor ruh ko‘zga tashlandi. Leonid Sluskiy esa bu ishga botinolmagandi. Samvel Babayan ham negadir tarkibni yangilashdan cho‘chimoqda. U Vitaliy Denisov bo‘lmasa, Stanislav Andreevni maydonga tushiradi. Igor Sergeevga esa noyob topilma sifatida qaraydi. Igor maydonga tushmasa, terma jamoa ishi sira yurishmaydigandek, go‘yo. Vaholanki, «Qo‘qon-1912» yoki «Dinamo» futbolchilari ulardan foydaliroqlar. Asosiy tarkib futbolchilarining ketma-ket ravishda jarohatlanishlari aslida yo‘qotish emas, balki Samvel Babayan uchun imkon va ogohlantirish edi. U esa shu imkon va ogohlik bongidan o‘zini olib qochdi.

Muhtaram muxlis! Siz bugun terma jamoamiz mag‘lubiyatlaridan ozurdasiz. Bosh murabbiy tanqidlardan xafa. Ikki o‘rtada terma jamoamiz taqdiri muallaq. Shunday ekan, vaqt - oliy hakamga yuzlanamiz va uning qarorlarini kutamiz. U muxlislar va O‘FF, terma jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilar o‘rtasidagi bo‘linishga barham beradimi? O‘ylaymizki, bebaho vaqt bunga qodir!


Manba: www.iff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FF terma jamoamizga bosh murabbiy tayinlash yoki uni iste’foga chiqarish bobida oqsayapti