Rus ertaklarida ko‘pincha «xalq qahramoni» sifatida podshohning kenja farzandi Ivan-jinni ko‘z oldimizda gavdalanadi. Bir ertak bor, siz ham buni eshitgan yoki teleekranlarda tomosha qilgan bo‘lsangiz kerak. Xullas, kunlardan bir kuni podshoh uchta farzandlarini uylantirishga qaror qiladi va ularga o‘ziga xotin topib qo‘yishlari uchun bir g‘ayritabiiy uslubdan foydalanishni taklif qiladi. Taklifga ko‘ra, o‘g‘illar qo‘llariga kamon olib, uning o‘qini iloji boricha uzoqroqqa otishlari kerak bo‘ladi. Kamon o‘qi qaysi xonadonga tushsa, o‘sha xonadon qizi yurtning yangi malikasi nomiga loyiq ko‘rilar ekan. Zo‘r-a? Bir tasavvur qiling, podshohning uchchala kap-katta farzandlari o‘ziga umr yo‘ldosh izlab topish maqsadida katta tavakkalchilikka qo‘l urishyapti. Omadi kelsa, yaxshi xotinga uchraydi, yo‘qsa yo‘q. Tamom.
Bu ertak-ku, axir, ertaklarda nimalar sodir bo‘lmaydi, dersiz. Men bu ertakni sizga nima uchun eslatdim? Chunki ushbu ertakda men terma jamoamizning bugungi… yo‘q-yo‘q, nafaqat bugungi, balki butun 21 asr mobaynidagi holatini ko‘rdim. Qanday qilib, deysizmi? Hozir hammasini bafurja tushuntirib beraman.
Mana, necha yildirki, bizning terma jamoamiz muvaffaqiyatlariga to‘siq bo‘layotgan ikki holat mavjud: birinchisi — o‘rtoqlik uchrashuvlari, ikkinchisi — bosh murabbiy masalasi. Keling, shu oxirgi sikl haqda so‘z yuritaylik. Samvel Babayan boshchiligida terma jamoamiz o‘rtoqlik uchrashuvlar vaqtida qaysi kuchli, nomdor raqibga qarshi maydonga tushdi? Afrikaning qaysidir jamoasining ikkinchi tarkibi, Iordaniya, Iroq, Qirg‘iziston… Shunday tayyorgarlik olib borayotgan terma jamoa jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladimi? Savolni boshqacharoq qo‘yaman: shunday tayyorgarlik olib borayotgan terma jamoa jahon chempionatiga chiqishni istaydimi? Hohish, istak bormi? Maqsad, niyat, niyatga yarasha harakat.. Hammasi shumi?
Ikkinchi muammoga qaytamiz. Bu endi alohida mavzu. Bu borada qalam ahli so‘z yuritib, takliflar bildiraverib, charchab ham qolishdi. So‘z uvol! Qalam uvol! Avval Inileyevga terma jamoani topshirib ko‘rdik. Natija chiqmagach, boshqaruvni Qosimov oldi. Undan ham tayinli sado chiqmagach, Vadim Abramov boshchilik qildi. Keyin yana Qosimov, keyin Samvel Babayan. 2007 yildan to bugungi kunga qadar vaqtimizni shu tariqa zoye ketkazdik. Xato qildik, xatoni tuzatishning o‘rniga yana o‘sha xatoni qayta takrorladik. Katta jarlikni ko‘ra bilaturib ham, uni aylanib o‘tishning o‘rniga, qayta-qayta o‘sha jarlikka tushib ketaverdik. Haligi «ko‘zlarimiz ko‘r edi», deb kulguga qolgan deputatimiz holatiga o‘xshab, ko‘r ko‘zlarimiz bilan o‘sha jarlik tomon qadam-baqadam yuraverdik. Buning oqibatida, ko‘rib turganingizdek, bugungi holatimiz namoyon bo‘lmoqda.
APL jamoalari bir necha yil qatorasiga YeChLda omadsizliklarga duch kelavergach, asl muammo qayerda ekanligini tezda payqab olishdi va har bir Angliyaning top-klubi o‘z darajasidan kelib chiqib, o‘ziga nomdor bosh murabbiy qidirib topdi. Qozog‘iston va Ozarbayjon futbol klublari ham xorijlik bosh murabbiyning qo‘l ostida yevrokuboklarda qatnashishga muvaffaq bo‘lyapti. Ruslar ham mamlakat futboli darajasini botqoqdan ko‘tara olgan insonlar sifatida hali-hanuz hollandiyalik Guus Hiddink va Dik Advokat ekanligini iddao qilishadi. Xo‘sh, biz-chi? Biz qachon shu haqiqatni tan olamiz? Bizning mahalliy murabbiylarimiz o‘z chempionatimiz darajasida ekanini, bu mutaxassislar bilan JChga yo‘l olish tugul, hatto Osiyoning grand jamoalarini hech yo‘q bir marotaba ham yenga olmaganimizni, yenga olmasligimizni qachon tushunib yetamiz? Kim tushunib yetadi? Bu haqiqatga real qaray oladigan, omadsizliklarimiz uchun aybni o‘z bo‘yniga oladigan mard javobgar inson bormi o‘zi?
Yana yuqoridagi ertakka qaytamiz. Terma jamoamiz mutasaddilarini o‘sha o‘z o‘g‘illariga aqlga sig‘mas taklif bergan o‘sha podshohga o‘xshataman. 10 yildan ortiq vaqt mobaynida biz kimga, nimaga ishondik? Qanday natijani ko‘zlagan edik? Ko‘r-ko‘rona «kamondan o‘q otish»midi bizning maqsadimiz? Na bir aniq reja, na bir sistema va na bir maqsad tomon dadil harakatlanishlar ko‘rindi. O‘xshab qolsa — «chiroyli malika», o‘xshamay qolsa… Afsuski, o‘xshamay qoldi. O‘sha rus ertagi qahramoni Ivan-jinniga o‘xshab, har gal «kamon o‘qimiz» JCh yo‘llanmasi tomon emas, balki «qurbaqa» yoniga tushaverdi.
Bugun ushbu qing‘iriklar uchun kim javobgar? Xalqning dardini kim eshitadi? Shuncha yildan beri bir-xil xatolarni takror va takror qaytarganimizga qarab aytadigan bo‘lsak — hech kim! Alqissa, Erkin Vohidov aytganlaridek:
«Bizlar arra tortmoqdamiz,
Arramizning tishi yo‘q.
Nega arrang tishi yo‘q, deb,
So‘raydigan kishi yo‘q.»
Endi gap bunday. Madomiki, O‘zbekiston futbol federatsiyasi rostdan ham terma jamoaning JChga yo‘llanmani qo‘lga kiritishini chin ko‘ngildan istar ekan, buni eng avvalo o‘z harakatlari bilan isbotlasin. Barcha ishni bosh murabbiy bilan futbolchilar zimmasiga yuklatavermasdan, katta kuch xosil qilib, shu vazifani amalga oshirish uchun o‘z ishiga professionallik bilan yondoshsin. O‘rtoqlik o‘yinlar borasida ham, bosh murabbiy masalasida ham mavjud bo‘lgan muammolarni uzil-kesil hal qilsin. Ana o‘shandagina, shu ish amalga oshirilgach, muxlislardan to‘rt yil kutishni iltimos qilsa arziydi. Aks holda, o‘n yildan beri takrorlanayotgan xatolar yana qaytarilaveradi. Bu holatda esa, Odil Ahmedov aytganidek, futbol o‘ynashni umuman yig‘ishtirib qo‘yaversa ham bo‘laveradi.
Mazkur mulohazamni Nosirjon Toshmatovning quyidagi iqtibosi bilan yakunlayman:
«Futbol fanatlari, ko‘p xunob bo‘lmang,
Kun kelib, jahonga chiqamiz beshak.
Buning uchun… e ha, topdingiz, o‘lmang,
Yuqoridan katta ko‘rsatma kerak.»
Temurmalik Tojiddinzoda
Manba: fayzbog.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar