Yaqinda O‘zbekiston futbol federatsiyasi qaroriga binoan milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan futbolga aloqador barcha faoliyatdan umrbod chetlatilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu qaror jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘ldi. E’tiborlisi, fikr bildirganlar orasida bir qator xorij, xususan, Armaniston nashrlari ham bor.
Masalan, Armanistonning «Armenian Report» nashri federatsiyaning ushbu qarorini «millatchilik» deya baholagan.
«O‘zbekistonda yuz berayotgan voqealar u yerda istiqomat qilayotgan armanlar uchun yaxshi bo‘lmagan davrlar boshlanayotganini ko‘rsatmoqda, — deyiladi maqolada. — Terma jamoa sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanning futbolga aloqador har qanday faoliyatdan umrbod chetlatilgani biz armanlar uchun yoqimsiz va hattoki tashvishli xabar bo‘ldi».
Muallifning fikriga ko‘ra, O‘FFning Samvel Babayanga qo‘ygan — futbolchilarga bo‘lgan noxolis munosabati sabab, termadagi muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgani, nomzodlarni saralab olishda asosan o‘ziga ma’lum futbolchilar bilangina ishlagani hamda barcha klublarga teng munosabatda bo‘lmagani, tajribali murabbiy hamda mutaxassislarning fikr va tavsiyalarini inobatga olmagani kabi ayblovlari mutlaqo adolatsizdir.
«Shunisi aniqki, Babayan o‘zining millati tufayli o‘zbek amaldorlarining g‘azabiga duchor bo‘ldi. Unga qo‘yilgan ayblar esa har qanday normal insonni hayratlantirishi tabiiy. Gap shundaki, Samvel Vyacheslavovich qo‘l ostida o‘zbekistonliklar 22 uchrashuv o‘tkazib, ularning 16 tasida g‘alaba qozondi, bir o‘yinda durang qayd etdi, 5 tasida mag‘lub bo‘ldi. Samvel Babayan foiz ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixidagi murabbiylar o‘rtasida Rustam Akramovdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Aynan Babayan terma jamoani 2019 yilgi Osiyo chempionatiga yo‘llanma beradigan Jahon chempionati saralashining final bosqichiga olib chiqdi. Shunga qaramay uni tanish-bilishchilik va noxolislikda ayblashdi».
Maqolada aytilishicha, o‘zbeklar azal-azaldan «yumshoq qilib aytganda, armanlarni o‘ziga teng ko‘rmagan». Armanlarning «aqlli, madaniyatli va boy ekani» o‘zbeklarning nafratiga sabab bo‘lgan.
«Samvel Babayanning o‘rnida o‘zbek bo‘lganida bunday professionalni chetlatish hech kimning xayoliga kelmagan bo‘lardi. Armanni esa chetlatish mumkin. Armanlarni tanish-bilishchilik va qo‘shib yozishda ayblasa bo‘laveradi. Axir bu kulgili-ku! Xuddi o‘zbeklar hech qachon qo‘shib yozish va ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanmagandek. 1980-yillardagi «paxta ishi»ni aynan armanistonlik tergovchi Telman Xorenovich Gdlyan olib borgan edi. Aynan u O‘zbekistonga «toza havo» olib kirgan va bir necha yuzlab poraxo‘rlarni qamoqqa tiqqan edi. Bugun esa ajoyib sovet futbolchisi va professional murabbiyni turli ayblovlar bilan futboldan chetlashtirishmoqda.
Yashirmayman, meni O‘zbekistondagi arman jamoatchiligining xavfsizligi tashvishlantirmoqda. Biz ilgari bir necha bor o‘zbeklarning millatchiligiga guvoh bo‘lganmiz. Samvel Babayan voqeasi — buning yaqqol dalili. Shuning uchun ham armanlarning o‘z vataniga qaytishi — yagona choradir. Biroq buni amalga oshirish juda mushkul — buning uchun ularda mablag‘ va imkoniyat yo‘q. Chunki mustaqillik yillarida o‘zbek amaldorlari ularni yaxshi yashash uchun barcha imkoniyatlardan mahrum etishgan. Buning uchun bizning davlatimiz yordam bergan bo‘lardi, ammo, afsuski, Armanistonda bunday mablag‘ yo‘q. Shunday ekan, bunday qiyin vaziyatda O‘zbekistondagi armanlar faqat o‘ziga ishonishi lozim bo‘ladi», — deyiladi Armaniston nashri maqolasida.
Tahririyatdan: Bu maqolani nima uchun berdik? Avvalo, Armaniston nashri masalaga noxolis va noprofessionallarcha yondashgan. Maqolada tarixiy haqiqatni buzib ko‘rsatish orqali xalqimizga, o‘tmishimizga hurmatsizlik ko‘rsatilganki, bunga befarq qarab turolmasdik. Maqola boshdan-oyoq ig‘voga asoslangan, haliyam u qisqartirib berildi. Muallif ushbu provokatsion chiqishi orqali Samvel Babayanni oqlashga emas, balki o‘zbek-arman munosabatlariga sovuqlik tushirishni, etnik nizo keltirib chiqarishni ko‘zlagandek, nazarimizda. O‘quvchilarimiz, umuman, butun o‘zbekistonliklarni bu kabi provokatsiyalarga uchmaslikka chaqiramiz. Tez orada portalimizda mazkur maqolaga tahliliy munosabat bildiriladi.
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi