21:50 / 02.06.2018
2 744

Milliy jamoamizda hamon hujumchi muammosi bor?!

Milliy jamoamizda hamon hujumchi muammosi bor?!
Milliy terma jamoamizning Urugvayga qarshi e’lon qilingan tarkibidagi hujum tandemini ko‘rib, futbolimizdagi so‘nggi yillarda vujudga kelayotgan og‘riqli muammolardan birini yana bir bor esga oldim.

Mamlakatimiz futbolida yangi davr boshlanayotgan bo‘lishiga qaramay, afsuski, biz haliyam yaxshi hujumchilarga ega emasmiz.

Futboldagi hujumchi termini faqat va faqat raqib darvozasi atrofida harakat qiluvchi, asosan gol urish payida yuradigan ijrochiga nisbatan ishlatilsada, so‘nggi yillarda bu pozitsiya vakillarining gardanidagi vazifalar ham tobora ko‘payib bormoqda.

Hujumchi aslida qanday bo‘lishi kerak? U eng zarur paytda kerakli joyda paydo bo‘la olishi, yuqori tezligi bilan ajralib turishi, to‘pni darvozaga imkon qadar aniq yo‘llay olishi lozim. Agar bosh bilan tuzukroq o‘ynay olsa, yanada yaxshi. Bu xislatlarga yana o‘nlab misollar keltirish mumkin.

Lekin masalaning yana bir tomoni borki, bu xislatlarning hammasi bir futbolchida mujassam bo‘lgan taqdirda ham, o‘sha hujumchining e’tibordan chetda qolishiga, ba’zida asosli tanqidlarga ko‘milib ketishiga sabab topiladi. Bu - futbolchi tomonidan urilgan gollar soni!

Tarixga nazar tashlasak, taxminan 2014 yillargacha termamiz tarkibida maydonga tushishi doimo aniq bo‘lgan kamida 3-4 nafar hujumchi topilardi.

Milliy jamoamiz yangi tashkil qilingan o‘sha 1992 yildan to 1998 yilgi jahon chempionati saralashigacha hujum chizig‘ida muntazam ravishda Igor Shkvirin harakat qilgan. Uning yonida ba’zan Rustam Do‘rmonov, gohida esa Shuhrat Maqsudov to‘p surardi. Keyinroq Oleg Shatskix ham qo‘shilgan bu ro‘yxatga.

1999 yilning yozida Maksim Shatskix «Baltika»dan Kiyevning «Dinamo»siga o‘tdi-yu, ilk uchrashuvdayoq ikkita to‘p kiritishga erishdi. Aynan shu muvaffaqiyatdan so‘ng Maksimning Ukrainadagi shonli yurishlari boshlandi. Ko‘p o‘tmay Shatskixni milliy jamoamizga taklif qilishdi (ungacha hujumchi olimpiya termamiz safida o‘ynab yurardi).

Samarqanddagi Ozarbayjonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida debyut qilib, «xet-trik»ka erishgan to‘purar forvard shu-shu bosh jamoamizning 1-raqamli hujumchisiga aylanib qoldi.

Shatskixga 2002 yilgi JCh saralashida Ja’far Irismetov hamrohlik qilgan bo‘lsa, keyinroq Aleksandr Geynrix uning asosiy sherigiga aylandi. Rostdan ham Shatskix bilan Geynrix nafaqat maydonda, balki uning tashqarisida ham bir-biri bilan juda yaxshi chiqishardi...

2004 yili Xitoyda o‘tgan Osiyo chempionatiga o‘sha davrda soppa-sog‘ bo‘lgan va hozirgacha sirli qolib keladigan sabablari bilan Shatskix bora olmagan bo‘lsada, uning o‘rnini Vladimir Shishelov umuman bilintirmagandi.

O‘shanda Moldaviyaning «Zimbru» klubi a’zosi bo‘lgan legionerimiz qaytanga terma jamoamiz uchun Shatskixdan ko‘ra ko‘proq foyda keltirolgan, menimcha.

Bulardan tashqari, safimizda o‘zimizning «Paxtakor»dan Anvar Soliyevdek futbolchimiz bor ediki, uning xoh qanot yarim himoyasida bo‘lsin, xoh hujumda - zarur paytda kerakli futbolchiga «aylanib bera olish» xislati hammamizni birdek xursand qilardi (ayniqsa, murabbiylarni!).

O‘sha paytlarda Soliyevga «sehrli tayoqcha» taxallusi qo‘yilgani ham bejiz emas. 2004|2005 yilgi JCh saralashlarida asosan ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Soliyev naqd uchta yirik uchrashuvni qutqarib qolgan!

Namanganlik futbolchining Iroq, Saudiya Arabistoni, Quvayt kabi kuchli jamoalarga gol urib, bizni qiyin vaziyatdan olib chiqib ketgani hali muxlislar xotirasida uzoq saqlanadi.

Shuncha hujumchilar haqida gapirilgani bilan, tilga olinmay qolib ketgan yana 3-4 nafar vakilimiz borki, ularning orasida ayniqsa, Ulug‘bek Baqoyev va Marat Bikmayevlar alohida o‘rin tutadi. Xullas, ortda qolib ketgan yillar davomida biz hujumchi borasida deyarli muammoga duch kelmaganmiz.

Maqolam cho‘zilib ketgan bo‘lsada, yuqoridagi futbolchilarni bejizga nomma-nom sanab o‘tmadim. Xo‘sh, bugungi tarkibimizga o‘zingiz yaxshilab boqing-chi, hozirda o‘sha Anvar Soliyev va Maksim Shatskix darajasidagi hujumchilar bormi termamizda? Yo‘q, albatta!

«Bugun qaysi forvard terma jamoamizda o‘zining doimiy o‘rniga ega?» qabilidagi savolga eng zo‘r bilimdon ham javob berishga qiynalib qolishi aniq. Bikmayev 32 yoshdan o‘tdi, endi undan ko‘p narsa umid qila olmaymiz.

Temurxo‘ja borib o‘ynayotgan «Al-Sayliya»ni «Lokomotiv» xuddi «Al-Vahda» kabi 5:0ga yuta oladi. Bu nimadan darak? Abduxoliqovda kelajak yo‘llari, demakki, rivojlanish yo‘llari to‘sib qo‘yilgan. U Qatarning o‘rtamiyona jamoasi safida ekan, milliy terma uchun kerakli, foydali futbolchi bo‘la olmasligini hammamiz yaxshi tushunib turibmiz.

Balki shuning uchundir, Kapadze Urugvayga qarshi bo‘ladigan o‘yinga yoshlarga ko‘proq urg‘u bergan holda Zabihillo O‘rinboyev bilan Bobur Abduxoliqovni olib ketmoqchi.

Afsuski, «Metallurg» vakilini ham, «Nasaf» hujumchisini ham milliy terma jamoa darajasiga tortadigan futbolchi, deyish qiyin. Va bu - Kapadzega bog‘liq muammo emas.

Bosh murabbiyimiz boshqa chora yo‘qligidan - shu ikki o‘yinchidan tuzukrog‘ini topolmagani vajidan ham ularni termaga jalb qilayotir. Demak, asosiy muammo - keyingi paytlarda klublarimizdan yaxshi hujumchilarning deyarli yetishib chiqmayotgani.

Shu yerga kelganda, yakunlangan saralash siklida bo‘lib o‘tgan «hangomalar» yodimga tushib ketdi. Buni tilga olib o‘tmasam ham bo‘lmasdi, aslida. Samvel Babayan butun saralash sikli davomida «tortib» yurgan o‘sha Igor Sergeyevni aytmoqchiman. Xo‘sh, bevosita Sergeyevning o‘zida ayb bormidi? Mutlaqo, yo‘q!

Uni axir Babayan maydonga tushirgan-ku! U holda ayb bosh murabbiydami? Mavridi kelganda, haqiqat yuzasidan Babayanni biroz oqlab qo‘yishga majburman - unga kelib rostdan ham sifatli hujumchilar tanqisligi davri boshlandiki, buni bartaraf etishning chorasini bosh murabbiy topa olmadi.

Tan olish kerak, tanlash imkoniyati tugul, asosiy tarkibga tushirishga yaroqli yagona hujumchi masalasida ham muammolar bor edi, Babayanda. Natijada «Sergeyev 14ta o‘yindan beri birorta gol urmayati» qabilidagi gaplar bejiz vujudga kelmadi.

Bu borada, fikrimcha, Babayanga kreativlik yetishmadi. Qandaydir boshqacha yo‘llarni qidirmadi, Samvel Vyacheslavovich. Vaholanki, yo‘llar hamisha bo‘lgan.

Men ushbu gaplarni o‘zimcha to‘qib aytayotganim yo‘q. Bu borada uzoqqa bormaylik, sizga o‘zimizda bo‘lib o‘tgan bir voqeani eslatay. «Bunyodkor» o‘zining eng gullab-yashnagan davrlarida Luis Felipe Skolaridek futbol afsonasi boshchiligida maydonga tushdi.

Braziliyalik murabbiy qanot yarim himoyasining eng faol vakillaridan bo‘lgan Jasur Hasanovni hujumda o‘ynatgani va eng muhimi, bu eksperimentdan natija olganini eslang. O‘shanda Jasurning hujumchiga aylana olgani, markazdan yorib kirib, gollar urgani kechagina bo‘lib o‘tgan voqeadek xayolimda gavdalanadi.

Bunaqa faktlarni jahon futbolida istalgancha topish mumkin. Hattoki, himoyachilar kerak paytda hujumchiga aylangan holatlari bo‘lgan. Xullas, gapiraversak gap ham, fakt ham topilaveradi.

Mamlakatimiz chempionatida bir mavsumda 20-25talab gol urib tashlagan va o‘zining milliy terma jamoaga chaqirilishini kutib, futbolchilik umrini o‘tkazib yuborgan Zafar Xolmurodov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Marsel Idiatullin kabi hujumchilar ham deyarli uchramayotgan hozirgi davrda ana shunaqa «rokirovkalar» xususida o‘ylamaslikning iloji yo‘q. Bu bitta tomoni.

Ikkinchi tomondan, klublar ham bu borada jiddiy ishlashlariga to‘g‘ri keladi. E’tibor bering, eng kuchli klublarimizning asosiy hujumchilari legionerlar - «Paxtakor» oldingi chiziqda Gonsalvesh bilan Bezerrani o‘ynatmoqda, «Nasaf» necha yillardan buyon Cheranga ishonadi, kamiga «Bunyodkor» ham Filip Ra-yevatsni o‘z tarkibiga qo‘shib olgan.

Ularning ishini davom ettirgandek, o‘rtahol klublarimiz ham legioner hujumchilar bilan «boyib ketishdi» - Grigalashvili, Inyats, Chemirtan, Spremo (Milan o‘z yurtiga jo‘nab ketganiga qaramay, 1-davrada «Qo‘qon-1912» safida o‘yinlar o‘tkazdi).

Bu og‘ir ahvolni ko‘rib, klublarimizda darvozabonlar murabbiyi lavozimiga qo‘shimcha yana hujumchilar murabbiyi degan yangi shtat kiritish kerakmikan, deb o‘ylab qolasan kishi...

Ha, tarkibdagi hujumchilar bilan alohida shug‘ullanadigan, maqola boshida tilga olingan ko‘rsatkichlarni ta’minlab beradigan, avvalo, ishni hujumchining vazifasini tushuntirishdan boshlaydigan shaxs. Xullas, bu mavzu xususida ham uzoq tortishish mumkin.

Doimo termamizning azaldan eng kuchli chizig‘i sanaladigan yarim himoyada kamida 7-8 nafar mahoratli futbolchimiz bo‘lishini bilamiz. Ularning kuchidan, salohiyatidan maydonda bir vaqtda foydalanib bo‘lmas ekan, demakki, hujumchi o‘rniga mosrog‘ini - xalq ta’biri bilan aytganda, «gol hidini sezadigan» yarim himoyachilardan birini qo‘yish haqida bosh qotirsak bo‘ladi.

To yaxshi forvardlar topilgunga qadar. Haliyam kech emas-ku! Yosh yarim himoyachilarimiz orasida shundayin golni his qila oladigan futbolchilar borki, ular zaxirada o‘tirib, Sergeyevga o‘xshagan golsiz hujumchilar maydonga tushirilsa, adolatdan bo‘ladimi?

To‘g‘ri, murabbiylarimiz «Chetdan turib gapirish oson», deyishlari mumkindir. Lekin bu borada «Rostov» ustozi - Rossiya futbolining eng yorqin vakillaridan bo‘lgan Valeriy Karpinning Eldor Shomurodovni deyarli har bir o‘yinda nominal hujumchi sifatida maydonga tushirayotganini tilga olish joiz.

Vaholanki, Eldor qanot yarim himoyasida ham birdek yaxshi harakat qila oladi, kerak paytda hatto himoyachilarga yordamlashgani keladi.

...Bir haftadan so‘ng milliy terma jamoamiz Urugvayga qarshi maydonga tushar ekan, Aziz Turg‘unboyev, Jasur Yaxshiboyev kabi kelajak futbolchilarimizni HUJUMChI O‘RNIDA sinab ko‘rishlarini orzu qildim. Zero, qanot yarim himoyamizda ularning o‘rnida harakat qila oladigan iqtidor sohiblari bisyor.
Behzod Ahmadjonov

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Milliy jamoamizda hamon hujumchi muammosi bor?!