18:57 / 26.06.2018
2 914

Andrey Shipilov: "Metallurg"ni "Paxtakor-2" deyishmoqda? Biz "Mash’al-2"miz

Андрей Шипилов: "Металлург"ни "Пахтакор-2" дейишмоқда? Биз "Машъал-2"миз
Joriy mavsumda ko‘plab klublarning o‘yin sifati oshib borayotgani kishini xursand qilmasdan qolmayapti. Buni birgina “Metallurg” misolida ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, ushbu mavsum arafasida bekobodliklar yangicha qiyofaga kirdi deyishimiz mumkin. Rosti, bosh murabbiylikka Andrey Shipilov tayinlanganida uning murabbiylik salohiyatiga shubha bilan qaraganlar ko‘p edi. Chunki u bungacha hali bosh murabbiy bo‘lib ishlamagandi va asosan jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgandi. Lekin Shipilov ham mustaqil ravishda binoyidek ishlay olishini ko‘rsatmoqda.

“Metallurg” klublarimiz uchun noqulay raqib sifatida yodimizda qolgandi. Qolaversa, o‘rtamiyonalar qatorida yuraverib, hammamizni shunga ko‘niktirib qo‘ygandi. Shu sababli mazkur yilda ham bekobodliklarning imkoniyatini ko‘pchilik yuqori baholay olmayotgandi yoki bunga botina olishmayotgandi. Biroq Superliga shuni ko‘rsatyaptiki, “Metallurg” boshqalar uchun sovg‘a jamoa emas. Xar holda ular yozgi tanaffusga kuchli oltilikdan joy olgan holda chiqib ketdilar. Endi boshqalar bekobodliklar bilan alohida hisoblashishga majbur bo‘lishmoqda.

E’tiborlisi, bu jamoaning o‘yinida bosh murabbiy Andrey Shipilovning imzosi yaqqol ko‘rinib turibdi. Ayni paytda ushbu klub ham yozgi tayyorgarlik ishlarini boshlashdi. Biz bu fursatdan foydalangan holda Andrey Sergeyevichdan bir qator savollarga javob olish istagida edik. Buning uchun klub matbuot xizmati bilan bog‘landik. Natijada o‘zimizni qiziqtirgan savollarga Shipilov o‘ziga xos tarzda javoblar qaytardi.

- Andrey Sergeyevich, “Metallurg” klubi yozgi tanaffusga 6-o‘rinni band qilgan holda chiqib ketdi. Mavsumning dastlabki qismidan keyin qisman vazifa bajarilyapti deb o‘ylaysizmi?
- To‘g‘risi, hali hech narsani bajarganimiz yo‘q. O‘ylashimcha, chempionatdagi kurash endi o‘zining avj pallasiga ko‘tarilyapti.

- Rosti, mavsum boshida “Metallurg”ni Superligada jon saqlab qolish uchun kurashishi taxmin qilingandi. Ammo jamoaning maqsadi jiddiy ekani ko‘rinib turibdi. Siz qanday qilib “Metallurg”ning qiyofasini o‘zgartira oldingiz?
- Mening bilishimcha, “Metallurg” jamoasi so‘nggi to‘rt-besh mavsumdan buyon oliy ligada jon saqlab qolish uchun kurashgan klublar qatorida bo‘lmagan. Shunday ekan, autsayderlar qatoriga tushib qolmagan. Biz jamoani qabul qilib olgan paytimizda ham maqsadimiz aniq edi: yetakchilar safida borish.

- Unday bo‘lsa ayting-chi, mavsumning keyingi qismida “Metallurg” yanada kuchli jamoaga aylanadimi?

- Albatta, shunga harakat qilamiz.

- Umuman olganda, yozgi yig‘in uchun rejalar qanday?

- Rejalarimizmi? Albatta, mavsumning qolgan qismiga puxta hozirlik ko‘rishdan iborat. Tarkibni yanada kuchaytirish, futbolchilarda diqqat-e’tiborini bir joyga jamlash, maqsad sari og‘ishmay harakatni davom ettirish asosiy maqsadimiz bo‘lib turibdi.

- Futbolchi Andrey Shipilovni yaxshi bilardik, ammo bosh murabbiy rolidagi Andrey Shipilov biz uchun qanday ekanligi qorong‘u edi. Bilamizki, bungacha jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlagansiz. Siz o‘zingizni bosh murabbiy sifatida kashf qilyapsiz. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Ochig‘i, o‘zim uchun javob berishim qiyin. Chetdan kuzatayotganlar xohlaganicha baho beraverishsin. Mavsum yakuni esa kimligimizni ko‘rsatadi.

- Mavsum avvalida “Paxtakor”dan ko‘plab futbolchilarni oldingiz. Yana ushbu klubdan o‘yinchilarni olish zaruriyati bormi?
- Bu savolingizga javob berishim shart emas deb o‘ylayman.

- Umuman aytganda, “Metallurg”da “Paxtakor”dan ko‘proq futbolchi olgani uchun jamoangizni “Paxtakor-2” deb ham atashmoqda. Bu sizga yoqmaydimi?
- Biz “Mash’al-2”miz. Muborakliklardan ham yetarlicha futbolchi olganmiz. Nega shunday atashmayapti?

- Ayting-chi, sizda ham eng yaxshi murabbiy bo‘lish istagi bormi?
- Men shunchaki o‘z vazifamni sidqidildan bajarishni xohlayman.

- Andrey Sergeyevich, sizga Superligamizdagi qaysi jamoalarning o‘yinlari ko‘proq yoqyapti?

- “Nasaf” bilan “Lokomotiv”.

- Murabbiy sifatida erishishingiz mumkin bo‘lgan orzuingiz nima?

- Har bir turda ijobiy natijani qayd etaylik, shogirdlarim o‘z vaqtida maoshini, mukofot pullarini olib turishsin. Yoshlarimiz esa terma jamoalarga jalb etilishsin. Mana, bizning intilishimiz kerak bo‘lgan asosiy motivatsiya.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Andrey Shipilov: "Metallurg"ni "Paxtakor-2" deyishmoqda? Biz "Mash’al-2"miz