18:30 / 07.07.2018
2 800

Perluiji Kollina: «Dahshatli xatolar o‘tmishda qoldi»

Perluiji Kollina: «Dahshatli xatolar o‘tmishda qoldi»
FIFA Hakamlar qo‘mitasi rahbari Perluiji Kollina va Hakamlar departementi direktori Massimo Buzakkaning ishontirib aytishlaricha, JCh-2018da qo‘llanilayotgan yangi tizim (VAR) o‘tmishda uchragan qo‘pol xatolarga qaratilgan kuchli zarbadir.

Ko‘pchilik italiyalik sobiq referi o‘yinlarni o‘ziga xos qattiqqo‘llik bilan boshqarganini yaxshi eslaydi. Massimo Buzakka haqida ham shunday deyish mumkin.

Ular joriy chempionat boshlanishi arafasida naq 1,5 soat davomida matbuot vakillariga videoassistent tizimi qanday ishlashi va hakamlikka doir boshqa masalalar haqida atroflicha ma’lumot berishgandi.

Maxsus anjumanda Kollina va Buzakkaga aynan hamyurtimiz Ravshan Ermatov hamda braziliyalik Sandro Richchining hamkorlik qilishgani e’tiborga molikdir.

Kechroq bo‘lsada, o‘sha matbuot anjumanini yoritmoqchimiz, chunonchi, JChdagi hakamlik eng muhim masalalardan biri hisoblanadi, albatta.

Perluiji KOLLINA: «Bosh vazifa - futbolchilar va o‘yin imidjini himoya qilish»

Anjumanni Kollina o‘ziga xos quvnoqlik bilan ochib berdi: «Xayrli kun! Hakamlik ishiga qiziqish bildirayotganinglar uchun rahmat. Abu-Dabida o‘tkazilgan Klublar o‘rtasidagi JChdan keyingi 6 oy davomida hakamlar uchun naq 5ta to‘laqonli seminar tashkil etdik.

Umuman, mundialga tayyorgarlik ishlarini JCh-2014dan keyinoq boshlab yuborgandik. Tabiiyki, referilarga maxsus ko‘rsatmalar ham ishlab chiqdik va ular o‘yinlarni shunga muvofiq boshqarishlari kerak. Asosiy vazifamiz barcha hakamlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirishdir.

Chunonchi, avvalo, o‘yinchilar xavfsizligini ta’minlab, futbol imidji hamda mundial obro‘sini saqlab qolishimiz zarur. Har bir o‘yindan oldin referilarga raqib jamoalarning qanday o‘ynashi xususida taktik xulosalar taqdim etiladi.

O‘yinni shu yo‘sinda boshqarish nisbatan oson, zero, haqamning maydonga tushadigan jamoalar haqida ma’lum tushunga ega bo‘lishi muayyan vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilishiga yordam beradi.

Massimo BUZAKKA: «Sifatli hakamlikdan ham zavqlanish mumkin»

Kollina kirish qismidagi gapini tugatgach, navbat Buzakkaga berildi: «Avvalo, JCh-2014dan keyin 4 yil davomida xuddi har bir terma jamoa kabi izchil ish olib borganimizni ta’kidlayman. FIFA hakamlarni munosib tayyorlash uchun katta xarajat qilganini ham aytishim o‘rinli.

Ya’ni eng oliy darajadagi sharoitlar yaratib berildi. Demak, talab shunga yarasha katta bo‘ladi. Moskvaga turnir startidan 10 kuncha oldin keldik. Tabiiyki, oldimizda ulkan maqsad va o‘ta mas’uliyatli vazifa turibdi. Yo‘q, referilarga bosim o‘tkazmayapmiz, shunchaki, ular bajarilgan ishimiz mahsulini amalda ko‘rsatsalar, bas.

Aytishim joiz, sinov jarayonida barcha hakamlar to‘g‘ri qarorlar qabul qilishdi. Bu ularning jahon chempionatiga tayyor ekanliklarini anglatadi. Umuman, har bir referi tayyorgarlik naqadar muhimligini teran tushunib, astoydil ishladi. O‘ylaymanki, endi buning samarasini ko‘rish vaqti keldi.

Odatda hakamlarni futbolchilar bilan taqqoslashni xush ko‘raman. Zero, sifatli hakamlik bilan ham muxlislarga o‘zgacha zavq ulashish imkoni bor. Har kuni referining o‘yin chog‘i kerakli vaqt kerakli nuqtada bo‘lishi ustida ishlaymiz. Buning uchun hattoki, maxsus mutaxassislarni jalb etganmiz.

Hozircha natijalardan mamnunmiz va bemalol aytaman, ulkan jamoamiz har bir ishtirokchi termadek JCh-2018ga mutlaqo shay. Ishimiz sifatini oshirishda futbolchilar bilan yaxshi aloqa o‘rnatish va o‘yinlarni umumiy qoidalardan chetga chiqmagan holda, boshqarish muhim.

Deylik, futbolchilar bilan iliq munosabat o‘rnatmay turib, biror natijaga erishish mushkul. Asosiy niyatimiz - hakamlar ham futbolchilar kabi o‘yindan zavqlanishni istashlarini amalda isbotlash».

Massimo BUZAKKA: «VAR - bu birinchi navbatda, profilaktika vositasi»

Matbuot anjumanining katta qismi VAR tizimiga bog‘liq ma’lumotlarga bag‘ishlandi. Zero, bu tajriba jahon chempionatida ilk bora qo‘llanilmoqda. Buzakkaning ta’kidlashicha, FIFA rahbarlari eng ma’qul tizimni yaratish uchun mablag‘ni ham, kuchni ham sira ayamagan.

Asosiy maqsad bitta - hakamlik xatolarini minimal darajada pasaytirish. Eng muhimi, bosh rol inson qo‘lida qoladi, ya’ni texnologik vosita birinchi o‘ringa chiqib ketmaydi: «VAR tizimini profilaktika vositasi sifatida qabul qilish kerak.

Stadionlarga tizimning bexato ishlashi uchun yetarlicha kameralar o‘rnatilgan, shunday ekan, tajriba muvaffaqiyat keltirishi kerak. Futbolchilarga bu masalada eng zarur ma’lumotlar yetkazildi, tushuntirish ishlari olib borildi. Umid qilamizki, ular barchasini to‘g‘ri tushunishdi va endi VAR tizimi aralashuviga ehtiyoj sezilgan holatlarda o‘zlarini munosib tutishadi.

Ya’ni ortiqcha janjal ko‘tarishmaydi. Binobarin, sportchilarga mos kelmaydigan noprofessional harakatlar aslo kechirilmaydi. Bordiyu, shunday holat kuzatilsa, referi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatadi. Bu borada Hakamlar qo‘mitasining alohida ko‘rsatmasi bor.

Ushbu loyiha muallifi - Roberto Rozetti. Bu juda og‘ir va mas’uliyati baland ish. Muhimi, Roberto barchasini uddaladi. To‘g‘ri, ayrimlar VARni jahon chempionatiga tatbiq etishda shoshilganimizni ta’kidlashmoqda. Lekin ishoning, bu yo‘nalishda yuqori sur’atda ishladik va tajriba samara keltirishiga zarracha shubhalanmayapmiz.

Yana bir jihatni alohida ta’kidlash kerak, tizim hakamlarga nechog‘li qo‘l kelishidan qat’iy nazar, ularning ishlari o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Boshqacha aytsam, har qanday holatda ham, hakamlikda bosh rol referi qo‘lida qoladi, VAR esa shunchaki, ko‘z bilan ilg‘ash mushkul bo‘lgan vaziyatlarni baholash uchun xizmat qiluvchi vosita, xolos.

Demoqchimanki, yaq-qol xato kuzatilgan payt hakam VARga murojaat etadi, lekin yakuniy qarorni o‘zi qabul qiladi, baribir. Qaytaraman, VAR xatolarni joyida tuzatishga qaratilgan juda muhim profilaktika vositasi, xolos».

Massimo BUZAKKA: «Adolatli natija sarflangan vaqtdan muhim»

Buzakka shuningdek, muayyan vaziyatni ko‘rib chiqish qancha vaqt olishi haqida ham ma’lumot berdi: «Deylik, Braziliyadagi 64ta o‘yinda kuzatilgan bahsli holatlarni ko‘rib chiqish uchun jami 57 daqiqa kifoya qildi. Taqqoslash uchun aytsak, bitta jarima zarbasi bajarilishi uchun chamasi 1,5 daqiqa sarflanadi.

Shuning barobarida texnologik aralashuv kuzatilsa, o‘yinga vaqt qo‘shib beriladi. Shunday ekan, futbol va muxlislar bundan zarar ko‘rishmaydi. Bitta o‘yinda VARga necha marta murojaat qilish mumkin? Hammasi bahsli vaziyatlar soniga bog‘liq.

Tartib-qoidaga xilof harakatlar masalasiga kelsak, yozuvni o‘yinchilar guruhi bilan turli rakurslardan ko‘rib chiqish taqozo etadi va bu qo‘shimcha 20 soniya talab etadi. Tizim bir qator turnirlarda sinovdan o‘tkazilganini yaxshi bilasiz. Bundesligada unga nisbatan jiddiy e’tirozlar tug‘ilgani esa bizni zarracha xavotirga solmaydi.

Shu joyda hakamlar va futbolchilarni yana bir bora taqqoslayman. O‘yinchilar mavsum davomida takror-takror xatoga yo‘l qo‘yishgan, albatta, lekin ular JChga kelishdi-ku. Biz ham xatolarimizni hisobga olganmiz va VAR orqali ularni kamaytirishga bel bog‘ladik.

Yo‘q, ideal hakamlik haqida va’da bermayman, negaki, bitta vaziyat turlicha baholanishi mumkin. Misol uchun, jurnalistlar ham o‘yindan keyin gohida bitta bahsli vaziyatga turlicha qarashadi. Eng muhimi, o‘tmishdagi kabi yirik janjallarni boshqa ko‘rmaymiz. Ehtimol, aniqlik kiritish uchun 1 daqida yoki ko‘proq sarflanar, ammo o‘yinning adolatli natijasi ketgan vaqtdan muhimroq».

Perluiji KOLLINA: «Bahsli vaziyatlar stadion tablosida ko‘rsatiladi»

Jurnalistlar shundan so‘ng Kollinaga yangi tizim ishiga daxldor savollar bilan murojaat qilishdi.

- Hakamlar ruhiyatini ham unutmaslik lozim. Binobarin, ularning qarorlari shubhaga olinaversa, o‘z-o‘zidan bosim kuchayib, ishonchga putur yetmaydimi?
- Albatta, hakamlikda ruhiy holat juda muhim. Xususan, qabul qilingan qarorni o‘zgartirish mushkul, agarda aslida nima bo‘lganini bilmasang. Tabiiyki, referining xato tufayli o‘z qaroridan qaytishi avvalo, uning o‘z ruhiyatiga qaratilgan zarba bo‘ladi.

Misol uchun, vaqtida o‘zim ham shunday holatlarga tushganman. Bunda «Nega xato qildim» qabilidagi savol miyamda charx urardi. Biroq buni uzoq o‘ylashga haqqim yo‘qligini ham tushunardim. Shunday ekan, barchasi har bir insonning o‘ziga bog‘liq.

- Tanqidchilarning iddaolariga ko‘ra, VAR o‘yin ritmini o‘ldiradi. Ularga qanday javob berasiz?
- VARning o‘yin borishiga katta ta’sir qilmasligini tasdiqlaydigan statistik ko‘rsatkichlar bor. Nima, sizlar uchun goldan keyingi ritm yoki ehtiros adolatli natijadan muhimmi? O‘ylaymanki, natija birinchi o‘rinda turishi kerak.

Xo‘sh, o‘yinda inson faktori bilan baholanadigan qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘yilgan holatda adolat tantanasi uchun vaziyatga aralashish imkoni bor ekan, nega bunday qilmasligimiz kerak?

- Bahsli vaziyatlar katta ekranlarda namoyish etiladimi?
- Ha. Chunki muxlislar hakam qarorini nega o‘zgartirganini bilishlari kerak. Deylik, referi videotakrorni ko‘rib, belgilangan penaltini bekor qilsa, tabloda «Penalti yo‘q» yozuvi chiqadi va vaziyat darhol ko‘rsatiladi. Shunday bo‘lsinki, hech kimda qarorning to‘g‘riligiga shubha qolmasin.

- Final hushtagi yangraganidan ke-yin ham VAR vositasi ta’sirida qaror chiqarilishi mumkinmi?
- Aslo. Barcha qarorlar bevosita o‘yin jarayonida qabul qilinadi, tanaffusda yoki o‘yindan keyin bunga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘g‘ri, vaziyat so‘nggi lahzada ro‘y bersa, referi barchasiga oydinlik kiritilishiga qadar tanaffusga chiqishni yoki o‘yin tugaganini bildiruvchi hushtakni chalmay turadi. Xullas, final hushtagi yangrasa, barchasi yopiladi - tamom.

- Xovard Uebb tomonidan JCh-2010da yo‘lga qo‘yilgani kabi o‘tmishdagi dahshatli xatolar xususida nima deya olasiz?
- Bunaqasini boshqa ko‘rmasligimiz aniq. Agar yaqqol xato kuzatilsa, u darhol VAR yordamida isloh qilinadi.

Perluiji KOLLINA: «Nega angliyalik referi yo‘q? Ishonchim komil, tanlovimiz to‘g‘ri»

Kollina yakunda yangi tizimga daxli yo‘q bir qator savollarga ham javob berdi.

- Qiziq, JChga saralangan hakamlar orasida nega Angliyadan biror vakil yo‘q?
- Hozir qaysidir hakamning nega ro‘yxatga kirganiyu, boshqasi chetda qolgani haqida gapirish mavridi emas. Axir hammani jalb etolmaymiz-ku. Xullas, uzoq davom etgan jarayonda eng munosib nomzodlarni tanlab olganmiz va bunda adashmaganimizga ishonchim komil.

- Ochilish o‘yiniga nega aynan argentinalik Nestor Pitana tanlandi?
- Chunki u shunga munosib. Ilk o‘yinning butun dunyo e’tiborida turishi tayin. Shuning uchun eng tajribali referilardan birini tayinladik. Qolaversa, murabbiylar boshlang‘ich tarkibdan joy olgan barcha o‘yinchilarni nimalarga asoslanib tanlashganini to‘liq izohlab berolmaydilar. Ular bunda ba’zan ichki tuyg‘uga qarab ish tutishadi. Biz ham shunday qildik.

- Hakamlar irqchilikka yo‘g‘rilgan xatti-harakatlar, «qo‘shiqlar»ga ham e’tibor qaratishadimi? Bunday holatda o‘yinni to‘xtatishlari mumkinmi (britaniyalik jurnalistning savoli)?
- Hammamiz bunday yoqimsizlik ro‘y bermasligi tarafdorimiz, albatta. Bordiyu, shunday holat kuzatilsa, 3 bosqichli jarayonga murojaat etish zarurati tug‘iladi. Hakamlar bu haqda bilishadi.

Yana bir gap - laynsmen keskin hujum payti o‘yindan tashqari holat borligiga to‘liq ishonch hosil qilmasa, bayroqchasini ko‘tarishga shoshilmay turadi.

Chunki agar u bayroqchani ko‘tarsa, o‘yin to‘xtatiladi va xatoni tuzatish imkoni qolmaydi. Shunday ekan, laynsmenning bayroqcha ko‘tarishga ikkilanayotganini ko‘rsangiz, bilingki, u yangi ko‘rsatma bo‘yicha ish tutyapti.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Perluiji Kollina: «Dahshatli xatolar o‘tmishda qoldi»