Angliyaning Liverpul shahrida boks bo‘yicha 2025 yilgi jahon chempionati qizg‘in pallaga kirdi. Shu kunlarda dunyoga mashhur ringda turli vazn toifasidagi eng kuchli sportchilar yuzma-yuz kelmoqda.
5 sentyabr kuni kechqurun O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan bir qator bokschilar maydonga chiqdi. Avval ayollar o‘rtasida -57 kg vaznda bellashgan Humorabonu Mamajonova Yangi Zelandiya vakili Lai-Karlile Alini mutlaq ustunlik bilan ortda qoldirdi. Uchrashuv yakunida hakamlar bir ovozdan 5:0 hisobida g‘alabani o‘zbek bokschisiga topshirdi. Mamajonova endi o‘zining navbatdagi jangini 7 sentyabr kuni o‘tkazadi.
Shundan so‘ng erkaklar o‘rtasidagi -50 kg vazn toifasida Shodiyorjon Meliqo‘ziyev ringga qadam qo‘ydi. Uning raqibi Saudiya Arabistoni vakili Navaf Avaji bo‘ldi. Meliqo‘ziyev ikkinchi raunddayoq raqibini texnik nokautga uchratib, muhim g‘alabaga erishdi. Endi u 9 sentyabr kuni avstraliyalik Omer Izazga qarshi maydonga chiqadi.
Kechaning eng katta qiziqish uyg‘otgan jangi esa og‘ir vazn toifasida o‘tdi. O‘zbekistonlik Jahongir Zokirov +90 kg vaznda jazoirlik raqib Mourad Kadi bilan kurash olib bordi. Shiddatli va murakkab kechgan to‘qnashuv yakunida Zokirov hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra 5:0 hisobida zafar quchdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, World Boxing shafeligida ilk bor kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli musobaqada 68 mamlakatdan 554 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Ulardan 329 nafari erkaklar, qolgan 225 nafarini esa ayollar tashkil qiladi. Chempionat 4-sentyabrdan boshlanib, 14 sentyabr kuni o‘z yakuniga yetadi.
Shu tariqa, o‘zbek bokschilari chempionatning dastlabki kunlaridayoq muxlislarga chiroyli va yorqin g‘alabalar taqdim etishdi. Oldinda ularni yana ko‘p sinovlar kutadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!