date

To‘rabek Xabibullayev Gretsiyalik raqibni taslim etdi va chorak finalga yo‘l oldi

To‘rabek Xabibullayev Gretsiyalik raqibni taslim etdi va chorak finalga yo‘l oldi

Xabaringiz bo‘lsa kerak, bugun Angliyaning mashhur Liverpul shahrida kattalar o‘rtasidagi boks bo‘yicha Jahon chempionati qizg‘in tarzda davom etmoqda. Turnirda yurtimiz nomidan qatnashib kelayotgan charm qo‘lqop ustalari muxlislarga kutilganidan ham zavqli janglarni taqdim etmoqda.

Shu kungi bahslarda -90 kg vazn toifasida qatnashayotgan To‘rabek Xabibullayev ringga ko‘tarilib, o‘zining kuch-quvvati va mahoratini yorqin namoyon etdi. Uning raqibi Gretsiya vakili Vagkan Nanitzanian bo‘ldi. Jangda uch raund davomida barcha mezonlar bo‘yicha ustunlikni qo‘lga kiritgan bokschimiz hakamlarning bir ovozdan chiqargan qaroriga ko‘ra 5:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi.

Shu natija orqali To‘rabek chorak finalga yo‘l olish sharafiga muyassar bo‘ldi. Endi uning keyingi raqibi qudratli boks maktabi bilan tanilgan Qozog‘iston sportchisi Sag‘indik Tog‘ambay bo‘ladi. Bu bahs nafaqat ikki yosh iqtidorning to‘qnashuvi, balki turnirning eng kutilgan uchrashuvlaridan biri sifatida e’tibor markazida turishi kutilmoqda.

O‘zbekiston boks federatsiyasi tarqatgan xabarga ko‘ra, delegatsiyamizda kayfiyat baland, barcha bokschilarimiz keyingi bosqich uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun yana bir qator hamyurtimiz ham ringga ko‘tariladi. Xususan, yurtimizning nomdor bokschilaridan biri Navbahor Hamidova Belgiya vakili Oshin Deriyeuvga qarshi jangda o‘z mahoratni ko‘rsatadi. Ushbu to‘qnashuv ham muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan kutilmoqda.

Shu tariqa, Liverpul mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionati yurtimiz vakillari uchun omadli boshlandi va muxlislar bundan keyingi bahslarda ham yangi g‘alabalar kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » To‘rabek Xabibullayev Gretsiyalik raqibni taslim etdi va chorak finalga yo‘l oldi