11:55 / 05.09.2018
2 933

Tahlil: Suriya qanday jamoa?

Tahlil: Suriya qanday jamoa?
Xabaringiz bor, Ektor Kuper boshchiligidagi Oʻzbekiston terma jamoasi 6 sentyabr kuni Suriya terma jamoasiga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. “Milliy” stadionida oʻtkaziladigan ushbu bahs hozirdan koʻplab muxlislarda anchayin qiziqish uygʻotayotgani tayin.

Suriya va Oʻzbekiston terma jamoalari oʻrtasidagi uchrashuvlar tarixiga toʻxtalib oʻtishdan oldin. Suriya terma jamoasi haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtsak.

Suriya futbol asotsiatsiyasi 1936 yilda tashkil topgan. 1937 yildan boshlab FIFA, 1970 yildan boshlab OFK tarkibiga kiritilgan. Asotsiatsiyaning ayni paytdagi prezidenti Ahmad Jabban hisoblanadi. Mamlakat terma jamoasini germaniyalik Bernd Stenj boshqaradi. 70 yoshli mutaxassisga Osiyo futboli begona emas. U 2013–2016 yillar oraligʻida Singapur terma jamoasini ham boshqargan. 2016 yilning aprel oyida murabbiylik faoliyatini yakunlagach, 2018 yilning yanvaridan Suriya terma jamoasida oʻz faoliyatini qayta tiklagan.

Endi bevosita terma jamoaning oʻziga toʻxtalib oʻtsak. Suriya terma jamoasi oʻzining dastlabki uchrashuvini 1949 yilning 20 noyabrida Turkiyaga qarshi oʻtkazgan. Oʻsha oʻyinda “qasiun burgutlari” 0:7 hisobida imkoniyatni boy berishgan. Ammo bu suriyaliklarning eng yirik magʻlubiyati emas. Ushbu terma jamoa darvozasiga eng koʻp golni Gretsiya va Misr terma jamoalari urishga muvaffaq boʻlishgan. Har ikkala terma jamoaga qarshi oʻtkazilgan uchrashuvda Suriya oʻz darvozasidan 8 tadan gol olib chiqishga majbur boʻlgan. Shuningdek, suriyaliklarning rasmiy oʻyinlardagi eng yirik gʻalabasi 12:0 boʻlib, Maldiv va Fillipin terma jamoalari ustidan qozonilgan.

Endi bevosita terma jamoa tarkibiga toʻxtaladigan boʻlsak, Suriya vakillarining oʻrtacha yoshi 27,8 yoshni tashkil etadi. Jamoa tarkibidagi eng yoshi katta oʻyinchi jamoa sardori Firas Al hatib boʻlib, 34 yoshli hujumchi 62 ta oʻyinda maydonga tushib, 29 ta gol urishga muvaffaq boʻlgan. Terma jamoaning asosini legioner futbolchilar tashkil qiladi. Bernd Stenj terma jamoa safiga jalb etgan 22 nafar futbolchining 18 nafari aynan xorij klublarida toʻp surishadi.

Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga qaraganda, germaniyalik mutaxassis Oʻzbekiston va Qirgʻiziston terma jamoalariga qarshi oʻtkaziladigan oʻrtoqlik uchrashuvlari uchun quyidagi futbolchilarni jalb qilgan.

Darvozabonlar: Ibrohim Alma (“Fulad” Eron), Ahmad Madania, Shaher Al Shokir ( ikkalasi ham “Al Jaish” Suriya).

Himoyachilar: Nadim Sabah (“Tishrin” Suriya), Omar Midani (“Piramids” Misr), Jahed Al Baur (“Al Riffa” Bahrayn), Amro Jenyat (“Al Shabab” Ummon), Huseyn Jvayed (“Al Zavra” Iroq), Gabriyel Somi (“Nyu Inglend Revolyushn” AQSH).

Yarim himoyachilar: Mahmud Al Movas (“Umm Salal” Qatar), Hamid Mido (“Al Quvayt” Quvayt), Osama Omari (“Qatar SK” Qatar), Tamer Haj Muhammad (“Ohod” Saudiya Arabistoni), Fahd Yusuf (“Al Sayliya” Qatar), Yusuf Kalfa (“Al Hazim” Saudiya Arabistoni), Ahmad Ashkar Shokir (“Al Jaish” Suriya), Taer Kruma (“Al Suvayq” Ummon), Isro Hamvia (“Al Qodisiya” Quvayt), Aias Aosman (“Dinamo Drezden” Germaniya), Muhammad Osman (“Erakles Almelo” Gollandiya).

Hujumchilar: Mardik Mardikian (“Al Jazira” Iordaniya ), Omar As Soma (“Al Ahli” Saudiya Arabistoni).

Eʼtiborli jihati shuki, terma jamoa tarkibidagi legioner futbolchilarning asosiy qismi Arab futbolidan u qadar uzoqlashmagan. Yaʼni Muhammad Osman, Aias Aosman va Gabriyel Somilarni hisobga olmaganda, boshqa barcha legionerlar Saudiya Arabistoni, Qatar, Ummon, Iroq, Quvayt kabi Arabiston yarim oroli mamlakatlarida toʻp surishadi. Shuningdek, “Fulad” darvozaboni Ibroxim Alma ham Arab ligalarida toʻp surmasa-da, Eron futboli arab futboliga bir muncha yaqinliklarga ega ekanligini hisobga olgan holda, ushbu futbolchini ham yuqoridagilar qatoriga kiritishni maʼqul topdik.

Endi bevosita jamoa oʻyin uslubiga toʻxtaladigan boʻlsak, jamoa 4-2-3-1 taktikasiga asoslangan holda oʻynaydi. Jamoaning eng xavfli oʻyinchilaridan biri sifatida Omar Al Soma va Firas Al Xatiblarni keltirib oʻtish mumkin.

Shuningdek, Suriyaning qanotlardan uyushtiriladigan hujumlari ancha xavfdi hisoblanadi. Yaʼni qanotlardan uyushtiriladigan hujumlar baʼzida qoʻqqisdan markazga koʻchadi va bunda hujumkor markaziy yarim himoyachi yoki markaziy hujumchi har qanday xavfli vaziyatni golga aylantirishga shay turishadi. Shuningdek, jamoa maydon markazini egallab olgan holda raqib tomon ketma-ket hujum uyushtirishga intiladi. Juda katta tezlikka ega boʻlgan Firas Al Xatib tomonidan ikkinchi tempda qoʻqqisdan beriladigan zarbalar koʻpincha raqib darvozasidan oʻrin oladi. Umuman olganda, jamoaning koʻplab hujumlari ushbu futbolchi orqali tashkillashtiriladi. Shuningdek, “Al Sayliya” yarim himoyachisi Fahd Yusuf ham qanotlarda ancha xavfli hisoblanadi. Bundan tashqari, Mahmud al Movas va Omar Al Somalar oldingi chiziqda ancha xavfli. Ayniqsa, 9-raqamda toʻp suruvchi Omar Al Soma jarima maydoni ichida yuzaga kelgan koʻpchilik vaziyatlarni golga aylantiradi. Shuningdek, uning uzoqdan yoʻllanadigan zarbalari ham darvozabonlar uchun ancha bosh ogʻrigʻi tugʻdirishi tayin. Suriya terma jamoasi irodali jamoalardan hisoblanadi. Biroq ularning ham oʻziga xos zaif tomonlari mavjud. Xususan, qarshi hujumlar vaqtida jamoa himoyasida yuzaga keladigan pala-partishliklar koʻpchilik vaziyatlarda gol bilan yakunlanadi.

Endi har ikkala terma jamoalar oʻrtasidagi uchrashuvlar tarixiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Oʻzbekiston va Suriya terma jamoalari oʻrtasida jami 3 ta oʻyin oʻtkazilgan. Har ikkala terma jamoaning dastlabki oʻyini 1996 yilgi Osiyo Kubogiga toʻgʻri keladi. BAA mezbonligida oʻtgan musobaqaning guruh bosqichi doirasida oʻtkazilgan uchrashuvda hamyurtlarimiz 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻyishgandi. “Qasiun burgutlari”ga qarshi oʻtkazilgan ikkinchi bahs 2016 yilning 1 sentyabriga toʻgʻri keladi. Koʻpchilik muxlislarimizning yodidan hali koʻtarilib ulgurmagan oʻsha oʻyinda terma jamoamiz 1:0 hisobida gʻalaba qozongandi. (Geynrixning selfisini esladingiz-a?) Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida oʻtgan javob uchrashuvida vakillarimiz xuddi shu hisobda magʻlub boʻlishgandi. (Geynrix tushib qolgan selfini ham esladingizmi?)

Umuman olganda, terma jamoamiz Suriyaga qarshi jami 3 ta oʻyinda maydonga tushgan. Ushbu bahslarning 2 tasida raqiblarimizning qoʻli baland kelgan. Toshkentda oʻtkazilgan birgina oʻyinda hamyurtlarimiz gʻalaba qozonishga muvaffaq boʻlishgan. Shuningdek, vakillarimiz Suriyaga qarshi hali biror marotaba oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushishmagan. Demak, ushbu bahs Suriya bilan hisob kitobni toʻgʻirlab olish uchun juda yaxshi imkoniyat. Shuningdek, bizni kutib turgan bahsda Misrni 32 yillik tanaffusdan soʻng Jahon chempionatiga olib chiqqan Ektor Kuper terma jamoamizni ilk marotaba maydonga boshlab tushadi. Shunday ekan, voqealar rivojini kuzatamiz...

Bahodir Hasanov

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tahlil: Suriya qanday jamoa?