21:30 / 02.11.2018
2 130

Nega dunyoning eng kuchli klubi o‘ziga murabbiy topa olmayapti?

Nega dunyoning eng kuchli klubi o‘ziga murabbiy topa olmayapti?
Hech kim «Real Madrid»ning taklifiga «yo‘q» demaydi. Bu gaplarni Zinedin Zidan iste’fosidan bir kun o‘tib Barselonadagi matubot anjumani OAV larning bergan savoliga Maurisio Pochettino shunday javob qaytargandi. O‘shandan keyin ko‘rinib turibdiki, deyarli hamma «qirollik klubi» taklifiga rad javobini bergan.

Pochettino yozda «ha» deyishi mumkin edi. Ammo u endigina klub bilan yangi besh yillik shartnomani imzolagandi va «taqachilar» xo‘jayini Daniyel Levi «yo‘q» derdi. Keyingi kunlarda esa boshqa murabbiylar ham shunga o‘xshash gaplarni aytishgandi.

Florentino Peres tomonidan qiziqish bildirilgan Yoaxim Lyov esa yozda 2014-yilgi chempionlikni munosib himoya qilish uchun ishga kirishayotgan payti edi. U ham madridliklarning taklifini yerda qoldirdi.

Yurgen Klopp esa «Liverpul»dagi faoliyatini uzaytirishni, buni «Enfild»dagi yangi loyihaga befarq emasligi bilan izohladi. 51 yoshli mutaxassis «Real» kabi jamoalarda o‘zini topa olmasligi ehtimoli yuqori. Madaniyat va falsafa jihatidan u biroz boshqacha va Madridga ko‘chib o‘tishi imkonsiz.

Massimiliano Allegri «Yuventus»da baxtli ekanligini bildirdi. Boz ustiga unda endi kimsan Krishtianu Ronalduga murabbiylik qilish imkoniyati tug‘ilgan bir vaqtda Turinni tashlab ketishga ko‘zi qiymadi. Har qanday holatda Italiyadagi barqaror va chempion jamoani kelajagi dargumon bo‘lib qolgan «Real»ga almashtirarmidi?

Yulian Neydjelsmann «Real» rahbariyati bog‘langan yana bir murabbiy edi. Ammo u faoliyatidagi bunday cho‘qqiga chiqishiga unga hali barvaqt ekanligini ta’kidladi. O‘sha vaqtda endigina 30 yoshda bo‘lgan yosh murabbiy bir kun kelib bunday taklifga labbay deb javob berishini tilga oldi.

Bularning barchasi Zidan iste’foga chiqqani ma’lum qilgan kundagi Peresning yuz ifodasini bildiradi. Peres o‘sha vaqtda «endi nima bo‘ladi?» kabi savol uning nigohlarida aks etgandi.

Besh kishi rad javobini berganidan keyin Xulen Lopetegi «ha» dedi. Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi ehtimol unga dunyoning top jamoasidan har doim ham bunday taklif tushavermaydi deb o‘yladi va darhol taklifni qabul qildi. Ammo u terma jamoa uchun muhim pallada bunday qarorni qabul qilmasligi joiz edi. Uning «Real» bilan shartnoma imzolagani ovoza bo‘lib ketgach terma jamoani tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Boshlagan ishini yarim yo‘lda qoldirib ketgan murabbiy yakunda nima ko‘rdi? 14 o‘yinda poytaxt jamoasini maydonga boshlab tushdi va sharmandali tarzda klubdan iste’foga chiqarildi. Lopetegi ba’zi jihatlarda «Real» uchun ideal murabbiy edi. O‘tgan mavsumlarda jamoa Ronalduning katta o‘yinlarda ko‘rsatadigan samaradorligiga qattiq bog‘lanib qolgandi. Lopetegi esa mana shu shakllanib qolgan muhitni o‘zgartirishga harakat qildi. Biroq shogirdlari buni bajarishga ojizlik qildi. Chempionlar Ligasida «Roma»ga qarshi o‘yindagina ular super o‘yin o‘tkazishdi va shu bilan barchasi o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu hafta boshida esa u «Real» murabbiyligidan ketdi.

Antonio Konte uning o‘rinbosari bo‘lishi uchun ilk nomzodga aylandi. Biroq yakshanba kungi «El Klassiko»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Serxio Ramos quyidagilarni gapirdi: «Hurmat qozoniladi. Bu yerda muvaffaqiyatga erishgan murabbiylarni bilasiz. Ba’zan taktik bilimdan ko‘ra kiyinish xonasidagi boshqaruv muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.» «Chelsi»ning sobiq murabbiyi bu gaplarni eshitib o‘ylanib qolgan bo‘lsa ajabmas.

Hatto Mixayel Laudrup ham bu lavozimni rad qildi. «Madridda nimalar bo‘layotganini ko‘rib turib aytish mumkinki, hozir ayni vaqti emas. U muammolar girdobiga tushib qolgan klubga qaytmoqchi emas» – dedi uning agenti AS nashriga bergan intervyusida.

Shu tariqa dunyoning eng yirik va muvaffaqiyatli klubi g‘alati va qiyin ahvolga tushib qoldi. Boisi tashqaridan qaraganda hamma bu lavozimga kirishmoqchi bo‘layotgandek ko‘rinadi, ammo haqiqat esa biroz boshqacha.

Lopetegi 14 o‘yin o‘tkazdi. Rafa Benites biroz ko‘proq, ammo ko‘p emas. Zidan esa uch mavsumda qatorasiga uch marta Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritdi. Shunga qaramay klub xo‘jayini undan so‘nggi mavsumida norozi bo‘ldi. Endi qaysi murabbiy Ronaldusiz qolgan jamoa taklifini qabul qiladi?

Peres Mourinoni klubga qaytarishni istamoqda. Ammo portugaliyalik murabbiy ko‘plab futbolchilar bilan kelisha olmaydi va boz ustiga «Manchester Yunayted»da amal qiluvchi shartnomasi bor. Ehtimol, uni ham kiyinish xonasidagilar qabul qilmas?

Krishtianudan keyingi davrda «Real» kim bo‘lmoqchi ekanligini aniqlashtirib olishi kerak. Klub falsafasi dunyoning eng kuchli futbolchilarini o‘zida jamlash va ularni ispaniyalik iqtidorlar bilan qorishtirib «Santyago Bernabeu»ga xos o‘yin uslubini yaratish hisoblanadi.

Ayni vaqtda esa «Real»dagi vaziyat oson emas va har qanday yangi kelgan murabbiy futbolchilarni ishontira olishi kerak. Albatta buning uchun unga vaqt berish kerak. Biroq Madriddagilar hech kimga kafolat berib o‘rganmagan. Har qanday odamning obro‘si qisqa vaqti ichida tushib ketishi kafolatlangan, xolos.

«Real» uchun faqatgina bir odam, Santyago Solari «ha» deyishi mumkin. Argentinalik mutaxassis seshanba kuni bu vazifani «ajoyib ish» deya baholadi. U vaqtinchalik murabbiy sifatida bu vazifani bajarishga kirishgan. U bu vazifada yana uzoq qolishi ham mumkin. Chunki qolganlar «Real» taklifini qabul qilish uchun noqulay payt deya ko‘rmoqda.
Erkinjon G‘aybullayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nega dunyoning eng kuchli klubi o‘ziga murabbiy topa olmayapti?