20:30 / 06.11.2018
3 816

O‘zbekistonda sportni ommalashtirish uchun Xitoy tajribasidan foydalaniladi

O‘zbekistonda sportni ommalashtirish uchun Xitoy tajribasidan foydalaniladi
Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishda o‘zaro tajriba almashish, sport meditsinasi va soha mutaxassislarini tayyorlash kabi yo‘nalishlardagi aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tadbirda so‘z olgan Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev prezident tomonidan yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, ushbu yo‘nalishda Xitoy tajribasini o‘rganish bo‘yicha qat’iy vazifalar berilganini ta’kidlab, O‘zbekistonda sportni ommalashtirishning Milliy konsepsiyasini ishlab chiqishda Xitoy tajribasidan foydalanish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

“O‘zbekiston prezidenti tomonidan sportni rivojlantirish bo‘yicha aynan Xitoy tajribasini o‘rganish vazifasi berilganini xursandchilik bilan qabul qilgan edik. O‘zbek sportchilarining nufuzli xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari tahsinga sazovor. Xitoyda sportchilarni tayyorlash va sportni ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan loyihalar yaxshi natija bermoqda. Ushbu tajribalar bilan o‘rtoqlashish va O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyormiz”, dedi elchi Szyan Yan.

Yakunda tomonlar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida Sport meditsinasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish, Pekin sport universiteti bilan qo‘shma fakultetlar ochish, yengil atletika, suv sporti va qishki sport turlarida sportchilarni tayyorlash hamda ikki davlatning sport sohasi bo‘yicha boshqaruv organlari delegatsiyalari tashriflarini tashkil etish kabi masalalar bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib olishdi.

Bugungi kunda ommaviy jismoniy tarbiya Xitoyning davlat strategiyasi bo‘lib ulgurgan. Bu yo‘nalishda Umumxalq jismoniy tarbiya kuni ta’sis etishdan boshlab Davlat Kengashi tomonidan aholi o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning besh yillik rejasi rasmiy qabul qilingunigacha bo‘lgan uzoq yo‘l bosib o‘tilgan. Xitoyda har uchinchi kishi sport bilan shug‘ullansa, har beshinchi odam stol tennisi va badminton o‘ynaydi. Jismoniy tarbiya va sportga Xitoyda iqtisodiyotning bir tarmog‘i sifatida qaralib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2000 yilda 10 mlrd AQSh dollar yoki 1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, prognozlarga ko‘ra 2020 yilga kelib 1,5 foizgacha oshadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonda sportni ommalashtirish uchun Xitoy tajribasidan foydalaniladi