00:32 / 26.12.2018
2 957

Kuper Osiyo Kubogiga nima uchun bitta hujumchi bilan bormoqda?

Kuper Osiyo Kubogiga nima uchun bitta hujumchi bilan bormoqda?
Ektor Kuper O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo Kubogiga boradigan yakuniy tarkibini e’lon qildi. Argentinalik mutaxassis 23 nafar futbolchini ajratib oldi.

Kengaytirilgan ro‘yxatdan Javohir Ilyosov, Dilshod Rahmatullayev, Jasurbek Yaxshiboyev hamda Ivan Nagayev tushib qoldi. Ivan Nagayev jarohat olganligi bois, janob Kuper BAAga bitta hujumchi bilan bormoqchi.

O‘FA rasmiy saytida Sardor Rashidov ham hujumchi qilib ko‘rsatilgan. To‘g‘ri, Rashidov oldingi chiziqda o‘ynay oladi. Lekin u asosan qanotda to‘p tepadi, ya’ni vinger. Eldor Shomurodov ham huddi shunday, lekin u yarim himoyachilar orasida qayd etilgan, hujumchi emas.

Balki Ektor Kuper BAA maydonlarida Sador Rashidovdan hujumchi sifatida foydalanar, ammo Marat Bikmayev turganda u oldingi chiziqda harakat qilmasa kerak.

Gapni indallosi, katta turnirga bitta hujumchi bilan borish muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki hujumchining vazifasini boshqa chiziq vakillariga qaraganda, hujumchilar yaxshi bilishadi. To‘g‘ri, bizda boshqa pichoqqa ilinadigan hujumchi bormi, deya so‘rashingiz mumkin. Lekin baribir katta turnir uchun ikkinchi raqamli hujumchi bo‘lsa ham olib ketilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Masalan, Temurxo‘ja Abduxoliqov. U avvalgi formasida bo‘lmasa-da, kerakli paytda yordami tegishi mumkin.

Qolaversa, Marat Bikmayev xarakter borasida maqtana olmaydi. Superligada Bikmayev ikki marta ikki o‘yinga tartibsizligi bois chetlatilganini barcha ko‘rdi. Boz ustiga jarohatlardan hech kim kafolatlanmagan (albatta, biz buni xohlamaymiz).

Darvozabonlar masalasida ortiqcha to‘xtalib o‘tishning hojati yo‘q. Eldor Suyunovning bu mavsumdagi statistikasi yaxshidir. Lekin kichik jarohati bor edi. Uning o‘rnini bosadiganlar yetarli.

Himoyaga Vitaliy Denisov chaqirilmadi. Bunga himoyachining mavsumni qanday o‘tkazgani sababdir.

Yarim himoya chizig‘i har doim bizning eng kuchli tomonimiz bo‘lib kelgan. Faqatgina Jasurbek Yaxshiboyevning tarkibga kiritilmagani dilni xira qildi. Bunda Kuperning aybi yo‘q. Ayb Shota Arveladzeda. U legionerlarning hisobiga umidli futbolchimizni zaxiraga o‘tkazib qo‘ydi. Balki Yaxshiboyev yulduzlik kasaliga uchragan deb shu yo‘lni tutgandir. Lekin har qanday murabbiy bunaqa xarakterli futbolchilarni o‘z yo‘rig‘iga solishi kerak. Buni ser Aleks Fergyuson misolida ko‘rganmiz. U har qanday yulduzni “qolip”ga solgan.

Darvoza, himoya va yarim himoya chiziqlarida tanlovlarimiz ko‘pligi va hujum nozik tomonimiz ekanligi bois doim u futbolchi kerak, bu o‘yinchi nega chaqirilmadi degan gap so‘zlar bo‘lgan va bo‘ladi ham. Yuqorida aytganimizdek, katta turnirlar oldidan, chempion bo‘lsak natijadan qoniqaman degan murabbiy bitta hujumchiga tayanib qolishi to‘g‘rimikan?

Shunday bo‘lsa-da, murabbiyning qarorini hurmat qilgan holda Osiyo Kubogida Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamizga omad tilaymiz. Natijaga murabbiy javob beradi. Aksi kuzatilsa, jurnalistlar va muxlislar katta sahnaga chiqishadi. Chunki milliy terma jamoa uchun barcha birdek qayg‘uradi!!!
Bekzod Isayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuper Osiyo Kubogiga nima uchun bitta hujumchi bilan bormoqda?