10:46 / 19.07.2020
2 596

"Paxtakor"ning 5 nafar futbolchisida koronavirus aniqlandi va ular izolyatsiya qilingan

"Paxtakor"ning 5 nafar futbolchisida koronavirus aniqlandi va ular izolyatsiya qilingan
Bizga ma’lum bo‘lishicha, "Paxtakor" jamoasining 5 futbolchisida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
Klub jamoani doimiy tibbiy nazoratdan o‘tkazish chog‘ida jamoa a’zolarining 5 nafarida koronavirus infeksiyasi mavjudligini aniqlagan va ularni tezda izolyatsiya qilgan.

Superliga jamoalari ichida "Paxtakor" doimiy tarzda karantin qoidalariga amal qilib, koronavirusga test topshirib, tibbiy nazoratni kuchaytirganiga qaramasdan jamoa a’zolarining 5 nafar vakilida ushbu infeksiya aniqlangan. Hozirda klubning barcha xodimlari, jamoa personallari va futbolchilari yana qo‘shimcha test topshirishgan. Mazkur test natijalari dushanba kuni chiqishi kutilmoqda.

"Paxtakor" klubi koronavirus aniqlangan 5 futbolchisini izolyatsiya qilib, barcha tibbiy vositalar, dori-darmonlar bilan ta’minlagan holda tibbiy nazoratda ushlab turibdi. "Paxtakor" AGMK bilan o‘yindan keyin mashg‘ulotlar o‘tkazmayapti va hozirda jamoaning boshqa a’zolari va xodimlarining qo‘shimcha test natijalarini kutmoqda.

Garchi saytimizga aynan kimlar koronavirusga chalingani haqidagi ma’lumotlar borligiga qaramasdan ismlarni oshkor qilmaslikni lozim topdik.

Eslatib o‘tamiz, Superliga 10-tur doirasida "Paxtakor" taqvimga ko‘ra Qo‘qonga safar qilishi va 23 iyul kuni "Qo‘qon-1912"ga qarshi bahsda maydonga tushishi lozim. Lekin katta ehtimol bilan bo‘lajak o‘yin qoldirilishi mumkin.

Umuman Superliganing 10-tur o‘yinlari o‘z vaqtida o‘tishi katta so‘roq ostida turibdi. Chunki "Paxtakor" jamoasi bilan o‘tgan tur o‘ynagan AGMK klubi vakillari ham endilikda koronavirusga test topshirishlariga va tibbiy tekshiruvdan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.

Bu esa taqvimdagi 22 iyul kuni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan AGMK - "Lokomotiv" o‘yinini ham kechiktirishi mumkin.
Bunga qadar tur oldidan Superliga jamoasi "Surxon"ning 2 futbolchisi koronavirusga chalingani haqida xabar berilgandi. O‘tgan turda esa "Buxoro" - "Bunyodkor" o‘yini oldidan "qaldirg‘ochlar" himoyachisi Islom Qobilovda koronavirus aniqlangani tufayli noma’lum muddatga qoldirilgandi.

"Paxtakor" jamoasining koronavirusga chalingan a’zolari, "Surxon" futbolchilari va boshqa mazkur infeksiya bilan og‘rigan bemorlarga sog‘lik tilab, tezda shifo topishlariga tilakdoshmiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor"ning 5 nafar futbolchisida koronavirus aniqlandi va ular izolyatsiya qilingan