09:00 / 18.11.2020
3 443

Bosh murabbiy Shomurodovdan xursand, lekin...

Bosh murabbiy Shomurodovdan xursand, lekin...
Eldor Shomurodov faoliyatidagi o‘ta mas’uliyatli va murakkab davrni boshdan o‘tkazmoqda. Shubhasiz, uning kuchli beshlik chempionatlaridan biri hisoblangan A Seriyaga ko‘chib o‘tishi o‘zbek futbolining muvaffaqiyatidir. Uni rivojlantirish mas’uliyati Eldorning yelkasidagi yuk.

Agar Shomurodov Italiyada yaxshi o‘ynab keta olsa, birinchi navbatda, o‘zining faoliyatida ko‘tarilishga, o‘sishga asos bo‘ladi. Bundan tashqari, legionerimizning Yevropadagi har qanday muvaffaqiyati o‘zbek futboli uchun yaxshigina reklama. Terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqa olmaganidan keyin alohida futbolchilarning kuchli ligadagi o‘yinlari orqali futbolimiz va o‘yinchilarimizga xorijliklarning e’tiborini tortishdan umid qilib qolaveramiz. Futbolda bunga misollar juda ko‘p. Futbol ishqibozlari ayrim mamlakatlardan oldin ularning Yevropada o‘ynayotgan yulduz futbolchilarini tanigani bor gap.

“Jenoa” Shomurodovni katta umidlar bilan olgani genuyaliklarning futbolchi transferi uchun katta summa to‘laganidan ma’lum. Ularda Mario Balotellidek jahon futbolida o‘zini ham ijobiy, ham salbiy tomondan ko‘rsata olgan hujumchini tekinga qo‘lga kiritish imkoni bor edi. Lekin Genuya klubi rahbariyati hujumchi ampluasiga o‘zbek yigitini taklif qilishni ma’qul ko‘rdi.

Hozircha, hujumchimiz A Seriyada to‘liq bo‘lmagan ikkita uchrashuv o‘tkazdi. “Verona”ga qarshi boshlang‘ich tarkibda bir soatdan ko‘proq o‘ynagan bo‘lsa, “Inter” bilan bellashuvda ikkinchi bo‘lim davomida bahsga qo‘shildi. Eng muhim palla – o‘zini ko‘rsatadigan uchrashuvlar oldidan hamyurtimiz kutilmaganda mashg‘ulotlarda jarohat olib, uch haftaga safdan chiqdi.

Jahon futbolida terma jamoalar o‘ynaydigan FIFA kunlari tufayli yuzaga kelgan qisqa tanaffus Eldorning foydasiga ishladi va u jarohatidan qutilib, umumiy guruhga qaytishga ulgurdi.

“Jenoa” rasmiy sayti Shomurodovning safga qaytgani bosh murabbiy Rolando Maranni xursand qilganiga alohida urg‘u berdi.

- Mister Maran har bir mashg‘ulotda futbolchilarning harakatini baholab boradi. Shomurodovning umumiy guruhga qaytishi bilan jamoaning hujum chizig‘idagi imkoniyatlarimiz ancha kengayadigan bo‘ldi. Hamma “Udineze” bilan bo‘ladigan o‘yinga tayyorlanmoqda, - deb yozadi genuyaliklar sayti.

Shomurodov safga qaytgani bilan asosiy tarkibga kirish uchun ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. “Jenoa”ning Eldordan boshqa maydonga tushgan barcha hujumchilari – Janluka Skamakka, Goran Pandev, Mattia Destro va Marko Pyatsa joriy mavsumda o‘z gollari hisobini ochib bo‘lgan.

Xuddi Eldor kabi yozgi transferlar vaqtida jamoa safiga qo‘shilgan Jaluka Skamakka hamyurtimizning asosiy raqobatchisi hisoblanadi. U genuyaliklar tarkibida to‘rtta uchrashuvda ikkita gol urdi. Bundan tashqari, Skamakka 21 yoshgacha bo‘lgan Italiya terma jamoasi safida ham to‘purarlik mahoratini namoyish qilmoqda. U Yevropa chempionatining saralash bosqichidagi oxirgi uchrashuvda Luksemburg darvozasiga ikkita gol urib, italiyaliklarni musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarilib olishiga munosib hissa qo‘shdi.

- Men faoliyatimning ayni paytdagi davridan mamnunman. Oyoqqa turib olganimga ishonaman. O‘yinimni kuchaytirib borishim kerakligini yaxshi bilaman. Yevropa chempionati saralashidan muvaffaqiyatli o‘tdik, bu juda muhim edi. “Jenoa”da ham o‘zimni yaxshi his qilyapman va mavsum davomida jamoaga yordam berishga tayyorman, - deydi Skamakka.

Bugungi kunda “Jenoa” hujum chizig‘ida Shomurodovdan tashqari Italiya, Shimoliy Makedoniya, Xorvatiya, Shvetsiya va Shveysariya futbolchilari jamlangan. Aksariyati o‘z mamlakatida turli yoshdagi va milliy terma jamoa o‘yinchilari hisoblanadi. Eldor Shomurodov ham O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy hujumchisi. Biz uni kuchli raqobatni yengib o‘tib, asosiy hujumchiga aylanib olishiga umid qilamiz. Har holda, Eldor buni “Rostov”da bir bor uddalagan va bu yog‘iga ham bo‘sh kelmaydi.

22 noyabr kuni safarda “Udineze”ga qarshi uchrashuvda Eldor Shomurodovdan samarali o‘yin kutib qolamiz...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bosh murabbiy Shomurodovdan xursand, lekin...