18:24 / 04.01.2021
1 186

O‘zbekistonning 2020 yilgi eng yaxshi sportchisi Tokio Olimpiadasiga bora oladimi?

O‘zbekistonning 2020 yilgi eng yaxshi sportchisi Tokio Olimpiadasiga bora oladimi?
Yurtimizda dzyudo sporti ham juda yaxshi rivojlangan. Har qanday yirik turnirlarda o‘zbekistonlik dzyudochilar munosib qatnashishga harakat qiladi. Shuning uchun ushbu sport turi rivojlangan Yaponiya, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Gruziya kabi mamlakat vakillari ham hamyurtlarimizni jiddiy raqib sifatida bilishadi.

Oldimizda to‘rt yillikning eng muhim turniri Tokio Olimpiadasi kutib turibdi. Mazkur musobaqaga yo‘llanma olish barcha dzyudochilarimizning bosh maqsadi hisoblanadi. Quvonarlisi, yurtdoshlarimiz barcha vazn toifasida reytingning litsenziyani qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan pog‘onalarni zabt etib turibdi. Ana shulardan biri 90 kg vazn toifasida ajoyib yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan, 2020 yilning “Eng yaxshi sportchi”si Davlatbek Bobonovdir.

Biz ushbu sportchimiz bilan faoliyati va kelajak rejalari borasida suhbat qurdik. Quyida, ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

- Assalomu alaykum. Avvalo, yil sportchisi bo‘lganligingiz bilan tabriklaymiz!
- Vo alaykum assalom. Assalomu alaykum. Katta rahmat!

- Hozirgi kunda eng dolzarb mavzu Tokio Olimpiadasi deb ayta olamiz. Ya’ni, litsenziyani nazarda tutmoqdaman?
- To‘g‘ri, hozirgi kundagi birinchi vazifa Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish bo‘lib turibdi. Buning uchun o‘ziga xos rejalar ishlab chiqilgan. Bir nechta masters turnirlari bor, ularda munosib ishtirok etish uchun xorijda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkaziladi. Hozir ham Qatar poytaxti Doxa shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida bo‘lib turibmiz.

Umuman olganda ikki nafar qiz va barcha vazn toifasidagi o‘g‘il bolalar reytingning litsenziya beruvchi zonasida turibdi. Agar, hozir yo‘llanma berish yakunlansa edi, O‘zbekiston terma jamoasi to‘liq tarkib bilan Olimpiadada ishtirok etardi. Biroq Olimpiadaga qadar, yana oltita musobaqamiz bor. Ularning dastlabkisi 11-13 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan Doxadagi masters turniridir. Undan so‘ng beshta musobaqa qoladi. Biz ushbu turnirlarda yaxshi qatnashib, o‘zimizga kerakli bo‘lgan qimmatli ochkolarni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.

- Hozirgi kunga kelib, reytingda necha ochko jamg‘argansiz?
- Olimpiya reytingida o‘z vazn toifamda 2689 ochko bilan 18 o‘rinda qayd etilganman.

- Aslida, reytingda nechanchi o‘rindagilar litsenziyani qo‘lga kiritadi?
- 22 o‘ringacha bo‘lganlar ushbu yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Yuqorida ta’kidlab o‘tdim, men 18 pog‘onadaman. Lekin yuqorida bir davlatdan ikki nafarlar ham borligini inobatga olsak, bormaydiganlarini hisobiga 14-o‘ringa ko‘tarilaman.

- 90 kg vazn toifasida jahonda juda kuchli raqiblar mavjud. Jumladan, Huseyn Xolmurzayev, Nikolas Sherazadashvili, Muhammadali Mexdiyev, Nemanya Majdov, Shaichiro Mukai va yana ko‘plab mohir dzyudochilar bor. Ularning qay birlari siz uchun noqulay raqib va kimlarni Tokio Olimpiadasi favoritlari safiga qo‘shgan bo‘lardingiz?
- Raqiblarni barchasini favoritlar safiga qo‘shgan bo‘lardim. Sanab o‘tganlaringiz va yana boshqa reytingda yuqori o‘rinlarni band etib turganlar bilan bahs yuritganman. Yutganman va mag‘lubiyatga ham uchraganman. Bir so‘z bilan aytganda hammasini o‘ziga yarasha noqulay tomonlari bor.

- Baribir har bir sportchini prinsipial raqibi bo‘ladi. Misol uchun Rishod Sobirovni Xiraoki Xiraoka va Arsen Galstyan yoki Abdulla Tangriyevni fransiyalik Teddi Rener, qirg‘izistonlik Yuriy Krakovetskiga qarshi to‘qnashuvlarini esalab o‘tishimiz mumkin. Sizda ham bordir?
- To‘g‘ri, shunaqa raqiblar bo‘ladi. Misol uchun, vengriyalik Kristian Tot va ispaniyalik Nikolas Sherazadashvilini shunday raqiblarim qatoriga qo‘shishim mumkin. Ular bilan hamma musobaqalarda medallar uchun kurashish bosqichida to‘qnash kelamiz. Ammo ularga qarshi tayyorlanib borib, dastlabki bosqichlarda boshqa raqiblarga yutqazib qo‘yish ehtimoli ham bor. Shuning uchun barcha raqiblarga jiddiy qarash lozim.

- O‘zbek dzyudosining rivojida baribir o‘zbek milliy kurashining ham o‘rni bor. Demoqchimanki, o‘zbek kurashida toblangan ko‘plab, hamyurtlarimiz dzyudoda ham muvaffaqiyatlarga erishgan. Siz ham avval milliy kurash bilan shug‘ullanganmidingiz?
- Albatta, o‘zbek dzyudosining rivojida milliy kurashimizning ham o‘rni bor. Hozirgi terma jamoada ham faoliyatini milliy kurashda boshlaganlar bor. Lekin men Samarqand olimpiya zahiralari kollejida dzyudo bo‘yicha shug‘ullanishni boshlaganman.

- Samarqand haqida aytib o‘tdingiz. Ushbu viloyatda kurash turlari juda yaxshi rivojlangan. Bunga sabab nima?
- Bu borada Samarqand olimpiya zahiralari kolleji muhim o‘rin tutadi. Bu dargohda kurash turlari juda yaxshi rivojlangan va sharoitlar ham a’lo darajada. Shuningdek, tajribali murabbiylarning mehnatini ham aytib o‘tgan bo‘lardim.

- Sharoitlar haqida ham so‘z yuritdingiz, dzyudo federatsiyasi rahbariyati yangilandi va yangi rahbariyat sizlarga qanday qulayliklarni yaratib bermoqda?
- Albatta, yangi rahbariyat kelganiga ham bir yildan oshdi. Hozirda terma jamoa uchun federatsiya tomonidan ajoyib, havas qilgulik darajada shart-sharoitlar yaratilgan. O‘ziga xos rag‘batlantirish, moliyaviy jihat, barcha qulayliklarga ega zallarni aytishim mumkin. Xullas, barchasi a’lo darajada.

- Terma jamoa murabbiyi haqida ham fikringizni bildirib o‘tsangiz. Ya’ni, Ilias Iliadis qanday murabbiy? Odatda, terma jamoani boshqarish uchun kuchli psixolog bo‘lishi zarur. Unda bu xislat qanday rivojlangan?
- U juda tajribali murabbiy. Tajribaligi shundaki, u o‘z vaqtida kuchli sportchi bo‘lgan. Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasiga kelishdan avval, Chechenistonda ikki yil faoliyat yuritdi. U ajoyib ruhshunos va motivator. Uning o‘zi bizga namuna bo‘lib, bizdan-da ko‘proq mashg‘ulotlarni o‘tkazadi. U mashg‘ulotlar vaqtida murabbiy, undan tashqarida esa o‘zini do‘stingiz kabi tutadi. Musobaqalarda murabbiy sifatida Iliadisning o‘tirishi ham juda katta motivatsiya beradi.

- Yanglishmasam, Iliadisning o‘zi ham sportchilik faoliyatida 90 va 100 kgda tatamiga chiqqan. Shu nuqtai nazardan uning siz bilan ishlashi yanada qulay bo‘lsa kerak. Ehtimol, sparring ham tushib ko‘rgandirsizlar. Shunday bo‘lsa, u hali ham yaxshi formadami? :)
- To‘g‘ri, u ham shu vazn toifalarida kurashgan. Albatta, mashg‘ulotlarda birgalikda ko‘p ishlaymiz. Baribir avvalgi Iliadis bo‘lmasa ham, yoshiga nisbatan juda yuqori jismoniy holatga ega.

- Iliadis sizlar kutmagan, noodatiy qanday mashg‘ulotlarni olib kira oldi?
- Kuch va jismoniy holatga bog‘liq biz kutmagan mashg‘ulotlar jarayonini olib kirdi. Buning natijasi bizga juda ham sezilmoqda. Karantin vaqtida ham bizga ko‘rsatmalar berib, juda qattiq nazorat qildi.U o‘z ishiga juda mas’uliyatli inson.

- Umuman olganda siz o‘zbek dzyudochilaridan kimlarga havas qilardingiz?
- Rishod aka Sobirovga yoshligimdan havas qilardim. U nafaqat O‘zbekistonda, balki butunjahon dzyudosining afsonasi hisoblanadi.

- Faoliyatingizni faqat dzyudo bilan bog‘laganmisiz yoki vaqti kelib, MMAda ham o‘zingizni sinab ko‘rishingiz mumkinmi? Chunki, MMA olamida ham ko‘p dzyudo vakillari o‘z janglarini o‘tkazadi. Qolaversa, bu yakkakurash turi bilan "parter"da yaxshi natijalar qayd etish mumkin?
- Hozircha butun diqqat e’tiborimni dzyudoga qaratganman. Bosh maqsadim Olimpiadada ijobiy natija qayd etish. Faoliyatimni boshlaganimdan buyon, oila bilan doim birga bo‘lishdan, do‘stlar davrasida yurishdan voz kechib, shu Olimpiadaga qadar bo‘lgan bosqichni bosib o‘tdik. Endi, Tokioda ham o‘zimizni ko‘rsatishimiz lozim. Shuning uchun boshqa sport turlarini o‘ylaganimiz yo‘q.

- Necha marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘lgansiz, umuman qaysi turnirlarda g‘olib va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgandingiz?
- To‘rt marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Hindistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida birinchi o‘rin, Berlinda o‘tgan Germaniya ochiq kubogida birinchi o‘rin, Bokuda tashkil etilgan “Islom birdamlik o‘yinlari”da uchinchi o‘rin, Osaka katta dubulg‘a turnirida ikkinchi o‘rin, Toshkent Gran-Prisida birinchi o‘rin, Dyuseldorf katta dubulg‘a turniri g‘olibligini qo‘lga kiritganman.

- 90 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik yana qaysi dzyudochilarni kelajagi porloq deya e’tirof etgan bo‘lardingiz?
- O‘zimni yaqin do‘stlarimdan biri Shermuhammad Jandriyevni aytib o‘tishim mumkin. U kelajakda juda yaxshi natijalar qayd eta olishiga ishonaman.

- Mazmunli suhbat uchun rahmat. O‘ylaymizki, bizni Tokioda ham xursand qila olasiz!
- E’tibor uchun rahmat. Bizni faoliyatimizga befarq bo‘lmaganlarga va qo‘llab-quvvatlab turgan xalqimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Albatta, yaxshi natijalar bilan ularni xursand qilishga harakat qilamiz.

Ahmadbek Eshmatov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)