13:30 / 01.02.2021
2 196

Shomurodovning shashti baland yoxud uni katta sinovlar kutmoqda!

Shomurodovning shashti baland yoxud uni katta sinovlar kutmoqda!
A Seriyaning 20-turidan o‘rin olgan “Krotone” va “Jenoa” o‘rtasidagi uchrashuv Eldor Shomurodov jamoasi uchun omadli keldi. Raqib maydonida autsayder jamoa ustidan yirik hisobda zafar quchgan Davide Ballardini shogirdlari xavfli hududdan olti ochkoga uzoqlashdi. “Jenoa” borgan sari autsaylerlar safidan chiqib, sekin-asta liganing o‘rtamiyona jamoalari qatoriga kirib bormoqda.

Davide Ballardini bu o‘yinda ham, ilk daqiqalardan hujumda Eldor Shomurodov va Mattia Destro tandemiga ishonch bildirdi. Keyin paytda o‘zbekistonlik hujumchi sherigiga golli vaziyatlar yaratib berishi va Destro gol urishi “Jenoa”ning ustun jihatiga aylanib bormoqda. Bu holat muxlislarning e’tiboridan ham chetda qolgani yo‘q. Ular bu borada quyidagicha fikr bildirdi.

Peppe Paesano:
Shomurodovning ko‘p gol urmayotgani uning orqaroqdan hujum tashkil etishga e’tibor qaratayotgani bilan bog‘liq.

Giovanni Cinque:
Hujumchilarimizning o‘yini tobora qiziqarli ko‘rinish olmoqda. Shomurodov va Destro asosiy forvardlarga aylanib bo‘ldi. Destro muhim gollarni urmoqda, lekin unga qulay vaziyatlarni Shomurodov yaratib berayotganini unutmang!

Darhaqiqat, Shomurodov har bir uchrashuvda golli vaziyatlar yarata olayotgani tufayli ichki raqobatda jamoa yulduzi Goran Pandev va yosh iste’dod egasi Janluka Skamakkani zaxira o‘rindig‘iga o‘tqizib qo‘ydi.

“Krotone”ga qarshi bahsdagi birinchi gol ham Shomurodovning harakatlari samarasi bo‘ldi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Eldor Shomurodov raqib maydonida to‘pni egallab oldi va golli vaziyat yaratdi. Ikkinchi qavatdagi kurashda raqibini yenggan Eldor, Mattia Destroga aniq pas oshirdi. Mattia to‘pni qulay vaziyatda turgan Mixa Zaysga uzatdi. Undan qaytgan to‘pga birinchi kelgan Destroning o‘zi hisobni ochdi.

Qolgan ikki golda Shomurodov bevosita ishtirok etmagan bo‘lsa-da, himoyachilarni chalg‘itdi. Lennart Chiborra gol urgan vaziyatda o‘zbek legioneri hujum markaziga o‘tib, raqib e’tiborini o‘ziga tortdi. Destro ikkinchi golini urgan pallada, Shomurodov ham chap qanotdan hujumga qo‘shilishga shay turgandi.

Shomurodov shu kuni maydonda 61 daqiqa harakat qildi. Autsayderga qarshi bahsda yirik hisobda oldinda borayotgan jamoa yetakchilarini avaylash maqsadida Davide Ballardini Eldor Shomurodov, Mixa Zays, Davide Dzappakosta, Matia Destro hamda Kevin Strortmanni zaxiraga oldi.

Tan olish kerakki, Eldor Shomurodov golli vaziyatda ishtirok etganiga qaramay, o‘zidan kutilgan darajada faol o‘ynay olmadi. Qulay vaziyatda darvozani ishg‘ol qilolmadi. Shunga qaramay, hamyurtimiz bosh murabbiy tomonidan o‘ziga yuklatilgan vazifani uddalab kelmoqda va shuning uchun ham har bir uchrashuvni boshlang‘ich tarkibda boshlayapti. Shomurodovning bu galgi o‘yini 6,6 ballga loyiq ko‘rildi.

“Krotone”ni 3:0 hisobida mag‘lub etgan “Jenoa” ochkolari sonini 21 taga yetkazib, 14 pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Navbatdagi turda genuyaliklarni jiddiy sinov kutmoqda. Eldor Shomurodov jamoasi 6 fevral kuni bo‘ladigan 21-tur bahsida “Napoli” futbolchilarini qabul qiladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan tungi 00:45 da boshlanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)