20:30 / 27.06.2021
2 051

Manba: O‘zbekiston milliy jamoasiga germaniyalik murabbiy kelishi mumkin

Manba: O‘zbekiston milliy jamoasiga germaniyalik murabbiy kelishi mumkin

Ma’lum bo‘lishicha, 2003-04 yillarda O‘zbekiston milliy jamoasida avvaliga bosh murabbiy yordamchisi, keyinchalik bosh murabbiy bo‘lib ishlagan germaniyalik Hans-Yurgen Gyode O‘zbekistonga qaytishi mumkin. U ayni damda Vetnam milliy jamoasida texnik direktor bo‘lib ishlamoqda. Mutaxassis 2016 yildan buyon Vetnamning turli yosh toifasidagi jamoalarida texnik direktor bo‘lib ishlab keladi va mamlakat futboli rivojida uning o‘rni katta ekanini aytiladi.

Gyode O‘zbekistonga ham texnik direktor bo‘lib kelishi mumkin. Ya’ni, u O‘FA qoshidagi terma jamoalar markazini boshqarishi mumkin. Tribuna.uz manbasiga ko‘ra Gyode O‘zbekistonga qaytish variantiga qiziqish bildirgan va o‘zi bilan milliy jamoaga bosh murabbiy sifatida germaniyalik murabbiy olib borishi mumkinligini aytgan. Hozircha tomonlar kelishuvga erishmagan va tez orada milliy jamoaga bosh murabbiy tayinlanishi inobatga olinsa, bu borada yangilik kutish mumkin.

1956 yil tug‘ilgan Hans-Yurgen Gyode futbolchilik faoliyati davomida «Shalke», «Preuben» va «Fortuna» jamoalarida o‘ynagan. Murabbiylik faoliyatini esa Gyode asosan Osiyoda olib borgan. U 1994-98 yillarda «Persepolis» va Eron yoshlar jamoasida bosh murabbiy, Eron milliy jamoasida texnik direktor bo‘lib ishlagan. 2003-04 yillarda O‘zbekiston milliy jamoasida bosh murabbiy yordamchisi va bosh murabbiy bo‘lib ishlagan.

Ma’lumot uchun, Vadim Abramov JCH-2022 saralashidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin iste’foga chiqarilgan va yaqin 1-1,5 oy ichida milliy jamoaga yangi murabbiy tayinlanishi aytilgan edi. O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov keyinchalik yana bahonalar bo‘lmasligi uchun yevropalik murabbiylar varianti ko‘rilishini alohida ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston milliy jamoasi kelasi yil fevraldan Osiyo kubogi-2023 saralash o‘yinlarini boshlaydi. 1 iyul kuni ushbu o‘yinlarga qur’a tashlash marosimi o‘tkaziladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Manba: O‘zbekiston milliy jamoasiga germaniyalik murabbiy kelishi mumkin