11:10 / 20.08.2021
2 019

Eldor Shomurodov: Golim juda muhim, Mourino bilan muloqotda muammom bor!

Eldor Shomurodov: Golim juda muhim, Mourino bilan muloqotda muammom bor!
Eldor Shomurodov UYEFA Konferensiya ligasi pley-off bosqichidagi dastlabki uchrashuvda “Roma”ning g‘alabasini ta’minladi.

O‘tgan mavsumda A Seriyada yettinchi o‘rinni egallagani uchun UYEFAning uchinchi darajali xalqaro turnirida Italiya sharafini himoya qilayotgan “Roma” o‘zining birinchi uchrashuvida ancha jiddiy raqib – “Trabzonspor” jamoasiga ro‘baro‘ keldi.

Sir emaski, Yevropaning har qanday jamoasi Turkiya klublariga qarshi safar uchrashuvida jiddiy qarshilik va katta bosimga duch keladi. Turkiyada o‘ynash og‘ir. Rimliklarga ham Trabzon shahri mezbonlik qilgan bellashuvda o‘z o‘yinini ko‘rsatish oson bo‘lgani yo‘q.

Shunga qaramay, hisobni rimliklar futbolchisi Lorenso Pellegrini 55-daqiqada ochdi. U Genrix Mxitaryan oshirgan to‘pni bir harakat bilan darvoza to‘riga joyladi.

O‘z muxlislari ko‘z o‘ngida yengilishni istamagan mezbonlar vaziyatni o‘nglash uchun hujumga e’tibor qaratdi va oradan to‘qqiz daqiqa o‘tib, bu o‘z samarasini berdi. Rimliklarning himoyadagi xatosidan unumli foydalangan Andreas Kornelius hisobni tenglashtirdi.

Bahsning 81-daqiqasida “Trabzonspor” jamoasining stadioni larzaga keldi. Darvoza ustunidan qaytgan to‘pni Eldor Shomurodov chaqqonlik bilan mezbonlar darvozasiga joyladi va “Roma”ning 2:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

Uchrashuvdan so‘ng, Italiya futbolini yoritishga ixtisoslashgan Calciomercato nashri hamyurtimizning rasmiy debyut uchrashuvdagi taassurotlarini omma e’tiboriga havola qildi.

- Men baxtiyorman, chunki men urgan gol jamoamiz uchun juda muhim bo‘lib chiqdi. Menda Joze Mourino bilan muloqot qilishda muammo bor. Chunki men italyanchada yaxshi gapira olmayman. Lekin biz maydonda bir-birimizni tushunyapmiz. O‘ylaymanki, kelajakda Temmi Abraxam bilan juftlikda yaxshi o‘yin ko‘rsata olamiz, - dedi Eldor Shomurodov Calciomercato nashriga.

Shuningdek, Shomurodov urgan golini kuni kecha tavallud ayomini nishonlagan buvisiga bag‘ishlaganini ham aytdi.

Eldor Shomurodov haqiqiy to‘purarlik mahoratini o‘tgan mavsumning oxirida “Jenoa”da boshlagan edi. O‘shanda oxirgi oltita uchrashuvda beshta gol urgan hamyurtimiz mavsumlar oralig‘idagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham maydonni golsiz tark etgani yo‘q.

Xususan, Shomurodov “Roma”ga o‘tishdan oldin “Jenoa” tarkibida Avstriyada tashkil etilgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida “Shtubay” va “Vakker Insbruk” jamoalari darvozasini ishg‘ol qilgan edi.

“Roma” tarkibida esa ancha jiddiy raqiblar – “Betis” va “Raja Kasablanka” jamoalariga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlarida ham legionerimiz o‘z hisobiga ikkita gol va bitta golli uzatma yozdirib qo‘ydi va Joze Mourino ishonchini oqladi.

Mana endi Shomurodov rasmiy debyutini ham jamoasiga qimmatli g‘alaba keltirgan gol bilan nishonladi. Eldorning goli “Roma”ga javob uchrashuvidan oldin katta ustunlik taqdim etgani bilan ahamiyatlidir. Rim klubi 26 avgust kunga belgilangan ikkinchi bahsda “Trabzonspor”ni “Olimpiko” stadionida qabul qiladi.

Ungacha “Roma” A Seriyadagi ishtirokini ham boshlaydi. Joze Mourino shogirdlari 22 avgustga belgilangan birinchi tur bahsda o‘z maydonida “Fiorentina” futbolchilari bilan kuch sinashadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov: Golim juda muhim, Mourino bilan muloqotda muammom bor!