23:05 / 25.09.2021
1 997

Baxtiyor Ashurmatov: "Qanaqa feyr-pley? Maydon shifoxonaga aylanib ketdi"

Baxtiyor Ashurmatov: "Qanaqa feyr-pley? Maydon shifoxonaga aylanib ketdi"
Superliganing 20-turidan o‘rin olgan "Qo‘qon-1912" – "Andijon" (1:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov o‘z fikrlarini bildirdi.

"Juda asabiy bahs bo‘ldi. O‘yinga baho bersak, eng bo‘sh o‘yinlarimizdan biri bo‘ldi deyish mumkin. To‘g‘ri, ko‘p yakkakurashlarga kirishildi, yigitlar oxirigacha kurashishdi, ammo vaziyatlar yaratish bo‘yicha oqsadik. Muxlislarga ma’qul keladigan o‘yin ko‘rsatolmadik. Muxlislar bizni qo‘llab-quvvatlaganliklari bois so‘nggi soniyalargacha kurashdik. Xudoga shukrki, hech bo‘lmasa durangga erishdik. Agar biz bugun mag‘lubiyatga uchraganimizda, ortiqcha gap-so‘zlar ko‘payishi mumkin edi. Shu bois natijadan mamnunman.

G‘alaba qozonish yo‘lida 2 ta hujumchi bilan o‘ynadik. Tarkib bo‘yicha adashdik deyishim qiyin. Birinchi taymda katta ustunlikka ega bo‘ldik, ammo vaziyatlardan foydalana bilmadik. Gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin katta tavakkalga qo‘l urdik, chunki 4 ta hujumchi bilan o‘ynadik. "Andijon" ikkinchi golni urib ketishi ham mumkin edi.

Avaz Mamatxo‘jayevda oxirgi vaqtlarda o‘yin amaliyoti kamligi tufayli o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynashiga rozi bo‘ldik. Lekin afsuski, qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi. Shuning uchun o‘tgan o‘yinda ko‘rinmadi, bugungi o‘yinga esa tayyor emasdi. Murod Xolmuhammedovga kelsak, uning yo‘qligi biz uchun katta yo‘qotish. Uning o‘rnini to‘ldirolmayapmiz. Qaytishini intizorlik bilan kutyapmiz Lukich stabil o‘yin namoyish qilolmayapti. O‘ylaymanki, Xolmuhammedov keyingi o‘yinlarga qaytadi.

To‘p nazorati bo‘yicha ustunlik qildik, bunga 100% aminman. "Andijon" qarshi hujumga o‘tishga urindi, lekin baribir nisbatan biz ustun edik, ayniqsa, birinchi taymda. Umuman, birinchi raqamli jamoa sifatida o‘ynadik.

Hakamlar vazifalarini yaxshi udallashdi. Men ularning qaroriga e’tiroz bildirganimga sabab ikki marta raqib o‘yin qoidasini buzganda, to‘p bizda saqlanib qolgandi va hujumga o‘tayotgandik, ular esa o‘yinni to‘xtatishdi. Jarima zarbasini to‘pni ortga qaytarib, qaytadan amalga oshirishga majbur bo‘ldik.

Qanaqa feyr-pley? Maydon shifoxonaga aylanib ketdi. Bitta emas, to‘rttalab futbolchi maydonda yotib oldi. Suhrob Berdiyev tepgan to‘pidan keyin zarba unchalik kuchli chiqmadi, lekin boshiga to‘p tekkan raqib futbolchisi uch daqiqa yotibdi. Afsuski, bu O‘zbekiston futbolining bir qismiga, g‘alaba qozonishning bir uslubiga aylanib qoldi. Bu yaxshi emas. Rostan ham biror o‘yinchiga tibbiy yordam zarur bo‘lsa, feyr-pleyga amal qilinadi, biroq bunaqa vaziyatlarda emas.

Uch ochko ishlashni maqsad qilgandik, ammo nursiz o‘yinimizni inobatga olsak, bir ochkodan xursandmiz. Muxlislarga ham rahmat. Ular bizni olqishlar ostida kuzatib qo‘yishdi", – dedi qo‘qonliklar ustozi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Baxtiyor Ashurmatov: "Qanaqa feyr-pley? Maydon shifoxonaga aylanib ketdi"