Sun’iy intellekt inson qilishi mumkin bo‘lgan ko‘p vazifalarni bajara olyapti va bu odamlarning ish o‘rinlarini yo‘qotishlariga ham sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, taksilar, yuk mashinalari haydovchisiz ham boshqarilishi, kassalarda hisobchilar bo‘lmasligi, jarrohlik operatsiyalarini ham odam emas, robotlar qila olishi mumkin. Natijada esa, albatta, kimdir ishsiz qolishi ehtimoli bor.
Jahon iqtisodiy forumining kelajak ish o‘rinlari haqidagi hisobotiga ko‘ra, keyingi besh yilda hozir mavjud ish o‘rinlarining 23 foizi o‘zgarishga uchraydi: 69 mln ish o‘rni yaratilishi, 83 mln ish o‘rni esa yo‘q bo‘lib ketishi kutilyapti. Bu global miqyosda ish o‘rinlarining 14 mlni, ya’ni 2 foizi yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini anglatadi.
Qisqaradigan ish o‘rinlari, kasblarning yo‘qolib ketishiga sun’iy intellekt, ilg‘or texnologiyalar xodimlar bajaradigan vazifalarni qila boshlagach, inson mehnatiga hojat qolmasligi sabab bo‘ladi.
Masalan, sun’iy intellekt namunasi bo‘lgan ChatGPT AQShda 4,8 mln ish o‘rnini egallashi prognoz qilinyapti.
Yo‘qolib ketish xavfidagi kasblar
ChatGPT va shunga o‘xshash sun’iy intellekt ishlanmalari sabab quyidagi kasblar to‘liq yoki qisman yo‘qolib ketish xavfida:
- texnik vakansiyalar (koderlar, dasturchilar, dasturiy ta’minot muhandislari, ma’lumotlar tahlilchilari);
- ommaviy axborot vositalaridagi ish o‘rinlari (bosh direktor, muharrirlar, jurnalistlar);
- yuridik sohadagi ish o‘rinlari (parayurist, yurist yordamchisi);
- marketologlar;
- o‘qituvchilar;
- moliyaviy ish o‘rinlari (moliyaviy tahlilchilar, shaxsiy moliyaviy maslahatchilar);
- treyderlar;
- grafik dizaynerlar;
- buxgalterlar;
- qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimlari.
Eskisi yo‘qolib yangisi yaratiladi
Lekin sun’iy intellekt yomon va qo‘rqish kerak bo‘lgan narsa emas. Goldman Sachs xalqaro banki tahlillariga ko‘ra, sun’iy intellekt sabab hozir mavjud bo‘lgan 300 mln ish o‘rni yo‘qolib ketishi yoki ma’lum qisqarishlarga uchrashi mumkin. Garchi ish o‘rinlari qisqarsa-da, ish tizimlarida avtomatlashtirish kuchayishi innovatsiyalarga sabab bo‘ladi. Kompaniyalar sun’iy intellekt sabab pullarini tejaydi va uni bizneslarini rivojlantirishga sarflaydi. Oqibatda, global miqyosda YaIM 7 foizga oshishi mumkin.
Sun’iy intellekt rivojlanib borishi xuddi oldingi davrdagi texnologiyalar va kompyuterlar taraqqiyoti bilan solishtirilmoqda. Dunyo og‘ir va katta kompyuterlardan zamonaviy texnologiyalarga o‘tdi. Xuddi, shuningdek, sun’iy intellekt ham dunyoni o‘zgartiradigan sur’atlarda o‘sadi.
Buning ta’sirida qaysidir kasblar yo‘qolib yangilari paydo bo‘ladi. Ishchilar esa doimiy ravishda o‘z ustilarida ishlashlariga to‘g‘ri keladi. Masalan, hozir dunyodagi ishchilarning 60 foizi 1940 yillarda mavjud bo‘lmagan kasblarni egallashgan. Lekin yana bir tadqiqot 1980 yildan beri texnologik o‘zgarishlar yangi ish o‘rni yaratishdan ko‘ra ko‘proq eskilari yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lganini qayd etadi.
Agar sun’iy intellekt taraqqiyoti ham oldingi texnologiyalar rivojlanishi bilan bir xil oqimda kechsa, uning rivojlanishi yaqin kelajakda ish o‘rinlari qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Resolution Foundation tahlil markazi bosh ijrochi direktori Torsten Bellga ko‘ra, hozircha sun’iy intellektning uzoq muddatda ish o‘rinlariga ko‘rsatadigan ta’siri noaniq. "Hamma prognozlarni "bir chimdim tuz kabi" qabul qilib qo‘yaverish kerak".
Jabr ko‘ruvchi qatlam
Lekin yana bir xavotirli tomoni avtomatlashgan texnologiyalar, sun’iy intellekt rivoji sabab yaxshi ta’lim ko‘rgan kadrlar ishini yo‘qotmasliklari mumkin bo‘lsa-da, oddiy ishchilarga bu taraqqiyot yomon ta’sir qilishi mumkin.
Masalan, AQShda oxirgi 40 yilda texnologiyalarning avtomatlashtirilishi jarayoni daromadlar tengsizligining asosiy sababi bo‘lgan.
Sun’iy intellekt, robototexnika, ilg‘or texnologiyalar rivoji daromadlar tengsizligida katta jarlik paydo bo‘lishiga sabab bo‘lyapti. O‘rta ta’lim ko‘rganlar, qo‘l mehnatini bajaruvchilar va umuman ta’lim ko‘rmagan ishchilar maoshi texnologiyalar sabab pasaygan bo‘lsa, yuqori ta’lim olgan xodimlar daromadlarida o‘sish kuzatilyapti.
Sababi odatiy qilish mumkin bo‘lgan ishlarni turli raqamli boshqariladigan mashinalar, sanoat robotlari, dasturiy ta’minotlar eplay olyapti.
Yuk mashinalari va taksi haydovchilari, hisobchilar, zavod va fabrika ishchilari o‘rnini robotlar va texnologiyalar egallayapti. Haydovchisiz mashinalar, sotuvchisiz do‘konlar, kiosklar kabilarning rivojlanishi kam maoshli ish o‘rinlari yo‘q bo‘lib borishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, sun’iy intellekt onlayn operator bo‘lib sizning savollaringizga javob bera olishi mumkin. Yoki chatbot orqali ham savollarga onlayn javob olish mumkin. Sun’iy intellekt saraton va boshqa kasalliklarga diagnoz qo‘yishda ham yordam beradi. Banklar ham turli o‘g‘riliklar sodir bo‘lmasligi uchun murakkab dasturlardan foydalanishadi. Sun’iy intellekt haydovchisiz mashinalarni ham, ish ilovalarini ham, yangiliklar lentalarini ham egallab oladi.
O‘z navbatida sun’iy intellekt juda ko‘p kasblarga ta’sir qilishi yoki ularni o‘zgartirishi, yangi kasblar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi kutilyapti. Endi xodimlar o‘z ishlariga sun’iy intellekt ta’sir ko‘rsatishiga ham tayyorlanishi kerak. Hozircha rivojlangan davlatlarda ham xodimlar bunga tayyor emas. Xitoyda 50 mlndan ortiq ishchilar, AQShda esa 11,5 mln xodim, Germaniya, Braziliya va Yaponiyada ham millionlab xodimlar sun’iy intellekt bilan ishlash uchun kerakli ko‘nikmalarini o‘rganishi zarur.
Kelajak qanday bo‘ladi?
Shifoxonalar professional va malakali jarrohlar o‘rniga inson ko‘zi ilg‘amaydigan mayda elementlargacha ko‘ra oladigan, saraton hujayralarini aniqroq ilg‘ay oladigan robot jarrohlarni, robot shifokorlarni ishlata boshlashi mumkin.
Sun’iy intellekt o‘zi dasturlar ham yozishi, bu esa boshlang‘ich darajadagi kod yozadigan dasturchilarni ishsiz qoldirishi mumkin.
Qolaversa, robotlashtirilgan oshxonalar, avtomatlashtirilgan kassalarning ommalashishi ovqatlanish joylaridagi oddiy xodimlarning ish o‘rinlarini yo‘qotishlariga olib keladi. Kafe va restoran egalari odamlarga maosh to‘lashga nisbatan avtomat tizimlarga kamroq xarajat qilishadi va ko‘proq shuni ma’qul ko‘ra boshlashlari mumkin. Yoki treyderlarning o‘rniga ham ularning ishini turli dasturlar bajarib qo‘yishi mumkin. Xullas, bu jarayon turli sohalarda turlicha davom etishi mumkin.
Ish o‘rnini yo‘qotmaslik uchun esa faqat yuqori malakali kadr bo‘lish, ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellekt bilan ishlashni o‘rganish talab etiladi. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring