Xalqaro ilmiy jamoa tibbiyot sohasi uchun inqilobiy ahamiyatga ega bo‘lgan yangi texnologiyani taqdim etdi. Olimlar inson salomatligida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli kasalliklar xavfini uzoq muddat oldindan bashorat qila oladigan sun’iy intellekt modelini ishlab chiqishdi. Delphi-2M deb nomlangan mazkur tizim mingdan ziyod kasallik turlarini tahlil qilib, ba’zan muammolarni 10-yil oldindan ko‘rsatib berishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Modelning ishlash prinsipi shifokor yozuvlari, shifoxonada yig‘ilgan ma’lumotlar va inson turmush tarzi omillari (masalan, chekish odati, ovqatlanish tartibi, jismoniy harakat darajasi)ni birlashtirish orqali amalga oshadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, Delphi-2M meteorologik ob-havo prognozi kabi ehtimoliy xulosalar asosida salomatlikdagi xavflarni ko‘rsatib beradi.
Ushbu sun’iy intellekt dastlab Buyuk Britaniyadagi UK Biobank ma’lumotlari (400 mingdan ziyod ishtirokchi)da o‘qitildi. Keyinchalik esa Daniyaning milliy sog‘liqni saqlash tizimidagi 1,9 milliondan ziyod fuqaro ma’lumotlari bilan tekshiruvdan o‘tkazildi. Tadqiqot natijalari Delphi-2M yurak xuruji, diabet va sepsis kabi xavfli kasalliklarni yuqori samaradorlik bilan aniqlashini ko‘rsatdi. Biroq, tasodifiy infeksiyalarni bashorat qilishda uning imkoniyatlari hali cheklangani qayd etildi.
Olimlar fikricha, bu texnologiya kelgusida tibbiyot amaliyotini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Shifokorlar sun’iy intellekt yordamida bemorlarga individual maslahat berishi, xavfni pasaytirish uchun turmush tarzida o‘zgarishlarni tavsiya qilishi yoki zarur hollarda oldindan davolash choralarini ko‘rishi mumkin. Shuningdek, butun sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham katta ahamiyat kasb etadi, chunki kasalliklar tarqalish tendensiyalarini oldindan hisoblash va shifoxonalar yuklamasini rejalashtirish imkoni yaratiladi.
Loyiha Germaniyaning Saratonga qarshi tadqiqot markazi (DKFZ), Yevropa molekulyar biologiya laboratoriyasi hamda Kopengagen universiteti olimlari hamkorligida amalga oshirildi. Tadqiqot natijalari nufuzli xalqaro ilmiy nashr — Nature jurnalida e’lon qilindi.
Mutaxassislar kelgusida modelni yanada takomillashtirish maqsadida unga genetik ma’lumotlar, qon tahlillari va tibbiy tasvirlar bazasini ham qo‘shishni rejalashtirishgan. Shu bilan birga, turli yosh guruhlarini qamrab oladigan yanada yirik klinik ma’lumotlar bilan ishlash yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!